MIZOJ

(Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda).

Apelsin

Mizoji: po‘chog‘i va guli ikkinchi darajali quruq va issiq. Eti va sharbati ikkinchi darajali issiq bo‘lib, sovuqligi birinchi darajali quruqdir.

Xususiyatlari: shirinlik bilan qo‘shib yeyilganda, safroni haydaydi. Qon xiltini tinchlantirib, qon va safro kasalliklariga foyda qiladi. Ishtahani ochib, ko‘ngil aynishi va qayt qilishni to‘xtatadi.

Zarari: asab tizimiga ziyon qiladi, ko‘p iste’mol  qilish  jigarni  kuchsizlantiradi.  Oldini olish uchun asal va shakar bilan qo‘shib iste’mol qilinadi. Yangi siqib olingan apelsin sharbati oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak kasalligi va gastrit bilan og‘rigan bemorlarga ziyoni bor. Chunki organik va noorganik kislotalarga boy bo‘lib, oshqozonda achmillikni (kislotnost) oshirib yuborishi mumkin.

Arpabodiyon

Mizoji:  uchinchi  darajaning  avvalida  issiq  va birinchi darajada quruq. Lekin Abu Ali ibn Sino ikkinchi darajada issiq va birinchida quruq degan. Urug‘ining mizoji barginikidan issiqroq. Sahroda o‘sadigan arpabodiyonning mizoji uchinchi darajada issiq va ikkinchi darajada quruq. Lekin har ikkala bodiyonning ham boshqa qismlariga qaraganda shifobaxshlikda tomiri kuchliroqdir.

Ta’siri: yopishqoq xiltlarni eritadi, qorindagi damni  ketkizib  tozalaydi  va  og‘riq  qoldiradi. Zaharga qarshi ta’siri bor. Siydik haydaydi, ayollarda (hayz) ko‘rishni yaxshilab, emizikli onalar sutini  ko‘paytiradi.

Zarari: lekin arpabodiyonni issiq mizojli odamlar iste’mol qilsa, zarar beradi. Xususan, issiqdan bo‘lgan ichak kasalliklariga va bosh og‘rig‘iga zararlidir. Bu zararning ziddi – iskanjubin.

Arpabodiyon urug‘idan bir kunda bir marta iste’mol qilish miqdori 3,5 grammdan 9 grammgacha, suvidan iste’mol qilish miqdori 9 grammdan 14 grammgacha.

Aloe (sabur)

Mizoji: ikkinchi darajaga yaqin issiq va quruq. Ibn Sinoning ta’kidlashicha, quvvati burishtiruvchi va qurituvchi. Badanga issiqlik toshiradi va uxlatadi. Hind saburi ko‘p foydali va achishtirmasdan qurituvchi bo‘lib, biroz burishtiruvchanligi ham bor. Achishtirish kamligidan yomon sifatli jarohatlarni ham achishtirmaydi.

Ta’siri:  saburni  iste’mol  qilsa,  jigardagi nuqsonlarni  va tanadagi  boshqa  illatlarni  ochadi, qorin bodlarini tahlil qilib, me’da bosh va boshqa a’zolardagi ortiqcha moddalarni zudlik bilan badandan haydab, yo‘qotishga yordam beradi. Badanning chuqur joylaridagi moddalarni tortib chiqarib, me’da va tomirlarni yiringdan tozalaydi, savdo, quyuq shaffof balg‘am va safrolarni pishirib, haydab chiqaradi. Shuningdek, ko‘zning ko‘rish quvvatini oshirib, ruhiy xastaliklar hamda me’daga bog‘liq miya dardlariga shifo bo‘ladi, chunki ana shu a’zolarning sustligi, behol va bemorligi me’daga aloqador bo‘lib, shu xastaliklar sababli odamni uyqu bosa boshlaydi. Aloe esa me’dani shu illatlardan tozalab, unga aloqador bo‘lgan a’zolar faoliyatini yaxshilashda eng samarali davo vositasi sifatida qo‘l keladi.

