Ro‘zaning  tarbiyaviy ahamiyati

Ro‘zaning arkonlarini hammamiz yaxshi bilamiz, bu – sahardan to shomgacha yeb-ichish va jimodan tiyilishdir. Banda bu ibodatni xolis niyat bilan bajaradi, sahar vaqti Allohga so‘z beradi: «Robbim, mana shu sahardan shomgacha Sen uchun yemayman, ichmayman, jimo qilmayman» deydi va shu so‘zida kechgacha turib beradi. Ro‘zador, mo‘min-musulmon inson dasturxondagi muzdek suvga emas, qo‘lidagi soatiga qaraydi, o‘n besh daqiqa qolibdi, o‘n daqiqa, besh daqiqa qolibdi deb sabr qilib o‘tiradi. Chunki u sahar vaqti Allohga so‘z bergan, o‘sha so‘zida turishi kerak. Musulmon odam so‘zini buzmaydi, o‘ttiz kun davomida shu lafzida mustahkam turadi. Shu tariqa inson aytgan har bir so‘zining mas`uliyatini his qilishga, aytganining ustidan chiqishga odatlanib qoladi. Ro‘zaning ushbu tarbiyaviy ahamiyati ayniqsa bugungi kunimizda juda dolzarbdir, chunki zamonamizda subut, so‘zida turish kabi fazilatlar nodir, kamyob, noyob narsa bo‘lib qoldi. 

Bugungi kunda sodir qilinayotgan aksar jinoyatlar, gunohlar, adovatlar aynan lafzning yo‘qligidan, subutsizlikdan yuz beryapti. Oqibatda jamiyatda, odamlar orasida o‘zaro ishonch yo‘qolyapti. O‘zaro ishonch ko‘tarilsa, odamgarchilik, mehr-oqibat yo‘qoladi. Odamlar bir-biriga, birodariga ishonmay qo‘yadi, ishonmagandan keyin ko‘chada musofirni ko‘rsa, uyiga olib kirib mehmon qilmaydi. Holbuki mehmonni ikrom qilish hazrati Ibrohim alayhissalomdan buyon davom etib kelayotgan insoniy fazilat edi. Ammo yuqoridagi illatlar tufayli odam hammadan xavfsirab qoladi va tabiiyki, nafaqat musofirni, o‘zining qo‘shnisini ham uyiga kirgizmaydigan bo‘lib qoladi. Shuning uchun hozirgi kunda biror joyga borgan odam bir birodarining uyiga emas, mehmonxonaga boryapti. O‘zaro ishonchning yo‘qolgani ayniqsa qarz oldi-berdi munosabatlarida yaqqol ko‘rinib qoldi. Qarz so‘rash, qarz berish amali yo‘qolib boryapti. Holbuki shariatimizda birovga qarz berib turish yoki olgan qarzini o‘z vaqtida qaytarish maqtalgan amallardan edi. Ishonchsizlik oqibatida guvohlik berish ham yo‘qolib boradi. Bir odam haqida surishtirsangiz, hech kim rostini aytmay qo‘yadi. Musulmon musulmonga ishonmasa, mehmon qilmasa, aldasa, omonatga xiyonat qilsa, oxiri borib qiyomat qoim bo‘ladi. Shuning uchun Ramazoni karimning avvalo ma`naviy, tarbiyaviy jihati biz uchun eng muhimdir. 

Alloh taolo ro‘zadorning har bir holatini ibodat bilan xoslagan. Ro‘zadorning ko‘p gapirishdan tiyilishi ham ibodat, toat-ibodatga kuch to‘plash uchun uxlash ham ibodatdir. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Ro‘zadorning sukuti tasbeh, uyqusi ibodat, duosi esa mustajobdir. Amali ko‘paytirib beriladi» (Imom Daylamiy rivoyati). Ro‘zadorning iftor qilishi ham shukr xursandchiligi bo‘lib, ulug‘ ibodatdir. Ro‘zadorning iftor paytidagi duosi mustajobdir. Hadisi sharifda «Ro‘zador uchun iftor qilayotgan vaqtda ijobat qilinadigan duo bor», deyilgan (Imom Ibn Moja, Imom Hokim, Imom Abu Dovud va Imom Bayhaqiy rivoyati).

                                   Axmadulloh Xaitov,

      «Shoh mashrab» jome masjidi imom noibi