QADRDON MAKONLAR TOZALIGI

Bugun sizlarga barcha uchun har doim kerak bo‘ladigan jihat: chiqindilarni kerakli, avvaldan tayyorlab qo‘yilgan joylarga tashlash odobi haqida maslahat bermoqchimiz. Insonlar tashkilot va korxonada ishlash jarayonlarida mehnat qilib, shaxsiy hayotda kundalik ehtiyojlari uchun mahsulotlarni sarflaganda ulardan keraksiz chiqindilar ham chiqadi. Ko‘cha-ko‘ylar atrofida ochilgan xizmat ko‘rsatish subyektlari qulayliklaridan foydalanganimizda ham chiqindilar hosil bo‘ladi. Deylik qadoqlangan idishdagi ichimlik suvini sotib olib iste`mol qilganimizdan keyin bo‘shagan baklashkani duch kelgan joyga tashlamasdan chiqindi idishiga tashlasangiz tevarak-atrofning tozaligini saqlashga hissa qo‘shasiz.    Insonlarning har kuni duch keladigan hodisalaridan bittasi axlat tashlash madaniyati bo‘lsa ajab emas. Viloyatimizda chiqindilarni qabul qilish korxonasi qurilgan vaqtda yangi rusumli avtomobillar bilan ta`minlangan, chiqindilarni turlarga ajratib qabul qilish uchun ham yangi qurilmalarni o‘rnatish nazarda tutilgandi. Tumanimizda ham chiqindilarni tashish va to‘kish joyiga olib borib tashlash ishlari tashkil etilgan. Shunga qaramasdan yo‘l chetlarida fuqarolar, yoshlar tomonidan tashlab ketilgan turli xil chiqindilar atrof-muhitni ifloslantirayapti. Katta yoshdagi kishilar, ota-onalar bolalariga, yoshlarga axlatlarni qo‘yilgan idishlarga tashlashni o‘rgatishlari kerak.  Bu borada bir insonning hayotidagi tajribasini namuna sifatida sizga ma`lum qilsak foydadan holi bo‘lmaydi deb o‘ylaymiz.

Bir kuni  ishxonadagi kasbdoshlar bilan birgalikda avtomobilda bir joyga borishimizga to‘g‘ri keldi. Hamrohlarimizdan biri farzandlarini bog‘chadan olib uyga tashlab keyin u yerga ketishimizni iltimos qildi. Bolalarni bog‘chadan olib, yo‘lda borayotgan edik. Bolalar orqa o‘rindiqda bir-biri bilan o‘ynab, gaplashib ketishardi. To‘satdan yosh bola qo‘lidagi suvi ichilib bo‘lingan bo‘sh baklashkani mashina oynasidan ko‘chaga uloqtirdi. Bu nafaqat bolalar, hatto katta odamlardagi “odatiy hol“ bo‘lganligi uchun e’tibor qilmadim. Biz o‘tirgan avtomobil katta yo‘lda bormoqda, to‘xtashning iloji yo‘q. Yaqin orada mashina qayrilib olib, orqaga qaytish uchun buriladigan joy ko‘rinmaydi. Bolalarning otasi haydovchidan mashinani qulay joyga to‘xtatishni so‘radi. Haydovchi tezlikni kamaytirib avtomobilni bir joyda to‘xtatdi. Bolalarning otasi baklashkani mashina oynasidan uloqtirgan bolasi bilan mashinadan tishdi. Uning qo‘lidan ushlab 1-1,5 chaqirim orqada qolib ketgan joyga piyoda ketdi. Bir muncha vaqt o‘tgach o‘sha baklashkani olib keldi. Manzilga yetib borguncha, bolalariga urushmay, qattiq gapirmay tushuntirib ketdi:

– Quloq sol, hozir qilgan ishing bu — qonunbuzarlik. Hozir sen bitta axlat tashlasang, keyin boshqasi tashlasa, hammayoq axlat bo‘lib ketadi. Hammayoq axlatxonaga aylangan joyda yashashni xohlaysanmi?  Ko‘chalarni qiynalib tozalayotgan odamlarning mehnatiga achinmaysanmi?  Chiroyli, toza-ozoda kiyiminga kimdir iflos narsa sepib yuborsa senga yoqadimi? Bu baklashkani ko‘rsatilgan joyga tashlasang, korxonaga olib borib qayta ishlab chiqarishadi. Ko‘rdingmi bitta shu ishing bilan qancha joyga zarar yetkazding. Bundan keyin boshqa bunday qilma ho‘pmi?

– Ho‘p bo‘ladi, ota, – dedi farzandi.

Mana tarbiya, otalik burchi. U inson gaplari,  xatti-harakatlari bilan nafaqat bolalariga, balkim, menga ham tarbiya berdi. Bola-ku bola, endi kattalar ham axlat to‘kish madaniyatiiga yaxshilab e`tibor qaratsa atrof-muhit toza-ozoda saqlanadi.

 Umuman rivojlangan shaharlarda axlat to‘kish san’at darajasiga chiqqan desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Oddiygina bir idishga hamma axlatni tashlash kerak emas. Axlatlarni yonadigan, yonmaydigan xillarga, ovqatlarning qoldig‘iga ajratish, alohida-alohida idishlarga tashlashga o‘rganish yaxshi natija beradi deb o‘ylayman.  Bolalarga bog‘cha davridan chiqindilarni tashlash madaniyati o‘rgatilsa odobli bo‘lib ulg‘ayadi. Shirinlik yeydimi, meva-sabzavot  yeydimi chiqindisini axlat idishga tashlaydi.

Xullas, hozirdanoq har kuni ishlatadigan mahsulotlardan chiqadigan chiqindilarni belgilangan joylarga tashlashga odatlaning. Farzandlaringizga ham axlatni mahsus joylarga tashlashni o‘rgating! Bolani tarbiyalashning eng yaxshi usuli o‘zingizni tarbiyalashingizdur, deyishgan mashoyixlar.                            

                                                                         O‘z muxbirimiz