KITOBLARGA MEHR QO‘YING

Tuman tibbiyot birlashmasi ma`naviy ma`rifiy ishlar bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Abdurasul Cho‘liboyev ko‘p yillardan buyon sog‘liqni saqlash sohasida mehnat qilib, kitobga va ijodga mehri balandligini amalda ko‘rsatmoqda. Uning samimiyligi, shirinsuxanligi mehnat faoliyati va ijodida yaqqol namoyon bo‘idi. Insoniy fazilatlarni kitoblar o‘qib, o‘rgangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi, albatta. Mehr va ma`naviyat bulog‘i ijodkor va shifokor timsolida yanada yoqimli, ayni muddao bo‘lganini qalbdan bilib xursand bo‘layapmiz. Gazetamiz obunachilari, mutolaa madaniyatiga ega bo‘lgan yurtdoshlarni kitoblarni yaxshi ko‘rib o‘qigan va samimiy so‘zlar sohibi bilan suhbatdan bahramand etamiz.

-Necha yoshdan kitobga mehr qo‘ygansiz?

-Maktabda 6-sinfda o‘qirdim o‘qituvchimiz odatiy savol bilan: “Kelajakda kim, qanday kasb egasi bo‘lmoqchisizlar” deb so‘rardi. Sinfimizda hamma har xil kasbni: kosmonavt (fazogir), shifokor, muhandis, o‘qituvchi bo‘lish orzusini aytar, lekin hech kim men cho‘pon bo‘laman, demasdi. Hammaning orzulari osmon qadar edi. Ko‘pchilik Yuriy Gagaringa qiziqar edi. Chunki mashhurlik shu darajada ediki, yer yuzida bu gapni eshitmagan, bilmagan kimsa kam edi. Fazogirning tug‘ilgan akasi Valentin Gagarin haqida rus tilida “Moy brat Yuriy”, keyinchalik o‘zbek tilida ”Mening ukam Yuriy” deb nomlangan kitobini o‘qib chiqib fazogir bo‘lish sharafiga muyassar insonni tarbiyalagan ibratli Gagarinlar oilasi haqida ezgu tasavvur qilib kitob o‘qishga mehr qo‘ya boshlaganman.

-Ilk o‘qigan kitobingiz sizda qanday taassurot uyg‘otdi?

-Maktab davrimizdayoq darslardan ham Alisher Navoiyni ko‘p o‘qirdik. Chunki Alisher Navoiy milliy adabiyotimizning g‘ururi, sha`n-u sharafini dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san`atkoridir. Shu bois ham u kishiga avliyolar avliyosi degan maqom berishgan. Keyinchalik Alisher Navoiyning “Qaro ko‘zim”, “Topmadim” g‘azallari to‘plami, Ahmad Yassaviyning “Hikmatlar” to‘plami, o‘zbek adabiyoti bo‘stonidan “Muborak maktublar”, “Hayot vasfi” g‘azallar to‘plami va ruboiylari yoki rus tilida I. Braginskiyning “12 muniatyura” deb nomlangan kitobini Rudakiy, Firdavsiy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Rumiy, Nosir Xisrav, Sa`diy Sheroziy haqida yozgan kitobini o‘qir ekansan, haqiqatda Prezidentimizning I, II renessans haqida so‘z yuritganlari qanchalik to‘g‘ri ekanligiga guvoh bo‘lasan, kishi. Kelajak vorislariga shunday bir sharoitni yarataylikki ular III renessansni yaratsinlar deb ko‘p bora aytdilar.

– O‘qigan asarlaringiz ichida qaysi ibratli jihatlaridan ta`sirlandingiz?

