Ot chopsa gumburlar tog‘ning darasi

Ot qo‘lga o‘rgatilgan hayvonlar orasida erkatoy, faqat yaxshi sifatlar bilаn tilga olinadigan jonivor. Otning sifatlari el ichida hikmatli gaplar darajasida qadrlanadi.Shu gaplardan birmunchasini eslaymiz: Otning devi bor. Ot bog‘langan hovlidan ziyon-zahmat qochadi.Bitta otning yoliga mingta jannat farishtasi qo‘nib turadi. Ot boqqan odamning ro‘zg‘orida er-xotin janjali bo‘lmaydi.

Otning qozig‘i oltindan bo‘ladi. Egasining risq-nasibasini ziyoda qiladi.

Jin-ajinalar ot kishnagan joydan ming chaqirim nariga qochib ketadi.

Ot mingan odamning yuragi otning kallasiday bo‘ladi. Ot mingan odamga bavosil, qabziyat,  qoroqsoq, bo‘g‘inshishma degan, astma, tutqanoq degan kasallar dorimaydi. Ot mingan, ot boqqan odamning badanidan chipqon chiqmaydi. Allergiya-qichima degan yopishqoq baloi batlar yondoshmaydi. Otning og‘iliga kirib chiqqan odamning tumovi tuzalib ketadi. Ot mingan, ot boqqan odamning bolalari sog‘lom o‘sadi. Ot o‘tlagan dashtning maysa-giyohi to‘yimli bo‘ladi. Ot boqqan odamning uyiga kalamush-sichqonlar, ilon-chayonlar ham aylanmaydigan bo‘lib qoladi.

 Qoraxon bobom Mamadamin degan xotini o‘tib, yolg‘iz yashaydigan oltmish besh yashar oshnasiga “Hoy, Gulboy guppidan qolgan sag‘ira, topgan davlatingni o‘mganingga bosib yotma. Bosib yotganing oxiri kelib dushmaningga qoladi. Bir kunlik umring qolgan bo‘lsa uylan, ikki kunlik umring qolgan bo‘lsa ot min. Qabringda qabirg‘alaring yerga tegib orom yotadigan bo‘lasan” deb hazillashardi.

Xalq og‘izaki ijodida dunyodagi barcha xalqlarning og‘izaki ijodida, jumladan, yozma adabiyotda ham hayvonlarning ichida eng ko‘p tilga olingan, eng ko‘p tarannum etilgan, tarannum etib kelinayotgan jonivor-ot. Don Kixotning Rasinat degan nimjon otini Servantes tengi yo‘q tulporlarga mengzab mehrini to‘kib yozgan. Fozil shoiri Yo‘ldosh o‘g‘li

 Ot chopsa gumburlar tog‘lar darasi,

Ko‘rinmaydi uzoqlardan Boychiborning qorasi,

-deb yuraklari kuyib-yonib, ovozlari sel-sel oqib kuylab o‘tdi.

Qodir baxshi bilan Shoberdi baxshi ot tuyog‘ining dupur-dupurini, yo‘rg‘asini, yugirishini, suvliqlarini g‘achir-g‘uchur chaynashini, hatto pishqirishlarini, kishnashlarini do‘mbiraga solib chertdi. Bu nag‘malarni eshitib turganlar do‘mbiraning pardalari uzra bedovlarning o‘ynoqlayotganini, ko‘pkarida uloq ayirayotganini, poyga marrasi sari shitob bilan uchib ketayotganini ko‘rib turganday bo‘ldilar.

Hasan Sultonov degan bir hofiz “Qorabayir” degan qo‘shig‘ini jaranglatib, gumburlatib kishnaydigan otning ovozi bilan aytgan. Ayta olgan. Namanganda tug‘ilgan, o‘rta bo‘yli, bug‘doyrang, ikkala qo‘liniyam yuragiga mahkam bosib kuylaydigan bu hofiz o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida Termiz shahridagi Mannon Uyg‘ur nomli o‘zbek musiqali darama teatrida ishlagan. Ikki marta qishlog‘imizga kelib, xo‘jaligimizning yozgi klubida konsert bergan. U paytlari ovoz kuchaytirgich moslamalar yo‘q edi. Hofizning ovozi Surxon daryosining narigi betigacha,- Boymoqli degan qishloqqacha yetib borgan.

Hasan Sultonovning “Furqat” kinofilmi uchun aytgan “Fig‘onkim” degan qo‘shig‘i bor. Moskvada, orkestr va uch yuz kishilik xor jamoasi jo‘rligida ijro qilingan qo‘shiq.

