Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurash

Ko‘p sonli aholiga ega jamiyatimizda yoshlar salmoqli o‘rin egallaydi. 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagalar ham anchagina. Ayni paytda davlatimiz tomonidan yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda, ularning bo‘sh vaqtlarini  mazmunli o‘tkazishga qaratilgan tadbirlar ham amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramay yildan yilga yoshlar, xususan voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik darajasi o‘smoqda. Bunday achinarli ahvol  jiddiy tashvishga solmoqda. O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik amaliyotida ilk bor Jinoyat kodeksining umumiy qismida voyaga yetmaganlarning javobgarligiga xos xususiyatlarni aks ettiruvchi qoidalarni tartibga solishga bag‘ishlangan maxsus oltinchi bo‘lim ajratildi. Bunday qoidalarning o‘rnatilishi voyaga yetmagan shaxslarning shakllanishidagi biologik, fiziologik va ijtimoiy omillar bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu shaxslar toifasiga xos bo‘lgan xususiyatlardan kelib chiqadi. Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sodir etilishiga olib keladigan sabab va shart-sharoitlarni o‘rganmasdan turib jinoyatchilik muammosini atroflicha tahlil qilib bo‘lmaydi. Chunki ushbu muammoni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlar davlat va jamiyat hayotida o‘rin tutib kelayotgan mavjud muammolar bilan bevosita aloqador bo‘ladi. Jinoyatchilikning sharoit va sabablari tushunchalari aniq tushunchalar hisoblanadi. “Sharoit” va “sabab” tushunchalari bir-biri bilan uzviy bog‘lanib ketganligi sababli ularning mazmunini yetarli darajada aniqlamasdan turib, ajratish qiyin bo‘ladi. Xususan, jinoyatchilikning sabablari, jamiyatda jinoyatchilikni ijtimoiy hodisa sifatida muayyan jinoyatni sodir etilishi uchun sharoit yaratuvchi ijtimoiy hodisalar va jarayonlar yig‘indisidir. Masalan, voyaga yetmaganlar bezoriligining sababi ichkilikbozlik va nazoratsizlik deb hisoblansada, yuzaki qaraganda o‘smirning alohida bir jinoyat sodir etishining sababi bo‘lishi mumkin, lekin ular jinoyatning sababi bo‘la olmaydi, balki sharoit yaratadi, xolos. Jinoyatchilikning sharoiti deb, o‘z-o‘zidan jinoyat va jinoyatchilikni keltirib chiqarmaydigan, ammo jinoyat sodir bo‘lish sababini tug‘diruvchi g‘ayri ijtimoiy hodisaga aytiladi. Mulkni qo‘riqlashdagi, ularni hisobga olish, maqsadga muvofiq foydalanishdagi kamchiliklar talon-taroj qilish sohasidagi jinoyatchilikning sodir bo‘lishiga sharoit yaratsa, transport harakati xavfsizligini ta`minlashdagi kamchiliklar: yo‘llarning yaroqsizligi, yo‘lning transport harakatlanadigan qismiga turli narsalarni to‘kib qo‘yganlik, hatto yo‘l belgilarining noto‘g‘ri joylarga qo‘yilganligi ham transport halokatlarining sodir bo‘lishiga sharoit yaratishi mumkin.

                 Jasurbek G’aniyev,

 Qumqo‘rg‘on tumani JXX XPB VE va YBIG katta inspektor psixologi, leytenant