MAHALLA OTINOYISI – MEHNATIMIZ SARISHTASI

Qaysi uyda keksalar bo‘lsa go‘yo u yerda nur yog‘ilib turganga o‘xshaydi. Xonadonda tinchlik, xotirjamlik, dasturxonlarda fayzu baraka, ishlarda rivoj va samara bo‘ladi. Ayniqsa keksa nuroniy otaxon, onaxonlar duolari, pand-nasihatlari va boy tajribalari bilan yoshlarga qanoat, sabot bag‘ishlab turadi.

O‘qishga, ishga otlanar ekanmiz ularning duolarini olib ko‘nglimiz munavvar bo‘ladi. Nazarimda keyingi paytda ana shu qadriyat unutilayotgandek. Ehtimol shu sababli turmushda, ishda, umuman hayotimizda qiyinchiliklar, muammolarga duch kelmoqdamiz. Yo‘ldagi avto halokatlar tufayli ro‘zg‘orimizda janjallar, kelishmovchiliklar, nizolar kelib chiqayapti. Ko‘pchilikni tashvishga solayotgan ana shunday dolzarb muammolardan biri bu oilalarning ajrimidir. Bunga sabab bo‘layotgan omillar va ularni bartaraf etish yo‘llari borasida o‘ylab qolaman. Demoqchimanki, yoshlar bizning kelajagimiz, keksalar, nuroniy otaxonlaru onaxonlarning, ya`ni ota-onamiz, qaynotayu qaynonamizning duolarini olaylik, ularning hurmatini joyiga qo‘yaylik. Axir oltin olma, duo ol, deyishgan mashoyiqlarimiz.

Hozirgi kunda ko‘pgina kelishmovchiliklar, gina-qudratlar, sabrsizlik, shoshma-shosharlik, oilaga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish oqibatida yosh oilalarda nikoh buzilayapti. Oilada kelin-qaynona munosabatlarining buzilishi ham yoshlarni chalg‘itayapti. Ba`zi oilalarda to‘qlikka sho‘xlik qilib hayotga yuzaki qarayapti. Kelinlar quloqsiz bo‘lib, ya`ni pand-nasihatlarni olmay qo‘ydi. Oilada erning o‘rni va hurmati, ayollarning erining oldidagi burchi bilan murosa qilmay qo‘ydi. Arzimagan narsalardan oddiygina kiyim-kechaklar, dunyo matolariga ruju qo‘yish tufayli ajrimlar ko‘payib ketdi. Oqibatda begunoh norasida go‘daklar yetim bo‘lib qolayapti. Ertaga go‘daklarning uvoli urmaydimi? Ko‘z yoshlari sel bo‘lib oqqan yetimning taqdiri nima bo‘ladi?  Ularning o‘sib-ulg‘ayishi, yeb-ichishi, tarbiyasi, kelajagi haqida o‘ylamaslik achinarli holatga sabab bo‘lmoqda. Ba`zi oilalarda 3-shaxs, ya`ni onasi sababli hech gapdan hech gap yo‘q oilalar ajralayapti. Qaysi ona o‘z qizining baxtiga zomin bo‘ladi, axir. Kuyovlarni yuzing, ko‘zing demay, bepisand munosabatda bo‘lib, gunohkor qilib qizi bilan nevaralarini olib ketishi oqibatida bolalar yetim bo‘lib qolayapti. O‘z oilasi muhitidan kelib chiqib turtkilab “Sening otang yomon, sen yetimsan” degan tanbehlardan bezor bo‘lgan farzandlar yig‘lamoqda. Ulg‘aygan sari o‘z otasiga nafrati oshib, qalbi o‘ksib, otasini hurmat qilmay qo‘yadi.

Azizlar, biz nihoyatda tinch o‘lkada, gullab yashnab turgan zaminda yashayapmiz. Allohga shukrona aytib farzand degan ulug‘ ne`matning qadriga yetaylik. Hech bir banda bu ne`matga zor bo‘lmasin. Farzand tarbiyasida, yeb, ichishimizda har bir qilmishimiz uchun Allohga hisob beramiz. Shukur qilib, sabr qilib yashaymiz. Yetimning ko‘z yoshidan qo‘rqaylik. Men shu yosh oilalarning orasini buzayotgan 3-shaxs, ya`ni onalari borasida Qur`oni karimdan dalil keltirmoqchiman. Musulmonlarning muqaddas bu kitobida shundau yozilgan: “Holbuki sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yozib turuvchi (farishta) bor (ular nimai amalga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. Ular sizlar qilayotgan ishlarni bilurlar.” Infitor surasi 10-12 oyat.

Bizning Gultepa mahallamizda 4468 nafar aholi bor. Shundan 2168 nafari erkak, 2300 nafari xotin-qiz. Aholi 785 ta xonadonda yashayapti. Men mahalla otinoyisi sifatida, xotin-qizlar faoli Jumagul Berdiyeva bilan birgalikda oilalarda bo‘lib, ularning ijtimoiy ahvolini o‘rganayapmiz. Oilalar ajrimini kamaytirish, oila muqaddas dargoh ekanligi, oilada erkak va ayollarning o‘rni, ularning vazifalari, kiyinish madaniyati, to‘y-hashamlarni ixchamlashtirish, sarpolarni kamaytirish, halol, haromni farqlash, farzandlar tarbiyasi haqida suhbatlar o‘tkazayapmiz. Bizning vazifalarimiz ijtimoiy, ma`naviy va diniy manbalarga asoslanib ishlashdan iborat. O‘z vazifamizni namunali bajarib mahalla ahliga xizmat qilayapmiz.

                                                                                                          Gulshod AZIZOVA,

Gultepa mahallasi otinoyisi