SOTIB OLINGAN MEBEL YAXSHISIGA ALMASHTIRILDI

Hozir savdo do‘konlari soni ko‘payib, xilma-xil zamonaviy mahsulotlar keltirilib sotuvga chiqarilgan. Sotuvchilar xaridorlarning ehtiyojlariga mos ravishda savdo xizmatlarini amalga oshirishi kerak. Qumqo‘rg‘on tuman Mehrobod mahallasi Elbayon-2 ko‘chasi 30-uyda yashovchi iste`molchi A. P. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) 2023 yil 19 oktabr kuni O‘zbekiston Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Ishonch telefoniga murojaat qilib savdo do‘konidan xarid qilishga buyurtma berilgan mebel o‘rniga boshqacha xili o‘rnatilganligi va nuqsoni borligi haqida shikoyat qildi.

Qumqo‘rg‘on tuman “Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati”ning 2023 yil 23 oktabrdagi № 23 i/ch-sonli buyrug‘iga asosan bu murojaat o‘rganildi. Qumqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan YaTT Raxmonov Dilmurodga qarashli mebel do‘konida uning rahbari B. G. va sotuvchi E. L. (ismlar va familiyalar o‘zgartirildi) ishtirokida o‘rganish o‘tkazilganda haqiqatan ham iste`molchi 2023 yil 17 avgust kuni sotuvchiga mebel sotib olish uchun tanlab buyurtma berganligi ma`lum bo‘ldi. O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, do‘kon sotuvchisi buyurtmani qabul qilib, pulni to‘liq olgandan keyin do‘kon rahbaridan mebelni berib yuborgan. Do‘kon rahbari mebelni buyurtmachining Sho‘rchi tumanidagi uyiga olib borib o‘rnatgan. Bu mebel buyurtma qilingan mebel emas, boshqacha va nuqsonli bo‘lgan. Bu holat bo‘yicha do‘kon sotuvchisiga O‘zbekiston Respublikasining “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda nuqsoni bor mahsulotlarni almashtirish tartibi tushuntirilib, iste`molchiga yaxshi mebel jamlamasi berildi.

                                                                                                             B. BURIYEV,

                           Qumqo‘rg‘on tuman IXXQJ bosh hisobchisi

                                                                                   U. MARDANAQULOV,

Qumqo‘rg‘on tuman IXXQJ Huquqiy himoya mutaxassisi