Bolalarni sariq kasal (gepatit “A”)dan qanday asrash mumkin?

Sariq kasalligi deb nom olgan virusli gepatit kasalligi yuqumli bo‘lib, ularning bir necha turlari mavjud. Virusli gepatitning A va E turlari odamga og‘iz orqali yuqadi va ko‘proq bolalarda uchraydi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi ma’lum qildi. Unga ko‘ra, kasallikka ko‘p hollarda:

• qo‘llarni sovunlab yuvmasdan ovqatlanish;

• meva-sabzavotlarni yuvmasdan iste’mol qilish;

• suvni qaynatmay ichish;

• ruxsat etilmagan ochiq suv havzalari, ayniqsa turib qolgan suvlarda cho‘milish;

• iste’molga tayyor oziq-ovqat mahsulotlarga pashshalarning o‘tirishi sabab bo‘ladi.

Kasallikning yuqish xavfi

Gepatitning yuqish xavfi kasallikning yashirin, boshlang‘ich davrlari va sariqlik belgilarisiz kechadigan turlarida yuqori bo‘ladi. Bunda bemor o‘zi bilmagan holda oila a’zolari va yaqinlariga kasallikni yuqtirishi mumkin. Bemor foydalangan idishlar, choyshab, yostiq jildi, kiyim-kechak, o‘yinchoq, so‘rg‘ich, hojatxona anjomlari va bemordan qolgan ovqat qoldiqlari virus bilan zararlangan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun idishlarni maxsus yuvish vositalari yordamida yuvishga odatlaning. Pol, eshik tutqichlari va ishlatilishiga qarab boshqa buyumlarni, muntazam zararsizlantiruvchi vositalar bilan artib turing.

 Salomatlikning oltin qoidasiga rioya etish kasallikning oldini olish demakdir.

• Muntazam jismoniy tarbiya bilan shug‘ullaning.

• Kuniga kamida 7-8 soat uxlang.

• O‘z vaqtida ovqatlaning.

• Shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qiling.

Bu tanangizni chiniqtirib, baquvvatlashtiradi, kasallikka qarshi kurashuvchanligini oshiradi.

Esda tuting!

• Ovqatlanishdan oldin va hojatdan so‘ng qo‘llarni sovunlab yuving.

• Meva va sabzavotlarni toza suvda yuvib, iste’mol qiling.

• Suvni qaynatib ichishga odatlaning.

• Bolalarda qo‘l, o‘yinchoq va boshqa turli narsalarni og‘izga solish, tirnoqlarni tishlash kabi odatlarni shakllanishiga yo‘l qo‘ymang.

•Pashshalarni ko‘payishiga yo‘l qo‘ymang.

• Bolalarni turib qolgan ochiq suv havzalarida cho‘milishiga yo‘l qo‘ymang.

• Oziq-ovqat mahsulotlari va iste’mol qilinadigan suvni ochiq qoldirmang.

• Gepatit «A» kasalligiga qarshi emlash eng samarali usuldir.

Har bir ota va ona farzand salomatligi uchun mas’ul ekanligini unutmasligi lozim!

Infeksiyani asosiy yuqish omillaridan biri maishiy-muloqot hisoblanadi.

Kasallik qayd etilgan o‘choqlarda mutaxassislar tomonidan zararsizlantirish tadbirlari o‘tkazib kelinadi.

Kasallikka chalinishning oldini olish maqsadida bolalarni virusli gepatit «A» kasalligiga qarshi emlash muhimdir.

   Abdunazar Do‘snayev,

37-oilaviy poliklinika katta feldsheri