KITOB IDROKNI, TASAVVURNI RIVOJLANTIRADI

 Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma`naviyatga erishib bo‘lmaydi. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q”, – deya ta`kidlaydilar.

Yaxshi fazilatlar inson ongiga kitoblar orqali singdiriladi. Har bir inson o‘z vaqtini unumli, foydali o‘tkazish, ma`naviy saviyasini oshirish maqsadida kitoblar,  badiiy adabiyotlar bilan oshno tutinadi, o‘qib hordiq chiqaradi. Kitobga oshnolik kishilar hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Asrlar  davomida inson kitob bilan do‘st bo‘lib, o‘zini qiziqtirgan savollarga javob topib kelgan. Kitob kishining qayg‘uli kunlarida, yolg‘iz  qolgan tunlarida ham, baxtli va masrur onlarida, ya`ni har bir qadamida, kundalik turmushida ham maslahatchi, sadoqatli hamroh, bebaho boylik va eng yaqin do‘st hisoblanadi. 

Kitoblar haqida so‘z borar ekan, bugungi kunda tengdoshlarim deyarli kitob o‘qimay qo‘yganligi afsuslanarli. Kitob bilan dillashishdan yiroq bolalarning ma`naviy olami sayoz, nutqida tarqoqliklar ildiz otgan, ko‘ngildagi kechinmalarda tuyg‘usi yo‘q, qisqasi kitob o‘qish ular uchun majburiy bir da`vat bo‘lib qolmoqda. Nima qilsak bolalar bu zaruratdan qiziqishlar tomon o‘zgaradi? Menimcha, bu savolning javobini quyidagi hikmatli gapdan topsak bo‘ladi:” Bolaga kitob sovg‘a qilish kerak”. Shunday qilaylikki, bola quvonchini kitobdan topsin, kitoblar oilada ham farzandlarga bilim beruvchi, tarbiyalovchi kuchga aylansin. Shundagina ularni o‘zi “o‘ch” bo‘lgan “foydasiz qiziqishlar”dan yiroqlashtirishga erishamiz. Mutolaa orqali ma`naviy boylikka ega bo‘lgan kitobsevar bolaning dunyoqarashida mukammallik bo‘ladi.

Kitoblar tarixdan so‘zlaydi, kelajakka yo‘l ko‘rsatadi, yashashga o‘rgatadi, hayotda qoqilganimizda yiqilmasligimiz uchun suyanchiq bo‘ladi. Ko‘p kitob o‘qigan kishi hech qachon yomon axloqli bo‘lmaydi, egri yo‘lni tanlamaydi, o‘g‘rilik, qotillikka qo‘l urmaydi. Kelajagi buyuk O‘zbekistonimizning taqdiri “bilimli, aqlli va albatta baxtli” insonlar qo‘liga o‘tar ekan, bunday shavkatga erishishni kitoblarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Kitobni bejiz oftobga qiyoslamaydilar. Buning boisi bor, albatta. Negaki, quyosh butun olamni o‘z nurlari bilan yoritgandek, kitob ham ilm va ma`rifat ziyolari bilan inson qalbini munavvar etadi. U olimlar fikri jamlangan mo‘tabar xazina, donishmandlar hikmatlarining bo‘stoni. U shunday  go‘zal bir bog‘ki, yozuvlari uning muattar gullaridir.

  Kiitobim, barchadan boyim o‘zingsan,

  Tunimni yoritar Oyim o‘zingsan.

  Badanim ilmga tashnalab tursa,

   Sug‘orib turuvchi soyim o‘zingsan.

Men sizlarga bir nechta foydali maslahatlar bermoqchiman. Asosan, men mutolaam jarayonida, o‘qiyotgan asarimga butun diqqar-e`tiborimni qarataman.Yana, o‘zimga notanish bo‘lgan joylar haqida o‘qiganimda, idrokim, tasavvurlarim ishga tushib, tasvirlarni miyamda yarata boshlayman. Inson odatda, o‘qigan kitobi to‘g‘risida o‘ylashi uchun vaqti ko‘p bo‘ladi. Emori universiteti olimlari kitob o‘qigan insonning aqliy salohiyati bir necha kun davomida yuqori holatda bo‘lishini isbotlashdi. Kitob o‘qish miyadagi asab tolalarini mustahkamlaydi. Kaminaga o‘zbek durdonalarini topish qiyin bo‘lgan. Biroq, menga bu paytda ota-onamning yordami beqiyos bo‘lgan. O‘zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitobdan minnatdorman. Fikrimcha, kitob o‘qishni odat qilmagan oila ma`naviy qashshoqdir. Kitob o‘qing! Zero, u har qanday bilimning joni va yuragi, har qanday fanning ibtidosidir. Shuni bilingki, dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay.

                                                Ozoda XOLLIYEVA,

                   33-maktabining 10-“G” sinf o‘quvchisi