Bezgak kasalligi – umumjahon muammosi

Bezgak kasalligi o‘tkir havfli yuqumli kasallik bo‘lib, faqat qon orqali yuqadigan kasallik hisoblanadi. Bezgakning 4 ta turi mavjud. Bular 3-kunlik bezgak, 4-kunlik bezgak, tropik bezgak va ovale-bezgak, ya`ni 3-kunlik bezgakka o‘xshash bezgak.

Bezgakning asosiy belgilari: Tananing vaqti-vaqti bilan isitmalashi (bezgak xuruji); Jigar va taloqning kattalashishi; Kamqonlik.

Bezgakning tipik xuruji uch bosqichda o‘tadi:                         

1. Dastlab kutilmaganda, odatda kunning aniq bir vaqtida odamni kuchli titroq bosadi. Bemor sovqotganidan tishi tishiga tegmaydi, hech isina olmaydi. U qo‘liga tushgan narsa bilan yopinadi. Bu bosqich 15 daqiqadan 2-3 soatgacha davom etadi. Bolalarda titroq davri odatda kuchli namoyon bo‘lmaydi.

2. So‘ngra 15-30 daqiqadan keyin tana harorati ko‘tarilishi boshlanadi. Tana harorati 39-41 darajagacha oshadi, tana yonayotganday bo‘ladi, teri quruq, qizargan bo‘ladi. Bemor ustidagi hamma narsani olib tashlaydi, u bosh og‘rig‘idan qiynaladi, bo‘g‘imlari va butun tanada og‘riq sezadi. Bu bir necha soat davom etadi.

3. Keyin terlash davri kuzatiladi. Tana harorati keskin pasayadi. Bemor qattiq terlaydi. To‘shak va kiyim-kechaklar xo‘l bo‘lib ketadi, natijada kiyimlarni bir necha bor almashtirishga to‘g‘ri keladi. Keyin bemor odatda bir necha soatga uxlab qoladi. Uyg‘onganidan so‘ng bemor o‘zini navbatdagi kasal xurujigacha qoniqorli sezadi. Bunday holat 1-2 kunda qaytalanadi. Kasallikning 1-haftasi oxirida jigar va taloq kattalashadi. 2-3 haftaligida kamqonlik vujudga keladi. 

Odam bezgakni qanday yuqtiradi? Odamga bezgak kasalligi 3 xil yo‘l bilan yuqadi.1. Tabiiy yo‘l,  ya`ni bezgak pashshalari chaqishidan. 2. Sun`iy yo‘l, ya`ni qon quyganda, ifloslangan shprislardan foydalanganda. 3. Vertikal yo‘l, ya`ni onadan homilaga tug‘ruq jarayonida yuqishi mumkin.

Pashshalar chaqishda himoya choralari: Derazalarni maxsus himoya to‘rlari bilan qoplash. Karavot ustida hashoratlardan himoya qiluvchi to‘r (pashshaxona) o‘rnatish. Mazkur to‘r pashshalarning hujum qilishlaridan avval, ya`ni qorong‘u tushishidan oldin o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. To‘r chekkalari, albatta, matras yoki ko‘rpa ostiga tiqilishi kerak. Insektitsidlar – hashoratlarga qarshi maxsus kimyoviy vositalar bilan ishlov berilgan to‘rlar ham yanada yaxshi natija beradi. Kechki payt ko‘chaga chiqishda to‘liq yopiq, ochiq rangli kiyim kiyish. Tananing ochiq qismlariga repellantlar – pashshalarni cho‘chituvchi vositalarni surtish. Ular bir necha soatga pashshalarning hujumidan himoya qiladi. Repellantlar surtma moy dorilar, kremlar, suyuqliklar ko‘rinishida bo‘ladi.

Bezgak pashshalarining hayot tarzi murakkab bo‘lib, suvda va havoda kechadi. Suv va havo harorati qulay bo‘lsa, rivojlanishning butun jarayoni 10-20 kun davom etadi. Pashshaning urg‘ochisi suvga tuxum qo‘yadi. Tuxumlardan qurtlar chiqadi, ular ovqatlanib, o‘sadi. Keyin qurtlar gumbakka aylanadi. Ulardan qanotli pashshalar uchib chiqadi. O‘simliklarda biroz hordiq olgan pashshalar aholi yashaydigan xonalarga qon so‘rish uchun yo‘l oladilar. Faqat urg‘ochi pashshalargina organizmida tuxumlar yetishib borish uchun qon bilan oziqlanadilar. Erkak pashshalar gul shirasi bilan oziqlanadilar. Ozuqa izlab pashshalar bir martada 3 km gacha bo‘lgan masofani uchib o‘tishlari mumkin.

Pashshalarning ko‘payish joylari: Sohillari botqoqlashgan suv havzasi; Sholipoyalar; Axlat chiqindilariga to‘lib ketgan, turg‘un suvli yoki sekin oqimli ariqlar; Suv quvurlarining ishdan chiqishi natijasida vaqtincha vujudga keladigan suv havzalari va boshqalar.

Pashshalarning sonini va ularning ko‘payish joylarini kamaytirish mumkin. Keraksiz vaqtinchalik suv havzalari va botqoqliklarni yo‘qotish, muntazam ravishda suv havzalarini axlat va chiqindilardan tozalash. Suv havzalarida pashshalar qurtlari bilan oziqlanadigan gambuziya baliqchasini ko‘paytirish. Sholi maydonlarining oxirgi aholi punktidan eng kamida 3 km uzoqlikda bo‘lishini ta`minlash. Xonalar va suv havzalariga insektitsidlar (zaharli ximikatlar) bilan ishlov berish.

Bezgak kasalligi belgilariga o‘xshash belgilar paydo bo‘lgan bo‘lsa qanday yo‘l tutish kerak? Harorat ko‘tarilganda yoki bezgakning boshqa belgilari paydo bo‘lganida, albatta, tibbiy yordamga murojaat qilish kerak. To‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun qon bezgakka tekshirilishi shart. Agar siz so‘nggi     3 yil ichida Tojikistonda, Osiyo va Afrikaning issiq iqlimli mamlakatlarida, yoxud respublikamizning janubiy viloyatlarida  safarda bo‘lgan bo‘lsangiz, bu haqida shifokorga, albatta, ma`lum qiling. Qonda bezgak parazitlari aniqlangan holda davolash muolajalarini zudlik bilan boshlash kerak. Hozirgi kunda bezgakni davolash uchun samarali dori-darmon vositalari mavjud.

                  T. ALLAYAROV,

Qumqo‘rg‘on tuman SEO va JSB parazitolog vrachi 

                     M. Xolbekova,

Parazitolog vrach yordamchisi