Pedagogning quvonchli yutug‘i

Qumqo‘rg‘on tumanidagi 11-bolalar musiqa va san`at maktabining qashqar rubobi sinfi I toifali o‘qituvchisi Raximov Izatullo Xidoyatovich ko‘p yillardan buyon shu ta`lim muassasasida faoliyat yuritib kelayatgan mutaxassisligi va tajribalari bilan hurmatga erishmoqda. U mehnat faoliyati davomida o‘quvchilarga qashqar rubobi cholg‘usini o‘rgatish bilan birga bolalar uchun ko‘plab asarlarni notaga tushirib, qo‘shiqlar yozib kelmoqda. Hozirda u o‘qitayotgan o‘quvchilar viloyat, respublika va xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlar, festivallarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallashmoqda.

Mohir pedagog bugungi kunda  o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda yosh pedagoglarga ish usullarini o‘rgatmoqda. Xalq cholg‘ulari bo‘limidagi yosh o‘qituvchilariga o‘quv-tarbiyaviy ishlarni sifatli tashkil etish, ta`lim samaradorligini va o‘quvchilarning ijrochilik mahoratini oshirish, musiqa ta`limini keng ommaga targ‘ib qilishni o‘rganish, ularning pedagogik mahoratlarini oshirish, hujjatlarni to‘g‘ri yuritish ishlarida uztozlik qilmoqda. Bu tajribali pedagogning ibratli mehnat faoliyati ommaviylashtirildi.

I toifali o‘qituvchi Izatullo Raximovning “Ta`lim sohasini rivojlantirishda zamonaviy yondashuvlar va unga qaratilgan yechimlar” hamda yozgan yuzdan ziyod asarlari xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida o‘rnak sifatida tavsiya etildi. “Scientifik Academy” ilmiy tadqiqot markazi tashabbusi bilan ta`lim sifatini oshirishga ko‘maklashish, raqamli texnologiyalarni jorish etishda yoshlarning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilishda targ‘ibot-tashviqot olib borish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish, xalqaro e`tirofga erishish, ta`lim jarayonini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish maqsadida “Ta`lim sohasidagi xizmatlari uchun” tanlovi o‘tkazildi. 11-bolalar musiqa va san`at maktabida ko‘p yillardan buyon faol mehnat qilayotgan bu pedagog Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi miqyosida tashkil etilgan “Ta`lim sohasidagi xizmatlari uchun” esdalik ko‘krak nishoni, sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

       Nasiba SAXIBOVA,

Qumqo‘rg‘on tumani 11-bolalar musiqa va san`at maktabining o‘quv-ma`rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari