Inson sog‘ligi eng katta boylik 

Turli xil yuqumli kasalliklar chorva mollari va uy hayvonlardan insonlarga yuqish sir emas.

Kuydirgi – o‘tkir infeksion kasallik bo‘lib, organizmning og‘ir intoksikasiyasi, isitma, septisemiya, karbunkullar paydo bo‘lishi va ichak, ko‘proq o‘pkaning zararlanishi bilan kechadigan, qo‘y-echki, qoramollar va odamlarda uchraydigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Hayvonlarda kuydirgi kasalligi juda tez va og‘ir kechib, tana harorati to‘satdan 40-41S gacha ko‘tarilishi, burun va ichaklardan qon ketishi, holsizlanish, ozuqadan bosh tortish bilan kuzatiladi hamda qisqa muddatda o‘lim bilan yakun topadi. Odamlarda kasallik asosan (98,0-99,0 foiz holatlarda ) teri yarasi (korbunkul) shaklida namoyon bo‘ladi. Bemorlarda tana harorati ko‘tariladi. Kuydurgi yarasi og‘riqsiz bo‘ladi, yaraning ustki qismi ko‘mir rangiga o‘xshash qora po‘stloq bilan qoplanadi, yara atrofi qizarib shish paydo bo‘ladi. Yara ko‘pincha badanning ochiq qismlarida (qo‘l, oyoq, yuz, bo‘yin) uchraydi. Kasallik asosan kasal hayvon bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa (kasal molni so‘yishda) bilan yuqadi.

Quturish – hayvonlar va odamda uchraydigan, asab tizimining og‘ir shikastlanishi bilan kechadigan hamda o‘lim bilan yakun topadigan o‘ta xavfli yuqumli virusli kasallikdir. Hayvon tajovuzkor bo‘lib, duch kelgan hayvonlar va odamlarga tashlanadi, tishlashga, tirnashga harakat qiladi, yorug‘likdan qo‘rqadi, qorong‘u joyga kirib olishga harakat qiladi, egasi chaqirganida oldiga kelmaydi, to‘g‘ri kelgan jismlarni og‘ziga solib, yutadi, keyinchalik yutinishi qiyinlashadi, og‘zidan juda ko‘p so‘lak oqadi, bezovta bo‘ladi, tovushi  bug‘ilib, yo‘qola boshlaydi va orqa oyoqlari yurmay qoladi, ya`ni falajlanish holatlari kuzatiladi. Hayvonlarda ham kasallik o‘lim bilan yakun topadi. Odamlar uchun kasallik manbai bo‘lib, qutirgan uy hayvonlari – it, mushuk, chiyabo‘ri, tulki va bo‘rilar hisoblanadi. Odamlarga quturish kasalligi 90-95 foiz holatlarda itlarlardan yuqadi. Shu kasallikka chalingan hayvonlarning tishlashi, tirnashi bilan yuqadi. Kasallik o‘ta og‘ir kechib, doimo o‘lim bilan tugaydi.

Brusellyoz – (qoraoqsoq) kasalligi tabiatda keng tarqalgan, inson va hayvonlar uchun umumiy bo‘lgan – zooantroponoz kasallik hisoblanib, hayvonlarda ommaviy bola tashlash, qisir qolish, mahsuldorlikning kamayishi, yosh mollarning yashovchanligining pasayishi bilan, ba`zan esa klinik belgilarsiz kechadi. Brusellalar kasal hayvonning siydigi, go‘ngi, tushgan bolasi bilan tashqariga chiqadi, ular shu hayvonning go‘shtida ham bo‘ladi. Organizmga brusellalar hazm va nafas yo‘llarining shilliq pardalari, shuningdek, shikastlangan teri orqali tushadi. Brusellyoz bilan og‘rigan molning xom suti va sut mahsulotlari (pishloq, moy), shuningdek, chala pishirilgan go‘shti iste`mol qilinganda kasallik odamga yuqadi. Brusellyozda, asosan, nerv, yurak-tomir tizimi va suyak-bo‘g‘im apparati zararlanadi. Kasallikning yashirin davri 1-3 hafta. Uning kechishi va belgilari xilma-xil bo‘ladi. O‘tkir boshlanganida isitma ko‘tariladi, bemor g‘araq-g‘araq terlaydi, lohaslik alomatlari kuzatiladi, oyoq-qo‘l, bel, mushak va bo‘g‘imlar zirqirab og‘riydi. Isitma goh ko‘tarilib, goh pasayib turadi, jigar, qora taloq kattalashadi, keyinroq bo‘g‘imlar yallig‘lanadi. Kasallikning oldini olish yo‘li bu qaramog‘imizdagi uy hayvonlarni doimiy hududiy veterinariya mutaxassislari ko‘rigidan o‘tkazib borish, brusellyoz kasalligiga qarshi yiliga kamida 1 marta (sog‘in sigirlar 2 marta) serologik tekshirilishi hamda zarur hollarda emlash tadbirlarini o‘tkazishdan iboratdir.

 Bundan tashqari chorva mollaridagi kana va qon so‘ruvchi hashoratlarni zinhor qo‘l bilan yula ko‘rmang!

Yodingizda bo‘lsin! Turli xil yuqumli kasalliklarning oldini olish uchun qaramog‘ingizdagi uy va chorva mollaringizni o‘z vaqtida veterinariya nazoratidan o‘tkazib yuqumli kasalliklarga emlatishni unutmang, hududiy veterinariya mutaxasislariga murojaat qiling. Yaqinlaringiz va o‘z sog‘liginsizga befarq bo‘lmang.

                                                                           S. SALIMOV,Qumqo‘rg‘on  tuman Hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashxis ishlari va oziq-ovqat xafsizligi bo‘yicha mutaxasis