Fuqarolar o‘z huquq va manfaatlarini buzayotgan mansabdor shaxslar qarorlari ustidan ma’muriy sudga murojaat qilganda davlat boji to‘lamaydi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ–897-son, 16.01.2024 y.) bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘z huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzayotgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Mazkur shaxslarning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi.

Bunday holatlarda fuqarolardan berilgan arizalar bo‘yicha undiriladigan davlat boji BHMning 70 foizi etib belgilandi (ilgari BHMning 1 baravari miqdorida edi).

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markaz bosh yuriskonsulti Xursandov Olim.

Darslarda foydalanish uchun har yili 50 tagacha o‘quv-uslubiy film ishlab chiqariladi

Hukumat qarori (24-son, 13.01.2024 y.) bilan Respublika davlat ta’lim muassasalarida dars o‘tish uchun foydalaniladigan o‘quv-uslubiy filmlarni ishlab chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

📝 Nizomga ko‘ra, ta’lim muassasalarida dars o‘tish uchun foydalaniladigan o‘quv-uslubiy filmlar mavzulari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Har yili 30 yanvargacha filmlarning tasdiqlangan mavzulari ro‘yxati Kinematografiya agentligiga taqdim etiladi. Shunga ko‘ra, Agentlik tomonidan har yili 50 tagacha film ishlab chiqariladi.

Bunda filmlarning mavzulari o‘quvchi va talabalar o‘zlashtirishi murakkab bo‘lgan fanlar, ularning asoslari, mavzulari (formula, teorema, qonuniyatlari) asosida shakllantiriladi. Filmlarni joylashtirish uchun 2024 yil 1 aprelgacha o‘quv-uslubiy filmlar portali va mobil ilovasi yaratiladi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markaz bosh yuriskonsulti Mamatov Faxriddin.

“Jinoyat omillari” moduli yaratiladi

“Kriminologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-22-son, 15.01.2024 y.) qabul qilindi.

Quyidagilar respublikamizda kriminologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi, xususan:

jinoyatchilik, shu jumladan latent jinoyatchilik tendensiyalarini tizimli ravishda tahlil va prognoz qilish, salbiy tendensiyalarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

jinoyatning asl omillarini kompleks ilmiy diagnoz asosida aniqlash va bartaraf etish chora-tadbirlari tizimini belgilash, kriminologik faoliyatga sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etib borish.

Institut kriminologiya sohasi bo‘yicha tayanch ilmiy tashkilot hisoblanadi hamda kriminologik faoliyatni ekspertlik va ilmiy ta’minlash ishlarini vakolati doirasida muvofiqlashtiradi.

Institutning ilmiy tarkib lavozimlari yuridik, psixologiya, sotsiologiya, pedagogika, texnika, iqtisodiyot, tibbiyot va geografiya sohalari bo‘yicha ilmiy darajaga ega bo‘lgan kadrlar bilan jamlanadi. Institutga ilmiy-amaliy tadqiqotlar jarayoniga shartnoma asosida, shu jumladan yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalaridan yuqori ilmiy-tahliliy mahoratga ega mutaxassislarni 1 yilgacha muddatga jalb etish va mehnat bozori kon’yunkturasini inobatga olgan holda ularning mehnatiga haq to‘lash miqdorini belgilash huquqi beriladi.

2024 yil 1 iyulgacha ilmiy diagnoz asosida jinoyatchilik omillarini aniqlash mexanizmlarini nazarda tutgan holda “E-jamoat havfsizligi” yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining “Jinoyat omillari” moduli yaratiladi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Choriev Samad.

Kriminologiya tadqiqot instituti tashkil etildi

“Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasini ilmiy tadqiq qilish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–10-son, 15.01.2024 y.) qabul qilindi.

 Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tashkil etildi.

Institut kriminologik faoliyatni ilmiy va ekspertlik jihatdan ta’minlashga ixtisoslashgan, Ichki ishlar vazirligi tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega, respublika ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Institut rahbari Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi.

Institut, jumladan:

respublikadagi kriminogen vaziyatga oid chuqur tadqiqotlarni amalga oshiradi, jinoyatchilik tendensiyalarini tizimli ravishda tahlil va prognoz qiladi;

jamoatchilik o‘rtasida shov-shuvga sabab bo‘lgan jinoyatlarning omillarini aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ishlab chiqishda surishtiruv va dastlabki tergov organlariga uslubiy ko‘maklashadi;

kriminologiya sohasi bo‘yicha mustaqil izlanuvchilik shaklida oliy malakali ilmiy kadrlarni tayyorlaydi.

Institut o‘z vazifalarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari hamda mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshiradi, uning faoliyatiga to‘sqinlik qilish, tadqiqot hisobotidagi ma’lumotlarni o‘zgartirishi uchun ta’sir ko‘rsatish taqiqlanadi.

Jarqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi mutahassisi Imomov Jo’rabek.

Konstitutsiyaviy sud sudyalarining vakolat muddati o‘zgardi.

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-895-son, 12.01.2024 y.) bilan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud referendumga chiqarilayotgan masalalarning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.

Konstitutsiyaviy sud mazkur toifadagi masalalar bo‘yicha tegishli hujjatlar olingan kundan e’tiboran 15 kundan kechiktirmay qaror qabul qiladi.

Shuningdek, kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz 10 yillik muddatga saylanadi (ilgari birinchi marta 5 yilga, ikkinchi marta 10 yilga saylangan).

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Mengliqulov Sayfiddin.