TELEFON O‘G‘IRISI JAZOLANDI

Xalqimizda “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas” degan naql bor. Bu Termiz tumanida tug‘ilgan V. E. ning (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) qilmish qidirmish fe`liga mos keldi. U oilali,  bir nafar farzandi borligiga qaramasdan muqaddam bir necha marta Qumqo‘rg‘on, Angor, Yunisobod tumanlarida sud qilingan, axloq tuzatish ishi boyicha ozodlikdan mahrum qilingan. Bu fuqaroning axloqini tuzatishga qaratilgan barcha harakatlar besamar ketdi. U 2023 yilda ketma-ket o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etdi. 17 iyundan 18 uyunga o‘tar kechasi Denov tumanida yashovshi o‘ziga oldindan tanish H. R. ning (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) Qumqo‘rg‘on tumani Neftchilar mahallasi hududidagi novvoyxonasidan bitta “Redmi-9” va bitta “SICCOO” rusumli telefon apparatlarini yashirin ravishda o‘g‘irladi. Shundan so‘ng shoxbekatga borib, do‘kon sotuvchisiga telefonlarni arzimagan pulga sotdi. O‘g‘ri jinoiy ishini davom ettirib, bir necha marta telefonlarni o‘g‘irlab, ularning egalariga moddiy zarar etkazdi. 2023 yil 30 iyunda Yangishahar mahallasida yashovchi K. S. ning (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) bir dona SAMSUNG A-13, 2 iyulda Jiydali mahallasidagi tanishi P. Q. ning (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) SAMSUNG A-6, shu kuni Qiziriq tumani Oqjar mahallasida yashovchi F. Z. ning (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) SICCOO rusumli telefon apparatlarini ham yashirincha o‘g‘irladi. Bu xatti-harakatlari bilan jinoyat kodeksida yozilgan jinoyatni sodir etdi.

Odil sud bu jinoyat ishini 2024 yil 12 yanvarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining binosidagi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqib, sudlanuvchiga hukm o‘qidi. O‘g‘irlik jinoyatiga mukkasidan ketgan fuqaroni 5 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

                                                                                                         SH. KARIMOV,

                                                    Qumqo‘rg‘on tumani prokurorining katta yordamchisi

     YUK MASHINASIDA JINOYAT…

Bilmay bosdim tikanni, degan bilan endi kech. Sariosiyo tumanida yashovchi X. M. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi|) “Tupalang Hpd Platinum” MCHJ ga qarashli MAN rusumli 75 688 TAA davlat raqamli yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishladi. 2023 yil 23 sentabrda Qumqo‘rg‘on tumanidagi Neftbazadan og‘ir ishlarni bajarishga mo‘ljallangan avtomashinani yukxonasiga ortib Sariosiyo tumaniga olib borish uchun jo‘nadi. Vaqt kech bo‘lib taxminan soat 21.20. da Qumqo‘rg‘on tumani markazidan o‘tuvchi M-41 avtomobil yo‘lida yo‘l harakati hodisasini sodir etdi. Taxminan 50-60 kilometr/soat tezlikda harakatlanayotgan yuk avtomashinasi bilan yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga piyoda o‘tayotgan fuqaro Y. J. ni (ismi, familiyasi o‘zgarturildi) urib yubordi. Piyoda yo‘ldan tezlikda o‘tmoqch bo‘lib avariyaga duch keldi va avtomashinaning tag qismiga kirib ketdi. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida piyoda hodisa joyida vafot etdi.

         Bu jinoyat ishi 2023 yil 4 dekabrda Qumqo‘rg‘on tuman Madaniyat uyi binosida Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan sayyor sud majlisida ko‘rilib, hal etildi. Sudlanuvchi avtomashina haydovchisi 2 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan va 2 yil ozodlikdan mahrum etildi.

