ARCHA UNSIMON QURTIGA QARSHI KURASHAYLIK!

 Respublikaning fitosanitar xavfsizligini ta`minlash, zararkunanda va kasalliklarni aniqlash, bir hududdan ikkinchi hududga tarqalishining oldini olish, ularga qarshi ommaviy kurash ishlarini tashkillashtirish, nazorat qilish va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan Archa zararkunandalariga qarshi “Dolzarb o‘ttiz kunlik” e`lon qilindi.

2024-yil 27-martdan 26-aprelgacha igna bargli manzarali daraxt va butalarga zarar yetkazayotgan “Archa unsimon qurti” hamda boshqa xavfli zararkunandalarga qarshi uyg‘unlashgan kurash tadbirlarini olib borish maqsadida shu “Dolzarb o‘ttiz kunlik” joriy etildi.

Tadbirga asosan Qumqo‘rg‘on tumanidagi tashkilot va idoralar, istirohat bog‘lari, madaniy yodgorliklar, katta yo‘l bo‘ylari hamda boshqa yashil maydonlarda parvarish qilinayotgan igna bargli manzarali daraxtlar va butalarga zarar yetkazayotgan “Archa unsimon qurti” hamda boshqa xavfli zararkunandalarga qarshi uyg‘unlashgan kurashish tadbirlari olib borilayapti. Shuningdek, keng jamoatchilik orasida targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.

Ignabargli o‘simliklarning asosiy kushandasi “Archa unsimon qurti” hisoblanadi.

Morfologiyasi: “Archa unsimon qurti” tashqi ko‘rinishi ovalsimon ko‘rinishda. Ustki qismi butunlay oq tutqichlar bilan qoplangan. Urg‘ochilari yetuk davrida qanot chiqarib uchadi va boshqa joylarga tez tarqaladi. Zararkunandaning  1-2 yoshdagi lichinkalari archaning po‘sti orasida o‘zidan chiqargan parsimon ekskrement tagida qishlovga ketadi. Ayniqsa archaning qalin shoxchalarida ko‘plab uchraydi. Ularning tuxumlari qulay sharoitga tushganda archaning yosh shoxlarini zararlaydi. Uning kichik yoshdagilari zararlab archaning pastki tomonida ko‘payadi, chunki yuqori qismida quyoshdan qochishga harakat qiladi. Unsimon qurt chiqargan ekskrementda turli zamburug‘lar rivojlanadi va archani kasallanishiga olib keladi. Zararkunanda juda tez ko‘payadi. Nisbiy havo namligining yuqori bo‘lishi zararkunanda uchun qulay hisoblanadi. Yoz oyining o‘rtasiga kelib, zararkunandalarning yalpi uchishi kuzatiladi. Urg‘ochilar otalangandan so‘ng yo‘g‘on shoxchalarga o‘tib, qopcha shaklida unsimon ekskrement hosil qilib, yoz bo‘yi shu qopcha ichiga tuxum qo‘yadi. Tuxumdan chiqqan lichinkalari shu joyning o‘zida lichinka holida qishlovga ketadi. Urg‘ochilarining pushtdorligi 90-220 donagachani tashkil etadi. Zararkunanda qishlash davomida ayrim vaqtlarda ham tuxumlari, ham lichinkalari qishlab qoladi. Qishlash davomidagi lichinkalarining barchasi ikkinchi yosh holida bo‘ladi. Ikkinchi yosh lichinkalarining yashash davomiyligi 14-16 kungacha cho‘ziladi. Uchinchi yoshda esa 18-19 kun rivojlanadi. Urg‘ochi qurtlari oziqlanib bo‘lgach tuxumlarini qopchalar ichiga joylab qo‘yadi, bitta qopchada 210-330 donagacha tuxum bo‘ladi. Tuxumlarining embrional rivojlanishi 10-12 kunni tashkil etadi, ular avlodlarining rivojlanishi deyarli bir xil.

Zarari: “Archa unsimon qurti” zararkunandasining lichinka va urg‘ochilari archaning novdalari va barglarini so‘rib zarar yetkazadi. Uning lichinka va urg‘ochilari archaning barcha yer ustki qismlari bilan oziqlanadi, ayniqsa, barglar kuchli darajada zararlanadi.

“Archa unsimon qurti”ga qarshi kurash usullari: Agrotexnik usul: Zararkunanda bilan jiddiy shikastlanib, qurish holatiga kelib qolgan daraxtlarni kesib, unsimon qurt keng tarqalmasligi uchun ularni o‘sha joyning o‘zida yoqish shart. Qolaversa, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish (fosforli, azotli, mikroelementlar bilan oziqlantirish) lozim; “Archa unsimon” qurti tarqalgan joylar va hududlar aniqlanishi hamda bu joylardan archa ko‘chatlarini boshqa joyga ko‘chirish mumkin emas. Zararkunandalar tarqalgan joy va maydonlarni aniqlash hamda ushbu hududlardan igna bargli daraxt va manzarali butalar bilan tarqalishi mumkin bo‘lgan ko‘chatlarni boshqa hududga yuborilishi taqiqlanadi. Zararkunandalar aniqlanganda, zudlik bilan o‘simliklar karantini qoidalariga va fitosanitariya talablari buzilishini bartaraf etish hamda belgilangan tartibda oldini olishga qaratilgan choralar ko‘riladi.

