Himoya orderi nima va u qaysi asoslarga asosan beriladi

Himoya orderi Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta’minlash va monitoring olib borish to‘g‘risidagi nizomning 1-ilovasiga muvofiq seriya va raqamga ega bo‘lgan, qat’iy hisobi yuritiladigan hujjat hisoblanadi.
Himoya orderi ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika (katta) inspektori (keyingi o‘rinlarda profilaktika inspektori deb ataladi) tomonidan Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta’minlash va monitoring olib borish to‘g‘risidagi nizomning 2-ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq beriladi. Himoya orderi tuman (shahar) ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarida yuritiladigan alohida daftarda qayd etiladi.
Quyidagilar himoya orderini berish uchun asos hisoblanadi:
tazyiq va zo‘ravonlik qurbonining murojaati;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;
tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.
Denov tumani adliya bo‘limi 2-son FHDYo bo‘limi mudirasi D.Samatova