Odamlarning ko‘ngli buzilmasin debmi radio shu qo‘shiqni ko‘p vaqtdan beri efirga bermay qo‘ydi.

Buyuk Chingiz Aytmatov ayni navqironlik chog‘ida tabiatning barcha zavq-shavqlaridan mahrum etilgan bechora Gulsarini katta doston, katta qissa qilib yozdi. Bu qissani u Gulsarinnig ko‘z yoshlari bilan yozdi.

Tog‘ay Murod “Ot kishnagan oqshom” qissasida ayg‘irning yovvoyitob ehtiroslarini va baytalning inja noz-karashmalarga monand xatti-harakatlarini, ularning diydorlashuvini go‘yoki chimildiqdagi oshiq-mashuqlarning shirin-shakar visoliga mengzab tasvirlay olgan.

Tog‘ay qorni nonga to‘yib yashaganida yuzga kiradigan yigit edi. Endilikda Tog‘ayning tug‘ilgan kunini har yili tantana-yu dabdaba bilan nishonlaydigan yurtdoshlari, Tog‘ay-bizniki, deb faxrlanadiganlar tirikligida undan bir og‘iz hol-ahvoling nechuk deb so‘raganlarmi-yo‘qmi, bu narsa menga qorong‘i.

Cho‘liboyir tog‘ining kaftdakkina etagida joylashgan, tog‘ning ovloq-ovloq yonbag‘irlarida qo‘nim topgan Oltinsoyni Xizr alayhissalomning nazari tushgan go‘sha deydilar.

Bu go‘shani olamga Olloyor bobo tanitdi. Homid polvonga o‘xshagan polvonlari tanitdi. Bir so‘z bilan bir yil, o‘n yil, alqissa, so‘nggi nafasigacha bahslashib olishib o‘tgan, non chaynamasa chaynamay so‘z chaynagan, issiq jonini so‘zga bag‘ishlab yuborgan Tog‘ay Murod, tog‘aymurodlar tanitdi. Ha, to‘razodalar emas, tog‘aymurodlar tanitdi.

Quyosh dunyo qorong‘ida qolmasin deb o‘z bag‘rini pora-pora qiladi. Uzluksiz portlab turadi. Bir kunda quyoshning 30 million tonna jismi-joni portlab ketadi.

Har bir el koinotning bir parchasi. Har bir mitti parchaning ham o‘z quyoshi, quyoshlari bo‘ladi. Har bir el o‘zining sanoqligina quyoshlari qiyofasida dunyoning ko‘ziga qo‘nish beradi.

Har qanday lof urishlar, ko‘tar-tushirlar, dabdaba-yu as’asalar, maddohlig-u maqtanish-u maqtovlar ma`naviyat va odamgarchilik qutblaridan begonadir.

1993 yilning javzosida Shoberdi baxshi Boltayev bilan Turkmanistonga safar qilganmiz. Chorjo‘y dashtining qoq belida ozodlik va adolat uchun kurashgan lashkarboshi, nafasi o‘tkir Saidnazar Seyediy degan shoirga o‘rnatilgan haykalning ochilish marosimida qatnashganmiz. Haykalda shoir uchqur ot ustida qamchisini o‘ynatgan holda tasvirlangan.

Mamlakat Prezidenti ishtirok qilgan o‘sha tantanali yig‘inda Shoberdi aka Seyediyning

Yurtim uchun shirin jondan kechurman,

Kurashlarda tulpor bo‘lib uchurman,

Lochin bo‘lib bulutlarni quchurman,

-degan she’riga uyqash qilib terma aytdi. Mikrofondan taralgan shirali ovoz va do‘mbiraning sirli nag‘masi jaziramada qaqshab turgan bepoyon dasht-dalalariga fayz-tarovat indirdi. Do‘mbiraning torlari yugirib ketayotgan ot tuyoqlarining dupur-dupuri misol yangradi. Do‘mbira dashtni dupurdatib yubordi. Dukurdatib yubordi. Shu payt hech kim kutmagan voqea sodir bo‘ldi.-Marosimni chetroqdan tomosha qilib turgan chavandozlardan birining qorabayir oti butun tanasini shu ohangga moslaganday bo‘lib turgan joyida to‘rttala oyog‘i bilan sekin-asta yer tepinib boshlagani nigohimni tortdi. Kuzatdim. Otning yer tepinishi tezlasha bordi. Ot tuyoqlari bilan javzoning jaziramasida qaqrab yotgan taqir yerni go‘yo childirma misol gumbirlatib chertib boshladi. O‘mganini baland-baland ko‘tarib, bo‘ynini aylantirib go‘yo’ raqsga tushib boshladi. Quloqlari chimirilib ketdi. Dumlari o‘ynoqladi. Ikkala old oyog‘ini osmonga qirra qilib ko‘targancha kishnab yubordi. Shu otga qo‘shilib boshqa otlar ham kishnab yubordi.

Bo‘ldi qarsaklar. Bo‘ldi olqishlar.

Prezident Shoberdi akani yoniga chorlab bag‘riga bosdi. Qo‘lidagi soatini yechib berdi.

-Aytgan termangizning yarmini men yozib berganman. Soatni cho‘zing bu yoqqa, – dedim o‘sha kuni kechqurun baxshiga.

– Hazillashma Usanovjon, – dedi Shoberdi aka.

-Hazillashayotganim yo‘q. Yozib berganim rostmi. Rost. Gapni cho‘zmang. Soatni cho‘zing, – dedim kulib yubormaslikka harakat qilib.

-Shodmon chappaga (do‘mbirani chap qo‘li bilan chertgani uchun Shoberdi aka Shodmon baxshini chappa deb atardi) o‘xshayverma Usanovjon. Ta`magirlik jomon. O‘lgandan kafan damangir bo‘lgan odam borib-borib qaltiroq kasaliga jo‘lig‘adi.

-Shodmon ta`magir emas. Kattaxo‘r emas. Ayrim hofiz bobolarga, hofiza momalarga o‘xshab falon million qo‘ymasang to‘yingga bormayman deb savdolashib o‘tirmaydi. Berganiga qona qilib ketaveradi paqir. Biron besh-olti so‘m pul bermaganlardan ham o‘pkalanib yurmaydi. Jussasi maydaroq bo‘lganiminan g‘ururi baland. Nazari to‘q.

-Bilmaysanda. Qilig‘i jomon shu chappaning. Bir marta meni o‘xshatib chuv tushirgan. Ona sutimni og‘zimdan keltirgan, bo‘ynimga burov solgan juvarmak.

– Nima qilgan, – deb qiziqsindim.

Shoberdi aka qo‘lini ko‘ziga yaqinlashtirib olib ilkis siltadi. Muxbir zotiga gap aytgiligi jo‘q. Aytib bersam bir gapga ming gap chatib shamolga shopirasan dedi. Birozdan so‘ng lekin qistamasam ham o‘zi aytib berdi. Aytdiki, ikkovlari bir gal Sho‘rchiga, Yo‘ldosh chobag‘onning to‘yiga borganlar. Tong otguncha terma-doston aytganlar. To‘y egasi mendan nishona deb Shoberdi akaga kattaroq tugun, Shodmon baxshiga kichikroq tugun tutqazgan. Shodmon baxshi, ustoz, tugunning kattasini doim o‘zingiz olaverassimi. Shu martaga tugunlarni almashtiraylik degan.

-Hazillashma bola. Birovning haqiga damangir bo‘lma. Damangir odam borib-borib qaltiroq kasaliga jo‘lig‘adi, – degan Shoberdi baxshi shogirdiga.

Ular Shoberdi akaning oq Jigulisida uylariga qaytishgan. Shoberdi aka yo‘l-yo‘lakay Shodmonning uyiga tushgan. Choy ichgan. Yonboshlagan. Jinday ko‘zi ilingan. Shodmon baxshi endi rostakamiga hazillashgisi kelgan. Shumligi tutgan. Shoberdi akaning tuguniga ikkita sochoqli shol ro‘mol, ayollarning ichki kiyimlarini qo‘shib qo‘ygan.

-Sho‘nda yangang o‘lgir arazlab menga bir hafta choy damlab bermay jurdi, –  dedi Shoberdi aka.

Men kulib yubordim. Bu gapni hozir boshqalargayam aytib beraman dedim. Shoberdi aka qulog‘imdan mahkam changallab oldi. “Aytsang solaman boshingga do‘mbira bilan” dedi. “Hazil, hazil” dedim. Mening hazil ko‘taradigan fe’lim jo‘q. Hazilingni anov shlyapangning qiyshaygan lapariga qistirib qo‘y. Bir soat bilan ko‘ngling topilsa, mavridi kelar, ob berarman dedi.