Zarari: shifobaxsh quvvati past bo‘lgan aloeni iste’mol qilish zararlidir, sababi, u uch kungacha me’dada turib qoladi va pastga tushmaydi, oqibatda kayfiyatni buzib, odamni iztirobga soladi. Jigarga zarar qiladi. Sovuq kunlari ichish xavfli, chunki qon surib yuboradi. Shuni ham unutmangki, aloeni ichga qabul qilish ichak, me’da va zaif jigar, shuningdek, orqa teshikka zararli bo‘lib, orqa chiqaruv teshigi tomirlarining  sustligi  va  ochuvchanligi  bois  ichaklarni yallig‘lantiradi.

Safro mizoj yoshlar hamda mizoji issiq odamlar, ichki a’zolari, jumladan, qorni nosog‘lom, jigari va o‘t qopi sust, orqa teshigida illati va bavosiri bor kishilar, vujudida qon ko‘p va tomirlari tor odamlarga havo juda issiq va sovuq paytlarda, shuningdek, me’dada ovqat bor paytlarda ham aloeni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

Bilmasdan yoki e’tibor bermay to‘q qoringa yeyilsa, ovqatga aralashib odamni lohas qilishi, ahvolini og‘irlashtirishi mumkin.

Arpa

Mizoji: birinchi darajada sovuq va quruq.

Foydalari: unda tozalash xususiyati bor.

Zarari: arpaning suvi me’da uchun zararli.

Archa

Mizoji: issiq va quruqlikka moyilroq; bujuri esa birinchi darajada issiq va ikkinchi darajada quruq.

Ta’siri: qizdiruvchi, yumshatuvchi va yel haydovchi. Tozalaydi va tanadagi tiqilmalarni ochadi. Ichilsa, me’da bodini haydaydi.

Zarari: safroli va ichki qon ketishlarda hamda oshqozon yarasi qo‘zg‘algan paytlarda zararli bo‘lib, buyrak yetishmovchiligida ham archa iste’moli tavsiya etilmaydi.

Atirgul (qizilgul)

Mizoji:  qizilgul  mizoji  murakkabul-quvvat.

Bir guruh tabiblar uning mizojini birinchi darajada sovuq va ikkinchi darajada quruq deyishsada, ko‘pchilik uning mizojini issiq va ho‘l deb biladi. Hatto  issig‘u  sovuqda  mo‘tadil deb  bilganlar  ham bor. Agar uni quritilsa, qabziyatlik xususiyati oshadi, biroq taxirligi kamaygan bo‘ladi. Atirgul yog‘ining mizoji murakkab.

Ta’siri: uning gulbarglaridan yeyilsa, yurak, o‘pka, jigar,  me’da,  buyrak  va  ichaklar,  qovuq,  bachadon va maq’adni (orqa teshik) kuchli qiladi hamda qon qusishni to‘xtatadi. Agar suvi ichilsa, sababi issiqlik bo‘lgan yurak o‘ynashi va hushdan ketish dardlariga davo bo‘ladi.

Zarari: qizilgulni hidlash miyalari sust kishilarni tumov va shamollashga giriftor etadi. Issiq mizojli kishilarga zarar qilganda kamfora iste’mol qilsa, ziyonini isloh qiladi. Qizilgul yog‘idan bir kunda bir marta ichish miqdori 25 grammdan oshmasligi lozim. Ayrim hollarda qizilgul barglarini yeyish jinsiy quvvatga zarar qilib, tashnalik keltirib chiqaradi. Buning zarariga arpabodiyon lozim. Bir kunda yangi ho‘l barglaridan bir marta yeyish miqdori 35 gramm, quritilganidan 14 gramm, suvidan 28 grammgacha iste’mol qilinadi. Qizilgul gulobi tumovi bor odamlarga zarar qiladi, hatto eski tumovlarni ham harakatga keltiradi. Shuningdek, pushtikamar-jinsiy quvvatga ham ziyoni bo‘lib, sochni tez oqartiradi. Ana shu zararlarga qarshi novvot yeyish yoki novvot bilan birga iste’mol qilish eng yaxshi taryok bo‘ladi.

