YO‘L QOIDASI – UMR FOYDASI

Avtotransport vositasini boshqarish uchun yo‘l harakati qoidalarini bilish va ularga amal qilish talab etiladi. Bu oddiy tuyilgan, har kuni uchrayotgan hayot talabiga qat`iy rioya qilish zarur. Ozgina ehtiyotsizlik, yo‘lda avtotransportni boshqarishda xatoga yo‘l qo‘yish haydovchining o‘zi va boshqa avtomobildagi fuqarolarning hayotiga xavf solish ehtimoli katta. Buni Sho‘rchi tumanida yashovchi D. R. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) yaxshi tushinmas ekan. U 2023 yil 19 oktabrda o‘zining nomiga rasmiylashtirilgan “GAZ-52” rusumli 75 N 493 KA davlat raqamli avtomashinasini noto‘g‘ri boshqarib avariya sodir etdi. Sho‘rchi – Qumqo‘rg‘on yo‘nalishida harakatlanib Qumqo‘rg‘on tuman Elobod mahallasi hududidan o‘tuvchi M-41 avtomobil yo‘lida “Yo‘l harakati qoidalari”ning 77-bandi 1- va 2-qismlarda yozilgan talablarni qo‘pol ravishda buzdi. Ehtiyotsizlik oqibatida avtomashina boshqaruvini yo‘qotdi. Yo‘nalish chetidagi beton to‘siqqa urilib, muvozanati buzildi. Qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, ro‘paradan kelayotgan avtomashinaning yo‘liga g‘ov bo‘ldi. Fuqaro B. K. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) boshqaruvidagi “Damas” rusumli 75 K 998 GA davlat raqamli avtomashina bilan to‘qnashdi. Shu avtomashinadagi yo‘lovchi G. U. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etdi. Haydovchi va 2 nafar yo‘lovchilar turli darajada tan jarohati oldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi o‘z binosida 2024 yil 18 yanvarda shu jinoyat ishi bo‘yicha ochiq sud majlisi o‘tkazdi. Sudlanuvchi “GAZ-52”  rusumli avtomashina haydovchisiga 2 yil muddatga barcha turdagi avtomashinani boshqarish huquqidan va 2 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi.

                                                                                           A.         XURRAMOV,

                                           Qumqo‘rg‘on tumani prokurorining katta yordamchisi