Qurilish ob’ektlarini ro‘yxatga olishdan foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar raqamlashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-noyabrda “Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–425-son Qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan tegishli davlat dasturlari va loyihalari doirasida ob’ektlarning bosh loyiha-qidiruv va bosh qurilish-pudrat tashkilotlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida elektron tender (tanlov) savdolari orqali aniqlanadi.

Hokim yordamchisi, mahalla faollari va yoshlar yetakchilari, ommaviy axborot vositalari va boshqa jamoat tashkilotlari tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarning holati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.

Har chorakda viloyat, tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan qurilish sohasida korrupsiya va qonun buzilishi holatlarining oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida keng jamoatchilikka axborot berib borilishi ta’minlanadi.

2023-yil 1-yanvarga qadar qurilish ob’ektlarini ro‘yxatga olishdan boshlab, foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar raqamlashtiriladi.

Bo’ranova Shahnoza Alimjonovna,

Adliya bo’limi Davlat xizmatlari markazi etakchi mutaxassisi