Baqlajon

Mizoji: sovuq-quruq.

Zarari: inson tanasi uchun g‘irt zararlidir. Zararini kesish uchun iste’mol qilishdan avval po‘stini archish, keyin maydalab, tuz sepib, sovuq suvga solib qo‘yiladi. 2-3 soatdan keyin suvi qoraymasdan avval almashtirilib turiladi. Suvi toza bo‘lmaguncha shunday qilinadi. Uni asosan piyoz, qo‘y go‘shti yoki yog‘li tovuq go‘shti, sariyog‘ bilan bug‘lantiriladi va qovuriladi. Ta’mga qarab sirka qo‘shib va anor sharbati bilan yeyiladi. O‘ta pishib ketgan va qattiqlashgan baqlajonni umuman yemagan ma’qul.

Banan

Mizoji:  ikkinchi  darajali  ho‘l  va  issiqligi mo‘tadilga yaqinroq.

Ta’siri: tanani tozalaydi, sekin hazm bo‘lib, yaxshi oziqlantiradi va badanni to‘lishtirib, zehnni yaxshilaydi, kayfiyatni ko‘taradi. Yurakka quvvat beradi, yurak muskullari va to‘qimalaridagi kaliy muvozanatini yaxshilaydi.

Zarari:  sekin  hazm  bo‘lib,  ichni  dam  qiladi. Tiqilmalar  paydo  qiladi,  surunkali  yo‘g‘on  ichak yallig‘lanishi kasalliklarini qo‘zg‘aydi. Qon va balg‘am xiltini  quyuqlashtiradi.  Nam  iqlimli  yurtlarda yashovchi kishilar ko‘p iste’mol qilishi ho‘llik oshishiga  sabab  bo‘ladi.  Zararining  oldini  olish  uchun sovuq mizojlilar asal va shakar qo‘shib, issiq mizoj-lilar iskanjubin bilan yeyishi kerak. Nahorda banan yeyish mumkin emas. Banan, asosan, issiq-quruq mizojli kishilarga yoqib, sovuq mizojli kishilarga aks ta’sir ko‘rsatadi. Shakar va kraxmalga boy bo‘lgani uchun qandli diabet kasalligi bilan og‘rigan bemorlar ham yemagani ma’qul.

Bargizub

Mizoji: uchinchi darajada sovuq va quruq. Ildizi quruqroq va ho‘lligi kamroqdir. Sovuqligi uvishtirish darajasiga borib yetmaydi. Quruqligi achishtirish darajasidan past.

Ta’siri: barglari sovuq, suvli bo‘la turib, burishtiruvchi va qaytaruvchidir. Qon ketishini to‘xtatadi. Yomon yaralarga, nori forsiyga, yuguruk yaraga, uzoq vaqt davom etadigan va chuqur yaralarga eng yaxshi vosita hisoblanadi. Urug‘i qon tuflashga foyda qiladi.

Zarari: sovuqligi oshib ketgan bemorlarga tavsiya etilmaydi.

Basma

Mizoji: mizoji ikkinchi darajada issiq va quruq.

Ta’siri: basma badanni begona moddalardan poklovchi,  ochuvchi  va  bog‘lovchi,  shuningdek,  tahlil qiluvchidir.

Zarari: bargining suvi yoki qaynatilgan suvi ichilsa, majburiy va zardali qayt ettiradi. Basma ko‘p ishlatilsa, miya faoliyatini susaytiradi.

                                                            Abdurashid Safarov,

                                Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi

                                                                     (Davomi bor.)