-“Hotamnoma” kitobini o‘qib hotamtoyning sarguzashtlarida saxiylik bobida ibrat ko‘rsatganligi, “Haqiqat manzaralari” kitobida 96 mumtoz faylasufning hikmatlari, aforizmlarini o‘qib so‘z boyligimni oshrishga harakat qilganman. Ozod Sharofiddinovning sobiq ittifoq o‘zbek adabiyoti asoschilaridan biri bo‘lgan Abdulla Qahhor haqida uning ulkan iste`dod egasi ekanligi, so‘zning sofligi, jangovorligi va hayotiyligi uchun romanlar, qissalar, hikoyalari haqidagi kitobini o‘qib yoki bo‘lmasa Abduqahhor Ibrohimovning “Ruhiy oziq maxzani” nomli kitobini o‘qib – go‘yo poklanish, qalban ulg‘ayish, odam ichki dunyosi, irodasiga baquvvatlik, beqiyos kuch berib iymon, e`tiqodini butun qilganday bo‘ldi.

– Shu vaqtgacha taxminan qancha kitob o‘qidingiz?

– Uyda kitob javonimda taxminan katta-kichik 170 ga yaqin kitobim bo‘lib, uning 50 dan ziyodrog‘i tibbiyotga oid kitoblardir. Bir voqeani doim eslayman 7-sinflar chamasi edi. Dadam meni o‘zi bilan ish joylariga avtokolonnaga ishga olib bordilar. Shu payt yuqori tashkilotdan kelgan bir odam familiyasini aniq eslab qolganman Grabilin degan kishi majlisni boshqarib har bir so‘zni joyida ishlatib, ibratli gaplar bilan ishtirokchilar qalbini go‘yo yorug‘ hayajonga to‘ldirdi. O‘shandayoq men ham ko‘proq o‘qib, so‘z boyligimni oshirishim kerak degan orzuni maqsad qilgandim. Oxirgi yillar shoira Tursunoy Sodiqovaning erkak va ayollarning umr bekatlaridagi insoniy burchlari, juftlik mas`uliyati, ro‘zg‘or tutish san`ati haqida qiziqarli mulohaza bildirgan kitobi ham yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Yoshlar o‘qisa foydadan holi bo‘lmas.

– Oxirgi o‘qigan kitobingiz?

– Biz Termiziylar xoki jo bo‘lgan yurt farzandlarimiz. Shu bois Termiziylar haqida ko‘proq bilishimiz joizdir. Buyuk Termiziylar “Imom Abu Iso at-Termiziy va Termiziy allomalar” kitoblarini o‘qiyapman…

– Yosh avlodga qanday tavsiyalar berasiz?

– To‘g‘ri so‘z bo‘ling! Chunki to‘g‘ri so‘z qalblarni charog‘on etadi, o‘z noningizni halol mehnat bilan toping. Otalarimizga shu zamon rizq bergan, bizlarga ham berdi, desak farzandlarimizga ham beradi. Shu bois bu zaminda kindik qonimiz to‘kilgan ekan, har bir nafasimizga ikki bora shukronalik bilan yashash kerak. Xolis va ezgu ishlar bilan band bo‘lish kerak. El yurtga naf yetkazadigan, tiriklik mazmunini teran anglab, nafaqat bugungi hayot lazzatlari, balki oxirot haqida, uning obod bo‘lishi haqida o‘ylab yashash kerak. To‘g‘ri maslahat oltindan qimmat deydilar. Shunday ekan ustozlarning o‘gitlariga quloq tuting. Yoshi katta insonlarning qadriga yetish kerak. Xiyonatkor bo‘lmang! Xiyonat qildingizmi demak do‘stingiz sadoqati ildiziga bolta urgan bo‘lasiz. Riyokor bo‘lmang! Yolg‘onchi bo‘lmang! Odamzod qaydan, qachon paydo bo‘lgani faqat tangriga ayondir. Bu dunyoda barchamiz mehmon. Nomai amolingizni yaxshilikka yo‘ying, ezgu ishlar qiling!

                                                                                                       N. MUHAMMADIYEV

                                                                                                                 Suhbatlashdi