KITOBXON YOSHLAR  – YURTIMIZ KELAJAGI

Har qanday xalq o‘zining fidoyi o‘g‘lonlari, mutafakkir zotlari, insoniyat tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan olimu ulomalari bilan g‘ururlanadi. Shu jihatdan olib qaraganda, o‘zbek xalqining g‘ururi, chindan-da tog‘lardan baland. Zero, bizning yurtimizda tug‘ilib voyaga yetgan, o‘zining nihoyatda serqirra ilmiy-ijodiy faoliyati bilan dunyo ahlini lol qoldiradigan buyuk bobolarimiz nomi har birimizning qalbimizni faxru iftixorga to‘ldiradi. Imom Buxoriy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Iso va Hakim Termiziylar, Mahmud Zamaxshariy va Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi ko‘plab daholar nomi jahon sivilizatsiyasi tarixida oltin harflar bilan bitilgan.

Buyuk ajdodlarimiz hayoti, faoliyati, o‘lmas merosi yuksak marralarni ko‘zlagan yoshlarimiz uchun ibrat maktabidir.Buyuk ajdodlarimizning beqiyos ahamiyatiga molik merosini izchil o‘rganish va uni yanada kelajakda rivoj toptirish barcha ilm ahllari uchun, ayniqsa, yoshlarimiz uchun asosiy dasturulamal bo‘lmog‘i davr talabidir.

Mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O‘zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatidan qanday o‘rin egallashi ham – bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimiz qanday insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liq. Taniqli ma`rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan chuqur ma`noli so‘zlari naqadar haqiqat ekanini bugun, har qachongidan ham yaxshi anglab turibmiz.

Qumqo‘rg‘on tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tumandagi 33-sonli maktabga tashrif buyurib, o‘qituvchilar hamda kitobxon yoshlar ishtirokida kitobxonlik targ‘iboti tadbiri o‘tkazdi. Tadbir davomida o‘quvchilarga hozirgi davr ijodkorlari bilan birgalikda yurtimiz allomalarining asarlarini ham mutoala qilish tavsiya qilindi. 

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, farzandlarimizni ilm-fan va ta`lim-tarbiya asosida voyaga yetkazish maqsadga muvofiq ekan, o‘z o‘rnida tarbiya esa ma`naviyat bilan chambarchas bog‘liqdir. Zero, yoshlar kelajak egalari hisoblanadi. Yoshlarimiz ta`lim-tarbiyasida esa ma`naviy tarbiya katta ahamiyatga ega. Eng muhimi, farzandlarimizni sog‘lom, komil inson qilib tarbiyalaylikki, ular Vatanimizga, tariximizga, ona tilimizga, o‘z milliy qadriyatlarimizga hamda an`analarimizga sodiq bo‘lishsin.

                                                          Maqsuda G‘ANIYEVA,

Qumqo‘rg‘on tuman axborot-kutubxona markazi mutaxassisi