O‘G‘RILIK JINOYATLARI FOSH ETILDI

Xalqimizning  “Ko‘r hassasini bir marta yo‘qatadi” degan maqolidan to‘g‘ri xulosa chiqargan mahkumlar hayotda tuzalish ko‘chasiga kirib baxtli hayot kechirganligiga misollar ko‘p. “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtanib qo‘ymas” deganidek qayta-qayta jinoyat sodir etgan shaxslar jazosini oladi.  Sherobod tumanida tug‘ilgan D. R. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) muqaddam Termiz shahri va Chilonzor tumanida sudlangan bo‘lsada axloqini tuzatmadi. O‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida 2023 yil 19 noyabr kuni soat 02:30 da Termiz shahar “Jo‘yjangal” mahallasi Nurafshon ko‘chasi 8A-uyning devoridan oshib, hovlida turgan bir dona qora rangli bozorda sotilish bahosi 1500000 so‘m bo‘lgan “Nexus” rusumli velosipedni pinhona usulda olib, voqea joyidan yashiringan. U o‘zining jinoiy xatti-harakatini davom ettirib, 2023 yil 30 noyabr kuni soat 03:00 da shu uyning mehmonxonasida televizor oldida turgan fuqaroga tegishli, bozorda sotilish bahosi 500000 so‘m bo‘lgan  “Samsung star plus” rusumli qo‘l telefonini yashirin ravishda olib ketgan. Nafsini jilovlay olmasdan 2023 yil 22 dekabr kuni soat 02:30 da shu mahalladagi Nurafshon ko‘chasi 4-uyga o‘grilikka tushdi. Hovlida turgan  bozorda sotilish bahosi 750000 so‘m bo‘lgan bir dona qora rangli perforator, 1000000 so‘mlik bir dona qora rangli bolgarka,  400000 so‘mga sotiladigan bir dona qora rangli drell, 2000000 so‘mga sotsa bo‘ladigan bir dona metall, qora rangli yog‘och kesuvchi uskunalarni o‘g‘irlagan. O‘g‘rilik evaziga qo‘lga kiritgan buyumlarni 5-maktabning qorovulxonasiga yashirgan. Ertasi kuni Termiz shahar Majnuntol mahallasi hududidagi dehqon (oziq-ovqat) bozoriga sotish uchun olib borayotganida notanish shaxs bu mahsulotlar o‘ziga tegishli ekanligini bilgan. O‘g‘ridan bu narsaslarni qayerdan olganligini so‘raganida sotib olganligini aytgan. Shundan so‘ng notanish shaxs “102” operatoriga xabar bergan. Bu jinoyat ishi 2024 yil 6 martda Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi tomondan ko‘rib chiqildi. Fuqaro D. R. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) aybdor deb topilib, 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

                                                                              Sh. YULDOSHYEV,

                                                               Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi sudiyasi