AHOLINING IQTISODIY AHVOLINI YAXSHILAYAPMIZ

Mahalla – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tashkiloti sifatida rivojlanayapti. Mahalla aholining eng yaqin tashkiloti va ko‘makchisi bo‘lib ijtimoiy hayotdan mustahkam joyini topdi. Bizning Dostlik mahallamizda 3850 nafar aholi yashayapti. 1002 ta xonadon, 1175 ta oila bor. Yoshlar 703 nafarni tashkil etayapti.

Mahallada “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etilib, tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta`minlash, kambag‘allikni kamaytirish vazifalarini amalga oshirish belgilandi. Hokim yordamchisi erkin faoliyat yuritayapti. Shuning uchun mahalladagi aholiga taalliqli ishlarni bajarish imkoni mavjud. Do‘stlik mahallasida birinchi navbatda aholining daromadini oshirish, ishsiz va daromad manbaiga ega bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitayapmiz. Bu ishda “Mashhura” o‘quv kursi va “Baraka savdo majmuasi” bilan hamkorlikda aholi vakillarini tikuvchilik va hamshiralik kurslariga o‘qitdik. Hozir yuzdan ziyod odam kurslarda o‘qib, uyida tikuvchilik va oilaviy hamshiralik ishi bilan band bo‘ldi. Qandolatchilikka qiziquvchilar “Umidaxonim shirinliklari” korxonasida ish bilan ta`minlandi.

Ikkinchidan, aholi orasidagi ishsiz, tadbirkorlikka qiziquvchilarga kredit tavsiya qilayapmiz. Ularga kerakli bo‘lgan asbob-uskunalarni sotib olib berayapmiz. Natijada qo‘lida hunari bor, asbob-uskunasi yo‘q odamlar bizning yordamimiz tufayli mehnat qilib daromad topayapti. Misol uchun, mashinalarni sozlay oladi, tikuvchilikni biladi, muzqaymoq ishlab chiqarmoqchi, durodgorlik ishlarini bajaradi. Biroq bu kasblarda mehnat qilish uchun asbob-uskunalar olishga qurbi yetmayapi. Biz ularga kredit hisobidan asbob-uskunalar olib berib bandligiga erishdik.

Uchinchidan, uyida do‘kon ochgan, bozorda sotuvchilik qilayotgan mahalladoshlarimizni har oyda xatlovdan o‘tkazayapmiz. Ular bilan suhbatlashib yakka tartibdagi tadbirkorlik ochishda yordam berayapmiz. Soliq to‘lasa, ish staji yuritilsa, pensiyaga chiqishiga yordam bo‘lishini tushuntirayapmiz. Agar ular qonuniy ishlasa belgilangan imtiyozlardan foydalanishini anglab yetayapti.

To‘rttinchidan, mahalla hududida ishlayotgan kichik-kichik korxonalar mavjud. Ularga 100000000 so‘mlik ishlab chiqarish uchun zarur asbob-uskunalar olib berayapmiz. “ Umidjon nur uchqun” MCHJ va “Surxon kommers” MCHJ rahbarlari o‘qib, sertifikat oldi. Bankka arza berib, biznes reja tuzib, kredit olish arafasida turibdi. “Surxon kommers” MCHJ AT dasturlarini yaratish uchun kompyuter jihozlarini oladi. “Toir Surxon baraka” korxonasi 100000000 so‘mlik sutni qayta ishlash asbob-uskunlarini olayapti. Natijada yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Tadbirkorning o‘zi ham daromad topadi, odamlar ham ish bilan ta`minlanib, manfaatdor bo‘ladi.

O‘tgan yili 19 nafar yoshga o‘zini o‘zi band qilish uchun 480000000 so‘m imtiyozli kredit berildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 4 nafar fuqaroga 46000000 so‘m kredit, “Yoshlar daftari”ga yozilgan yoshlarga o‘zini o‘zi band qilish uchun subsidiya berildi. Mahallamizda yildan yilga aholining iqtisodiy ahvoli yaxshilanayapti.

                                                                               Izzatulla RAMAZONOV,

                                                    Do‘stlik mahallasi hokim yordamchisi