Yoshga doir pensiyalar fuqarolarning murojaatisiz tayinlanish tartibi joriy etiladi

Pensiya ta`minoti tizimiga axborot texnologiyalarini faol joriy qilish orqali fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bosqichma-bosqich interaktiv va proaktiv  shaklga o‘tkazilmoqda. Ushbu ishlarni davom ettirish, fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda qulayliklarni yaratish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar joriy etildi: 

– fuqaro pensiya tayinlashni so‘rab qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurgan holda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali onlayn  murojaat qilish huquqi berildi.

Shuningdek, fuqaro jamg‘argan mablag‘larini Xalq bankining mobil ilovasi  orqali olish imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari, 2025 yil 1 martdan boshlab:

 – pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyalar “avtomatik” tarzda, ya`ni hech qanday hujjat talab etmagan holda va fuqaroning murojaatisiz tayinlanadi;

 – fuqaroning shaxsiga oid barcha ma`lumotlar (yoshi, jinsi, ish staji, ish haqi, to‘langan ijtimoiy soliq summasi va oila tarkibi kabilar) vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan olinadi.

Ushbu qulayliklarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida: Birinchidan, fuqarolardan pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha hujjatlar yig‘ish uchun Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga murojaat qilish talab etilmaydi. Ikkinchidan, pensiya yoshiga yetgan fuqaroning telefon raqamiga “pensiya tayinlanganligi va uning miqdori” to‘g‘risida ma`lumot yuboriladi.

 Shuningdek, pensiyaga chiqmasdan ish faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan yoki pensiya miqdoridan norozi bo‘lgan fuqarolarga “avtomatik” tayinlangan pensiyani to‘xtatish huquqi berilmoqda. Ya`ni, fuqaroga “avtomatik” pensiya tayinlanganligi yoki pensiya tayinlanishi rad etilganligi haqida SMS xabar yuboriladi.

Fuqaro pensiya tayinlanganidan va pensiya miqdoridan yoki pensiya tayinlanishi rad etilganidan norozi bo‘lgan taqdirda Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga tegishli tartibda ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.

                                                       Muhiddin QORAXONOV,

                                tuman pensiya jamg‘armasi boshlig‘i