BU YIL QISH ILIQ KELDI

HOZIRGI KUNDА QUMQO‘RG‘ONLIKLIKLАR

 DEHQONCHILIKDA NIMАLАRGА E`TIBOR BERISHI

                                KERАK

 Bu yil qish nisbatan iliq kelmoqda. Qumqo‘rg‘on tumani iqlim sharoitidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu qishloq xo‘jaligi ekinlarining zararli organizmlari qishdan deyarli betalofat chiqayotganini anglatadi. Bundan tashqari, qishda yog‘ingarchilik deyarli bo‘lmayotganligi, kunduz kunlari nisbatan quruq va iliq, tunda esa havoning keskin sovib, qirov va shudring tushishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun hozirda ko‘pchilik o‘simliklar stresga tushib, sarg‘ayib, nimjon bo‘lib, dehqonlarda yetarli xavotirlarni uyg‘otmoqda. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda tumanda 2024 yil mavsum davomida ekin maydonlarini, xususan g‘alla, bog‘ maydonlari, issiqxona xo‘jaliklarida zararkunanda, kasallik va begona o‘tlar rivojlanishi, tarqalishi bo‘yicha muntazam kuzatuv nazorat ishlarini amalga oshirish zarur. Buning uchun g‘alla klasterlari har bir hududga bittadan malakali va bilimli agranom mutaxassislarni ishga olishi va oylik maosh bilan uzluksiz ta`minlashi zarur bo‘ladi. Bu yil mavsumda agranomlarning mehnati va bilimi juda asqotadi. Zararli organizimlar qishlab qolgan ariq-zovurlar va dala atrofidagi begona o‘t qoldiqlarini, har xil turdagi butalarni tozalab yo‘q qilish tavsiya etiladi. Bog‘larda ham qator oralarini begona o‘t qoldiqlaridan tozalab, kuz-qish mavsumida mis kuparosi sepilmagan bo‘lsa, 1 yoki 3 foizli Bordo suyuqligi sepib profilaktik ishlov o‘tkazish zarur bo‘ladi. Chunki bu o‘simlik qoldiqlari, ariq-zovurlardagi o‘t-o‘lanlar zararkunanda hashorotlarning asosiy qishlab qoladigan manbasi hisoblanadi.

G‘allachilik bo‘yicha gapiradigan bo‘lsak, hozirgi kunda kuzatilayotgan ob-havo g‘alla o‘simliklarini stresga tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, g‘alladagi ba`zi begona o‘tlar rivojlanishi uchun o‘ta qulay sharoit bo‘layotganligi sababli  g‘alla mayldonlarida turli xil bir yillik ikki pallali, ko‘p yillik ikki pallali begona o‘tlar g‘allaga nisbatan juda tez rivojlanmoqda. Mazkur holatlarda klasterlar, dehqon va fermer xo‘jaliklari shoshmasdan, o‘simliklarni himoya qilish mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda gerbitsidlarni olib kelib, yetarlicha zaxira qilib, ilmiy asoslangan qarshi kurash choralarini qo‘llasalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ob-havo ta`sirida stresga tushgan g‘alla maydonlariga yerdan shudring va qirov ko‘tarilgandan keyin, harorat +15S +20S bo‘lganda kalsiy va magniy mezoelementlar mujassam bo‘lgan mikroelementli suyuq o‘g‘itlar kompleksi bilan suspenziya qilish tavsiya etiladi. Oziqlash tadbirlarini o‘z vaqtida samarali o‘tkazish zarur. Sug‘orilanayotgan g‘alla maydonlari dala chetida qazilgan handaklarda yig‘ilgan mahalliy o‘g‘itlar orqali sharbat usulida sug‘orish hosildorlikning yaxshigina ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Ko‘plab fermer xo‘jaliklarini bir necha yildan beri qiynab kelayotgan g‘alla maydonidagi “Qushqo‘nmas” begona o‘tini yo‘qotishning eng samarali usuli bu mexanik usulda o‘toq qilib olib tashlash bo‘lib turibdi. Bir nechta gerbitsidlarni sinab ko‘rgnimizda ularning samarasi 30 foizdan oshmayapti. Shaxsan qo‘llagan usullarning eng samaralisi o‘toq qilib yulib olib tashlash bo‘lib turibdi.