Quloqlarim yaxshi. Bolaligimda qushnach momalar va keyinchalik hurmatli muallimlarim, ayniqsa Bozorov degan arifmetika muallimi savodimni chiqaraman deb tortaverib quloqlarimni cho‘zib supraday kattartirib qo‘yishgan. Har qaysi bir changalni to‘ldiradi.

Oynaga qarasam baxshi changallagan shalpang qulog‘im gulobiday qizarib ketgan ekan.

Safardan qaytganimizdan so‘ng “Otni kishnatgan baxshi” degan maydagina maqola yozdim. “O‘zbekiston ovozi” gazetasida baxshining surati bilan chiqdi. Bundan xursand bo‘lib Shoberdi aka menga to‘n yopgan.

Yaqinda, 2023 yilning yozida hol so‘rash uchun Shoberdi akaga telefon qildim. Lebab viloyatiga qilgan o‘sha to‘rt kunlik safarimizni, safardosh-yo‘ldoshlarimizni eslatdim. Safardoshlarimiz viloyat hokimining o‘rinbosari Qo‘chqor Axmedov, Muzrabot tumani hokimi Abdihalil Namozov, Sho‘rchi tuman hokimi Eshbolta Shermatov (marhum), “Surxon tongi” gazetasining bosh muharriri Geldimurod Saidmalikov (marhum)lar edi. O‘tgan birodarlarini xotirlaganidanmi yo ozroq dardmandligi asar qildimi, telefondan baxshining chuqur-chuqur xo‘rsingani eshitildi. “Hoy, Usanov, sadag‘ang ketay Usanovjon, Olimjonmidi oting, sen ham qariyapsan chog‘i, sergaproq bo‘p qopsan. Ko‘p chuldirama. Yaramni yangilama. Oldingi Shoberdi bormi hozir. Yaratganga beadad shukur, saksondan sakradim. To‘qsonni qoralayapman. Umr o‘tdi, o‘tdi, o‘tayapti bizdan ham besh kunlik yolg‘onchi dunyo, besh kunlik davru davron! O‘tar ekan hammasi” dedi. So‘ng bo‘g‘iq ovoz bilan,

Dunyosan-a, dunyosan, eski qo‘rg‘onsan,

Oshiqlarga senam-a qandolatdan shirinsan.

Senga kelib kimningo-o ko‘ngli shod o‘ldi,

-deb terma aytib boshladi. Men yana jim turmadim. Termasi tugagach, baxshinnig Mastona degan qo‘shiqchi bilan aytishuvlarini eslatdim. “Sen, Usanov, muxbirligingga borib yana ezmalanayapsan. Mayda gap bo‘p qopsan. O‘rtanib ketayapman. Yonib ketayapman. Ezmalanma deyapman-ku. Yig‘lab yuboraman hozir. Dunyo g‘animat ekan. Bilmagan ekanmiz. Tirik bo‘lsang, do‘stim bo‘lsang, hoy Usanovjon, Olimjonmidi oting, qari boyo‘g‘liga o‘xshab menga uzoq-uzoqlardan big‘illab sayrayverma. Uyga kel. Do‘stmisan, yonimda tur. Odam g‘aribi bo‘p qoldim. Gurunglashamiz” dedi. Yana xo‘rsindi. Yig‘lab yubordi. Shu holiga yana ovozlari ming xil tovlanib terma ayta ketdi.-

Men bir g‘arib, sen bir g‘arib,

Men bir sag‘ir, sen bir sag‘ir.

Dunyo sag‘ir, qo‘rg‘on sag‘ir…

Bo‘tadayin bo‘zlayman, do‘mbiramni sozlayman.

Sodiq sirdosh izlayman, dardim kimga so‘zlayman…

Ha-ay, osmonda bor tong julduz,

Xudoning nuri siz-u biz.

Tilla qalpoq, bo‘tako‘z,

Qunduz telpak, shirin so‘z…

Gap keladi shoir odam tilidan,

Adashmasin hech bir banda yo‘lidan…

Shoberdi akaning sen bir sag‘ir degan gapidan hayolimga lop etib to‘rt yil avval uyim singani, Shoberdi aka bir kunlik yo‘ldan kelib ta`ziya berib ketgani urildi. O‘pkam to‘lib-toshib ketganday bo‘ldi. Men beixtiyor baxshi aytib turgan termani o‘zimcha oldin ichki ovoz bilan, so‘ng barallasiga takrorlab boshladim.

(Davomi kelgusi sonda)

Olimjon Usanov