                                                                                                                               X. TURDIYEV,

                                                            Qumqo‘rg‘on tumani prokurorining yordamchisi

      ODAM SAVDOSI FOSH ETILDI

Jamiyatda nikohdan qonuniy asosga o‘tish belgilab qo‘yilgan. Bu barchaga taalluqli. Shunga qaramasdan Boysun tumanida tug‘ilgan, ayol Z. T. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) Qiziriq tumanida yashovchi P. D. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) faqat shar`iy nikohdan o‘tib, turmushi davomida homilador bo‘lgan. 2023 yil mart oyida turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro tortishib qoldi. Qumqo‘rg‘on tumani Neftchilar mahallasida yashovchi tanish ayol G. L. ning (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) uyiga keldi. 2023 yil 20 iyulda o‘g‘li farzand ko‘rdi. O‘zining farzandini boqishni istamay, uning inson huquqlarini suiiste`mol qildi. Odam savdosi jinoyatini sodir etdi. Farzandini bola olmoqchi bo‘lgan shaxslarga sotib, jinoiy daromad olishni rejalashtirdi. Mijozni izlab topib, Yangi shahar mahallasida yashivchi fuqaro ayol R. U. ga (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) ikki xonali uy va 10000000 so‘mga sotishga o‘zaro kelishdi. Vijdonli odamlar bu mudhish odam savdosiga yo‘l qo‘ymadi. 2023 yil 27 uyulga viloyat IIB TQX va JQB xodimlari tomonidan tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida Bog‘aro mahallasidagi “Bog‘aro” oshxonasida ona o‘z farzandini 10000000 so‘mga sotayotgan vaqtda ushlandi.

         Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi o‘z binosida 2023 yil 20 dekabrda ochiq sud majlisi o‘tkazib, bu jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Odam savdosini sodir etgan ayolni 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

                                                                                                 B.   TAGAYEV,

                                                                    Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumani sudi raisi

TANISH-BILISHCHILIK NATIJA BERMADI

Yo‘l qurilishida amalga oshirilayotgan tender savdosi bunyodkor tashkilotni aniqlash, ishni sifatli bajarish maqsadida o‘tkaziladi. Belgilangan joyda, ma`lum qiymatdagi ishni bajarishni istagan bunyodkor tashkilotlar o‘z hujjatlarini tender savdosini o‘tkazuvchilarga taqdim etadi. Komissiya barcha hujjatlatni o‘rganib chiqib, ularning ishidan eng munosib tashkilotni tanlaydi. Belgilangan qurilishni tender savdosida g‘olib chiqqan o‘sha tashkilot bunyodkorlari amalga oshiradi.

Sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, tender savdosida ham firibgarlik, ya`ni o‘zgalar mulkini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritish mavjudligi afsuslanarli. Muqaddam Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi tomomidan ikki marta sudlangan Denov tumanida tug‘ilgan O‘. B. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) jinoyat qilishdan davom etdi. U firibgarlik yo‘li bilan moddiy boylik ortirish maqsadida tanishi Chust tumanida tug‘ilgan V. J. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) bilan jinoiy til biriktirdi. Bir guruhga birlashib viloyat hokimligida yuqori lavozimda ishlovchi tanishi mansabdor shaxs yordamida Termiz tumani Uchqizil mahallasida yashovchi “Asliddin Fazliddin Baraka” MCHJ rahbari M. A. ga (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) yopiq tender asosida 3 kilometr 900 000 000 so‘mlik yo‘l qurilish ishlarini tender savdolarisiz olib berishini aytdi. Buning uchun 130 000 000 so‘m pora berish uchun dallolchilik qildi. Shu pulning bir qismi 65 000 000 so‘mni 2023 yil 11 oktabrda Qumqo‘rg‘on tuman Beshqahramon mahallasidagi avtoshoxbekat hududiga olish uchun keldi. Denov tuman Qorabog‘tepa mahallasida yashovchi R. S. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) bilan birga kelib, u orqali olgan vaqtida tezkor tadbir xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

         2024 yil 8 fevrelda Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi o‘z binosida ochiq sud majlisi o‘tkazib, 9-sonli tergov hibsxonasi bilan VKS rejimi orqali bu jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Sudlanuvchi O‘. B. ga (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolib, 3 yil 2 oy, sudlanyvchi V. J. ga (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) ish haqining 20 foizini davlat daromadi uchun ushlab qolib, 2 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

                                                                                                                          Zafar JO‘RAYEV,

                  Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining devonxona mudiri