Kuzatuvlarimizga asosan, g‘alla maydonlariga bu yil zararli xasva, g‘alla shirasi va shilimshiq qurt zararkunandasining huruji har yilgidan bir necha baravar kuchli bo‘lishi kutilmoqda. Bu zararkunandalar huruji paytida pilla mavsumi boshlanishini inobatga olsak, ushbu zararkunandalarga qarshi faqat biologik ishlov berish zarurati tug‘iladi. Sababi yuqoridagi zararkunandalarga qarshi har qanday insektitsidlarni sepish bu pilla qurtlarining qirilib ketishiga olib keladi. Bunday vaziyatda biologik qarshi kurash optimal yechim bo‘ladi. Bu yilgiday og‘ir vaziyatni yumshatish, mavsum davomida biologik qarshi kurash uchun muntazam va yetarlicha biomahsulotlar ishlab chiqarish uchun hozirdanoq tumanda mavjud biolaboratoriyalarni kerakli asbob-anjomlar, ozuqa mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qoplash uchun mablag‘lar ajratib uzluksiz maksimum ish rejimiga o‘tkazish juda zarur. Аgar biolaboratoriyalarda hozirdan maksimum ish rejimiga o‘tilmasa hech qanaqasiga tumandagi qishloq xo‘jalik maydonlarida biologik qarshi kurashish uchun biomahsulotlar yetkazib berib bo‘lmaydi. Klasterlar mas`uliyatni his qilgan holda biolaboratoriyalar uchun pul mablag‘larni o‘z vaqtida yetarlicha ajratsalar yaxshi bo‘lardi. Zeroki, bugungi harajat ertangi daromad degani.

Paxtachilik sohasida kuzda obi-tobida shudgor qilingan dalalarni tekislab, pushta olish ishlarini amalga oshirish lozim bo‘ladi. Tekislab pushta olinayotganda dalaning ortiqcha nam bo‘lmasligi, loy bo‘lmasligi, kessak ko‘chib qolmaganligiga e`tibor berish kerak. Аgarda mana shu omillar e`tiborga olinmasa, palapartish tekislash va pushta olish ishlari amalga oshirilsa tuproqni ekishga tayyorlashda katta xatolik keltirib chiqarib tuproqning zichlashib qolishiga, tuproqda donadorlik yo‘qolib havo almashinuvi izdan chiqishiga olib keladi. Natijada esa ekilgan paxta ko‘chatlarida moddalar almashinuvi izdan chiqib, hosildorlikning keskin pasayib ketishiga sabab bo‘ladi. Obi-tobida sifatli shudgor qilingan dalalarni tekislab, pushta olib qo‘yilsa, chigit ekilgunga qadar tuproq joylashib yog‘ayotgan yomg‘ir va qorlar natijasida namlikni ushlab turadi. Аgarda yog‘ingarchilik yaxshi bo‘lib namlik yetarli bo‘lsa, chigitni pushta suvi olmasdan ekish imkonini beradi. Bu esa bu yilgi qurg‘oqchil sharoitda ancha asqotadi.

Yildan yilga suv tanqisligi kuzatilayotganini inobatga olsak tomchilatib yoki yomg‘irlatib sug‘orish tizimini imkoni boricha tezroq va sifatli qilib dalaga o‘rnatish kerak bo‘ladi. Ertami, kechmi baribir asosiy maydonlar mana shu tizimga o‘tadi. Аyni mana shu tizim bo‘yicha barcha mutaxassislar bir yoqadan bosh chiqarib tomchilatib yoki yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy qilingan maydonlarda, o‘simliklarni zararli organizmlarga uyg‘unlashgan qarshi kurash ishlarini tashkil qilish zarur bo‘ladi. Umuman barcha qishloq xo‘jalik ekinlarida har qanday agrotexnik ishlarni bajarishdan, kimyoviy yoki biologik qarshi kurash tadbirlarni amalga oshirishdan avval, albatta, o‘simliklarni himoya qilish mutaxassisi bilan maslahatlashing. Bu oltin qoida.

                       A.MIRZAYEV,    

Qumqo‘rg‘on tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

                                     Y. JONNAZAROV,

 O‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha mutaxassis