AVTOTRANSPORT VA MULK HUQUQLARI

 Savol: Avtotransport vositasini asosiy ishonchnoma orqali olingan bo‘lsa, asosiy ishonchnoma nomiga olingan shaxsning nomiga oldi-sotdi qilinsa bo‘ladimi?

Javob: Ishonchli vakil o‘zining nomiga oldi-sotdi qilib o‘tkaza olmaydi.Faqat vakil sifatida oldi-sotdi shartnomasida avtotransport egasi nomidan ishonchli vakil sifatida qatnashadi.

Savol: Avtotransport vositasini nomiga olishda, albatta, haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi kerakmi yoki hali olmagan bo‘lsa ham nomiga o‘tkazsa bo‘laveradimi?

Javob: Avtotransport vositasini sotib olib, nomingizga rasmiylashtirish uchun haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi shart emas. Faqat shaxsingizni tasdiqlovchi pasportingiz bo‘lsa bas. Haydovchilik guvohnomasi faqat avtotransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi guvohnoma hisoblanadi.

Savol: Ishonchnoma rasmiylashtirish uchun ishonchnoma beriladigan shaxs ham notarius qabuliga borishi kerakmi? Yoki kerakli hujjatlarni  tayyorlab olib borsam bo‘ladimi? Qanaqa hujjatlar kerak ekanligini ham aytsangiz?

Javob: Ishonchnoma olmoqchi bo‘lsangiz notarius qabuliga faqat ishonchnomani beruvchi shaxs boradi. Quyidagi hujjatlarni notariusga taqdim etasiz: pasport yoki haydovchilik guvohnomasining yangi shakli, texpasport (ko‘chmas mulk bo‘lsa kadastr hujjatlari), agar sotish huquqi bilan bersangiz, nikoh davomida olingan bo‘lsa er(xotin)ning rozilik arizasi.

Savol: Avtomashinamni onamga hadya qilib bermoqchiman.Turmush o‘rtog‘imning roziligi kerakmi?

Javob: Avtomashina nikoh davomida orttirilgan bo‘lib, nikoh shartnomasi tuzilmagan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘ingizdan rozilik olinadi. Agarda avtomashina hadya, meros asosida sizga tegishli bo‘lsa yoki nikohdan oldin olgan bo‘lsangiz, turmush o‘rtog‘ingizning roziligi olinmaydi.

Savol: Turmush o‘rtog‘im vafot etdi, turmush o‘rtog‘im va farzandlarim bilan alohida yashardik, propiskada faqat o‘zimiz, lekin notarius ushbu uydan ham qaynotangizga ulush berasiz, bo‘lmasa nomingizga o‘tkazishga qaynotangizning ruxsati kerak, deyapti. Agar qaynotam propiskada bo‘lmasa va bu uy to‘yimizdan keyin tiklangan uy bo‘lsa, ularning qanday roziligi kerak?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 1135-moddasiga ko‘ra, vafot etgan fuqaroning qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi (voris) merosxo‘rlari doirasiga ota-onasi, farzandlari va turmush o‘rtog‘i kiradi. Demak, qaynotangiz uy-joyga merosxo‘r hisoblanadi.

Savol: Otamdan meros qolgan uyni sotmoqchiman.Turmush o‘rtog‘im bilan 20 yildan ortiqroq vaqt birga yashamaymiz. Rasman ajrashmaganmiz. Ajrimdan keyin uyni sotsam bo‘ladimi? Rafiqam uyda ro‘yxatda turmaydi.

Javob: Nikohdan oldin er-xotinning har biriga tegishli bo‘lgan mol-mulk, shuningdek, nikoh paytida ulardan biri tomonidan hadya tariqasida, merosxo‘rlik tartibida yoki boshqa tekin bitimlar asosida olingan mol-mulk uning o‘z mulki hisoblanadi. Er-xotinning nikohdan oldin olingan mol-mulki,agar nikoh davrida er-xotinning umumiy mol-mulki hisobiga yoki mablag‘lar evaziga mulk qiymati oshirilgan ( kapital ta`mirlangan, qayta qurilgan, jihozlangan) bo‘lsa, umumiy mulk deb ataladi.

           N. ABDULLAYEVA,

Qumqo‘rg‘on tumani xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius