TO‘G‘RI OVQATLANISH GAROVI

Salomatlik inson uchun eng muhim bo‘lgan ne`matlardan biri. Uni o‘z vaqtida asrash uzoq va baxtli hayot kechirish omilidir. Sog‘lom va barkamol insongina jamiyat rivojiga hissa qo‘shadi, barcha jabhada faol ishtirok etadi, hayot tuhfalaridan bahramand bo‘ladi. Yangi 2024 yil kirib kelayotgan chog‘da bayramni nishonlashga intilish, turli oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish, dasturxonlarga tortiq etish kabi sa`y-harakatlar ko‘payadi. Sifatsiz, sanitariya-gigiyena talablariga amal qilmasdan tayyorlangan, iste`molga yaroqsiz, muddati o‘tgan mahsulotlarni sotish va ularni iste`mol qilish salomatlikka ziyon yetkazadi. Buni bayram payti va boshqa mahallarda ham yodda saqlab, amal qilish zarur.

Hozirgi paytda xalqaro, milliy va mahalliy darajalarda oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi haqidagi axborotga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari sari tamoyili”da 5 ta asosiy usul – oziq-ovqat mahsulotlari iste`moli bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olishda kundalik hayotimizda rioya qilinishi lozim bo‘lgan oddiy qoidalar bilan belgilab berilgan. Bu qoidalarni bilib, har kuni bajarsangiz, o‘zingiz va atrofdagilar salomatligini asraysiz. Biz sizning e`tiboringizni ana shu jihatlarga jalb etmoqchimiz.

 Birinchidan, tozalikka rioya qilish, ya`ni oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘lga olish va taom tayyorlashdan oldin, hojatxonadan chiqqandan keyin qo‘lini yuvish, ovqat tayyorlash jarayonida foydalaniladigan barcha narsalar yuzasi va oshxona anjomlarini yaxshilab yuvish va zararsizlantirish, oshxona va oziq-ovqat mahsulotlarini hasharotlar va kemiruvchilar va boshqa jonivorlar tomonidan ifloslanishidan himoyalash.

Ikkinchidan, xom mahsulotlar va tayyor oziq-ovqatlarni bir-biridan ajratish, ya`ni xom go‘sht mahsulotlarini boshqa mahsulotlardan alohida saqlash, xom mahsulotlarga ishlov berish paytida alohida oshxona anjomlaridan, pichoq taxtakachlardan foydalanish, xom mahsulotlar bilan tayyor mahsulotlarni bir-biriga ta`sir ko‘rsatmasligi uchun alohida og‘zi yopiladigan idishlarda saqlash.

Uchinchidan, mahsulotlarni yaxshilab pishirish va qovurish,  ya`ni ayniqsa go‘sht, tuxum va dengiz mahsulotlarini yaxshilab qovurish yoki pishirish, sho‘rva va qovurdoq taomlarni qaynash darajasigacha yetkazish.

To‘rtinchidan, oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz haroratda saqlash, ya`ni tayyorlangan taomlarni xona haroratida 2 soatdan ortiq saqlamang. Barcha pishirilgan va tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini sovutgichda past haroratda saqlang, tayyor taomlarni dasturxonga tortguncha issiq holda saqlang, taomlarni hatto sovutgichda ham uzoq vaqt saqlamang.

Beshinchidan, toza suv va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlaridan, ya`ni xavfsiz suvdan foydalaning yoki ishlov berish yo‘li bilan uning xavfsizligini ta`minlang. Yangi va sifati buzilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini tanlang. Xavfsizligini ta`minlash borasida termik ishlov berilgan mahsulotlarni, masalan pasterizatsiya qilingan sutni tanlang. Meva va sabzavotlarni yaxshilab yuving. Yaroqlilik muddati o‘tib ketgan, ishlab chiqaruvchisi noaniq bo‘lgan, sifati kafolatlanmagan mahsulotlarni iste`mol qilmang. Kundalik hayotimizda yuqoridagi oddiy qoidalarga rioya qilinsa oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olishimiz mumkin.

                                                                                                          O. TANGIROV,

Qumqo‘rg‘on tuman SEO va JSBning  Sanitariya-gigiyena bo‘limi mudiri