Biologik kurash: Oltinko‘z lichinkalarini 1:5, 1:10 va 1:15, Kriptolemus-Cryptolameus montouzieri Muls. 1:5, 1:10 va 1:15 nisbatda tarqatiladi. Mikrobiopreparatlardan Bioslip BT, 2,0-3,0 kg/ga. Bioslip BV, 2,0-3,0 l/ga sarf-me`yorlarda qo‘llash tavsiya etiladi.

Kimyoviy kurash choralari: zararkunandaga qarshi kurashda uning tuxumdan lichinka ochib chiqish davrida kimyoviy preparatlarni qo‘llash yuqori samara berishini inobatga olib, kimyoviy ishlovlarni shu davrlarda boshlash kerak;

Archa unsimon qurtiga qarshi kimyoviy kurashda preparatlar bilan birinchi ishlovi zararkunandalarning paydo bo‘lishi bilan o‘tkaziladi va butkul yo‘qolguncha har o‘n besh kunda kimyoviy ishlovlar olib borilishi lozim.

Shu o‘rinda shuni eslatib o‘tishimiz kerakki tumanimizda archa unsimon qurtiga qarshi proflaktik ishlov, qarshi kurash ishlari olib bormagan, kimyoviy preparatlar sepmagan tegishli tashkilotlar idoralar, klaster va fermer xo‘jaliklari mavjud. Qonunning 19-20-moddalariga asosan tegishli tashkilotlar idoralar, klaster va fermer xo‘jaliklarining o‘simlik va daraxtlarning  kasalliklari, zararkunandalariga qarshi kurash majburiyati mavjuddir. Tashkilot va idoralar, istirohat bog‘lari, madaniy yodgorliklar, katta yo‘l bo‘ylari hamda boshqa yashil maydonlarda parvarish qilinayotgan igna bargli manzarali daraxtlar va butalarga karantindagi kasalliklar, zararkunandalarga qarshi kurash ishlarini olib bormagan tashkilotlar  MJTK ning 107-108-moddalari bilan ma‘muriy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantiramiz.

CHEGARADA ZARARLI CHIGIRTKAGA QARSHI MONITORING OLIB BORILDI

Havo haroratining iliq bo‘lishi zararli chigirtkaning tuxumidan chiqib, rivojlanishi uchun qulay davr. Hasharotlarga qarshi bashorat, monitoring va o‘rganish ishlari nafaqat mamlakatimizning hududida, balki chegaradosh manzillarda ham doimiy ravishda olib boriladi.

Ana shunday o‘rganishlardan biri O‘zbekiston va Tojikiston mutaxassislari hamkorligida o‘tkazildi. 3 kun davomida ikki davlatning chegaradosh hududlarida zararli chigirtkalarni rivojlanishi va tarqalgan o‘choqlarini aniqlash maqsadida Tojikistonning Rudakiy, Shaxritus, Nosiri Hisrav tumanlarining chegara hududlarida va O‘zbekistonning Uzun, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi va Termiz tumanlarida zararli chigirtkalarning tarqalishi, rivojlanishi va kurash tadbirlarini bajarilishi bo‘yicha kuzatuvlar amalga oshirildi.

Cho‘l zonalarda olib borilgan monitoring tadbirlari bilan birgalikda hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Tomonlar chegaradosh hududlarda fitosanitariya holati, chigirtkalar tarqalishining bashorati va kimyoviy ishlov berish hajmi to‘g‘risidagi axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda chegaradosh bo‘lgan hududlarda zararli chigirtkalarning tarqalish xavfi yuzaga kelsa qarshi kurash tadbirlarini o‘z muddatida olib borishga kelishib olishdi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda bir necha turdagi to‘da hosil qiluvchi chigirtkalarga qarshi kurash choralari olib boriladi. 2024-yilda 574,8 gektar maydonda kimyoviy ishlov o‘tkazilishi bashorat qilingan. Barcha texnika shay holga keltirib, jami 185 ta traktor (OVX va VP-1) purkagichlar, 435 ta motorli qo‘l apparatlari, 31 ta yuqori unumli purkagichli maxsus avtomashinalar, 25 ta suv tashish texnikalari qarshi kurash tadbirlarini olib borish uchun hozirlangan.

Surxondaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi inspektorlari