Navro‘zda ulashing ezgu tilaklar,
Axir tilak bilan kamaymaydi so‘z,
Bahor gullaridek yashnar yuraklar,
Xush kelding bahor, xush kelding Navro‘z!
Navro‘z xalqimizning eng sevimli bayramlaridan biri hisoblanadi. Chin ma`noda bahor bayrami. Bunda dasturxonlar noz-ne`matlarga to‘lib toshadi, deyarli har bir o‘zbek xonadonida doshqozonlarda sumalak qaynaydi. Yoshlarni aytmaysizmi, qizlar sochlariga jamalak taqishadi, bolalar va yigitchalar esa qo‘lga varrakni olib qir-adirlarga yugurib ketishadi.
Azal – azaldan yurtimizda Navro‘z bayrami saxovatli, mehr-muruvvatga boy, mehnatsevar xalqimiz orasida o‘zining takrorlanmas an`analari bilan ham ajralib turadi. Shu kunlarda butun O‘zbekiston bo‘ylab Navro‘z bayrami nishonlanmoqda. Navro‘z – bahor, oq va pushtiga o‘rangan daraxtlar, bu sharqona Yangi Yil, ildizi asrlar qariga borib taqaladigan qadimiy bayramlarimizdan biri. Bu bayram uch yuz ming yillik tarixga ega bo‘lib, biz uchun juda qadrli va sevimlidir. U tabiatning uyg‘onishini, ruh uyg‘onishi va yorug umidlarni aks ettirib kelgan, milliyligimizning bir bo‘lagi bo‘lib kelgan va bo‘lib qoladi. Har bir xonadonga va oilaga quvonch va shodlik olib keladi. Bir necha yillar davomida taqib ostida bo‘lishiga qaramay, u bilan bog‘langan an`analar saqlanib qoldi. Ular har doimgidek sevimli va qadrlidir. Asrlar davomida sharq xalqlari bahorning eng ajoyib va jozibali davri bo‘lgan yangi yilning kelishi Navro‘zni keng nishonlab keladilar.Bayram nafasi yurtimizda kezib yurgan bir vaqtda Qumqo‘rg‘on tumanimizda ham xalqimizning sevimli, qut-baraka ifodasi bo‘lmish bu bayram keng nishonlandi. O‘zbegimning tansiq taomlaridan sanalmish osh pishirilib to‘kin dasturxon atrofiga nuroniylarimiz, mutasaddi tashkilot rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi. Tuman hokimi Anvar Normamatov, sektor rahbarlari, tuman kengashi deputatlari, mutasaddi tashkilot rahbarlari, mehnat faxriylari tashkilotlar tomonidan tayyorlangan qo‘rg‘onlar hamda milliy ko‘rgazmalar bilan tanishib chiqishdi. Navro‘z bayramini nishonlashning asosiy an`analaridan biri, un va o‘stirilgan bug‘doydan o‘choqda sumalak pishirish hisoblanadi. O‘sgan bug‘doy – hayot, issiqlik, to‘kin-sochinlik va sog‘liq timsoli. Tumanimizning ko‘p yillik an`anasiga muvofiq, tuman tibbiyot birlashmasi hamda maktabgacha ta`lim tashkilotlari tomonidan yaxshi niyatlar ifodasi sifatida sumalak ham tayyorlandi. Sumalakni tayyorlash jarayonida, lavozimidan qat`iy nazar hamma xodimlar ishtirok etdilar. Sumalakni tayyorlash nafaqat o‘stirilgan bug‘doy bilan, balki o‘yin va raqslar bilan hamohang bo‘ldi. ”Alpomish” o‘yingohida tuman madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar va raqslar namoyish etildi. Tuman hokimi Anvar Normamatov tuman ahliga “Navro‘z” bayramiga atalgan tabrigini o‘qib eshittirdi. Barcha tumandoshlarimizni bayram bilan muborakbod etdi. “Nihol” mukofoti sovrindori Malika Egamberdiyeva, Xalqimizning sevimli san`atkori Xamdam Sobirov ijrosidagi qo‘shiqlarga bayram ishtirokchilari xiromon raqslarga tushishdi. Poytaxtdan bayramimizga mehmon bo‘lib kelgan Malika Egamberdiyevaning e`tiborini “Bobotog‘ gullari” folklor- etnografik jamoasining chiqishlari tortdi. Bu jamoaning milliy kiyimlariga, yoshi ulug‘ bo‘lsada harakati chaqqon momolarimizga tasannolar aytdi. Ko‘plab ijodiy safarlarda yurib bu jamoadek a’zolarni hech qayerda uchratmagan edim,-deya ta’kidladi men bilan suhbat jarayonida. ”Xo‘jamulki” mahalla fuqarolar yig‘inidan ishtirok etgan momolarimizning milliyligimiz aks etgan kiyimlarni kiygani, qadimda momolarimizning junlarni tarab yigirgani, paxtalarni savash ishlari jonli tarzda ko‘rsatildi. Jajji bolajonlarimiz tomonidan milliy raqslarimiz ijro etildi. Hunarmandlar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar namoyish qilindi.
Aziz tumandoshlar! Barchangizni Navro‘z ayyomi bilan yana bir bor tabriklab, qalbimizdagi eng samimiy tilaklarni izhor etamiz.
Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik-omonlik, baxt-u saodat, qut-baraka olib kelsin!
Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin!
Barchamizning ezgu orzu-niyatlarimiz ushalsin!
Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Navro‘z bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!
Rayhon Mengziyayeva