“Qo‘ziqorin”dan zaharlanishdan ehtiyot bo‘ling!

Zamburug‘larning tabiatda 100 mingdan ortiq turi ma`lum bo‘lib, hayvonot va o‘simliklar dunyosining alohida guruhi hisoblanadi. Ayrim vaqtlarda iste`molbop turlar zavod va katta yo‘l atrofida o‘sadigan bo‘lsa havoni filtrlash hisobiga iste`mol uchun yaroqsiz holga kelishi mumkin. O‘zbekistonda qalpoqchali zamburug‘larning 100000 dan ortiq turi ma`lum bo‘lib, shulardan 20-25 taga yaqin turi iste`molga yaroqli, 7 ta  turi zaharli va qolganlari iste`mol uchun yaroqsiz turlarga bo‘linadi.

Beqiyos diyorimizda bahor hamda kuz oylarida qir-adirlarda, maysalar orasida va ariq bo‘ylarida  har xil turdagi qo‘ziqorinlar o‘sa boshlaydi. Ko‘cha-kuylarda, katta avtomagistral ko‘chalarda ba`zi shaxslar tomonidan iste`mol qilinish mumkin bo‘lgan va iste`molga yaroqsiz zaharli qo‘ziqorinlarni sotish holatlari kuzatilmoqda. Iste`mol qilishi mumkin bo‘lgan va zaharli qo‘ziqorinlarni turlarga ajratish juda murakkab. Ko‘p hollarda ular bir-biriga o‘xshab ketadi. Iste`molga yaroqli qo‘ziqorinlarga: oq qo‘ziqorin, qizil qo‘ziqorin, shampinion va opyonoq kiradi.

Zaharli qo‘ziqorinlarga: qizil muxamor, kulrang muxamor, stanin, sariq soxta qo‘ziqorin va boshqalar kiradi. Tuzlangan yoki marinovka qilingan qo‘ziqorinlarni ruxlangan idishlarda saqlanganda ham zaharlanish ro‘y berish mumkin. Smorchoq va strochoq qo‘ziqorinlaridan noto‘g‘ri taom tayyorlanganda ham zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin. Tarkibida zaharli gelvelat kislota bo‘lib, u suvda yaxshi eriydi, shuning uchun smorchoq va strochoq qo‘ziqorinlarini iste`mol qilishdan oldin qaynatib, suvini to‘kib tashlashi kerak.

Avtomagistral yo‘l yoqalari, zaharli og‘itlar hamda kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning tevarak-atroflarida o‘sadigan qo‘ziqorinlardan ham zaharlanish mumkin. Chunki mashinalardan chiqadigan is gazlar va zaharli moddalarni qo‘ziqorinlar mochalkaga o‘xshab, o‘z tarkibiga singdirib oladi va bunday holatlarda iste`molga yaroqli bo‘lgan qo‘ziqorinlardan ham zaharlanib qolishi mumkin. Yig‘ilgan qo‘ziqorinlarni iste`mol qilganda bir yoki bir necha shaxslar zaharlanadi. Qo‘ziqorindan zaharlangan vaqtda kasallik belgilari iste`mol qilingan qo‘ziqorinning turiga qarab, quyidagicha namoyon bo‘ladi. Masalan; qizil muxamor tarkibida muskaridin va muskarin alkaoidlari mavjud. Qizil muxamordan zaharlanganda kasallik belgilari 1-2 soat o‘tgach namoyon bo‘ladi.

Asab tizimi faoliyatida o‘zgarishlar, bu ayniqsa zaharlanish uchun xarakterli belgi hisoblanadi. Bundan tashqari, so‘lak oqishi, ko‘p terlash, ko‘zdan yosh oqishi kuzatiladi, tomir urishi (puls) sekinlashadi va sustlashadi, alaxsirash (galyusinatsiya), titrash kuzatiladi, bemorlarda ayniqsa, ko‘z qorachig‘ini kengayishi (muskaridin)ning yoki ularning torayishi (muskarin)ning ta`siri natijasida kuzatiladi. Bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilsa, odatda 1-2 kundan keyin ular sog‘ayib ketadilar. Aksincha shifokorga murojaat qilmasa yoki o‘z vaqtida davo choralari ko‘rilmasa, bemorning ahvoli og‘irlashib, ba`zan bu holat o‘lim bilan yakun topishi ham mumkin.

Bunday noxush holatlarning kuzatilmasligi uchun har bir shaxs adabiyotlardan va shu mavzudagi ma`lumotlardan foydalangan holda zaharli qo‘ziqorinlardan iste`molga yaroqlisi ya`ni zaharlanmaganini ajrata bilishi lozim. Bozorlar va savdo do‘konlaridan qo‘ziqorin xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, gigiyenik va muvofiqlik sertifikatlari hamda veterinariya-sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan ma`lumotnomani talab qilish kerak bo‘ladi. 

                   X. TOG‘AYEV,

Qumqo‘rg‘on tuman SEO va JS bo‘limi sanitariya vrachi