Shartnomaviy munosabatlarga oid nizolarni sudda ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari

Bizga ma`lumki, ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvi shartnoma deyiladi. Fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar. Taraflar aynan ma`lum shakldagi bir va turli shartnomalarning elementlarini o‘z ichiga oladigan shartnoma (aralash shartnoma) tuzishlari mumkin.

Aralash shartnoma bo‘yicha taraflarning munosabatlariga, agar taraflarning kelishuvidan yoki aralash shartnomaning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa elementlari aralash shartnomada bo‘lgan shartnomalar to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi. Shartnoma tuzilgan paytidan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy bo‘lib qoladi. Taraflar o‘zlari tuzgan shartnomaning shartlarini ularning shartnoma tuzishidan oldin vujudga kelgan munosabatlariga nisbatan qo‘llaniladi deb belgilab qo‘yishga haqlidirlar. Qonunda yoki shartnomada shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarning shartnoma bo‘yicha majburiyatlari bekor bo‘lishiga olib keladi, deb belgilanishi mumkin. Bunday shart yozib qo‘yilmagan shartnoma taraflar majburiyatni bajarishining shartnomada belgilab qo‘yilgan oxirgi muddatigacha amal qiladi, deb hisoblanadi. Shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarni uni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi. Shartnoma bo‘yicha taraf o‘z burchlarini bajarganligi uchun haq olishi yoki unga boshqa muqobil to‘lov to‘lanishi lozim bo‘lsa bunday shartnoma haq evaziga tuzilgan shartnoma bo‘ladi. Shartnoma bo‘yicha bir taraf ikkinchi tarafga undan haq yoki boshqa muqobil to‘lov olmasdan biron narsani berish majburiyatini olsa bunday shartnoma tekinga tuzilgan shartnoma hisoblanadi. Ikkitadan ortiq taraflar tuzadigan shartnomalarga bunday shartnomalar ko‘p taraflamalik xususiyatiga zid bo‘lmasa shartnoma to‘g‘risidagi umumiy qoidalar qo‘llaniladi.

Hozirgi kunda ko‘plab huquqiy nizolar aynan shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqayotganligidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 14 sentabrdagi PF-6313-sonli Farmoni qabul qilingan. Shartnomaviy munosabatlarga kirishiyotgan vaqtda nimalarga ahamiyat qaratish va shartnomaning shakli unda mavjud bo‘lishi lozim bo‘lgan bandlar to‘g‘risida keltirib o‘tadigan bo‘lsak, agar taraflar o‘rtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan bo‘lsa shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Shartnomaning narsasi to‘g‘risidagi shartlar, qonunchilikda bunday turdagi shartnomalar uchun muhim yoki zarur deb hisoblangan shartlar, shuningdek taraflardan birining arizasiga ko‘ra kelishib olinishi zarur bo‘lgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanadi. Agar qonunga muvofiq shartnoma tuzish uchun mol-mulkni topshirish ham zarur bo‘lsa  shartnoma tegishli mol-mulk topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi. Shartnomaning shakli to‘g‘risida quyidagi ma`lumotlarni keltirib o‘tishimiz mumkin. Agar qonunda muayyan turdagi shartnomalar uchun ma`lum bir shakl belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, shartnoma bitimlar tuzish uchun nazarda tutilgan har qanday shaklda tuzilishi mumkin. Notarial tasdiqlanishi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart bo‘lgan shartnoma notarial tasdiqlangan yoki ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e`tiboran, notarial tasdiqlanishi va ro‘yxatdan o‘tkazilishi zarur bo‘lganda esa – shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e`tiboran shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Agar taraflar shartnomani muayyan shaklda tuzishga kelishgan bo‘lsalar, garchi qonunda bu turdagi shartnomalar uchun bunday shakl talab qilingan bo‘lmasada, shartnoma belgilangan shaklga keltirilganidan keyin tuzilgan hisoblanadi.

Yozma shartnoma taraflar imzolagan bitta hujjatni tuzish yo‘li bilan, shuningdek pochta, telegraf, teletayp, telefon, elektron aloqa yoki hujjat shartnomadagi tarafdan chiqqanligini ishonchli suratda aniqlash imkonini beradigan boshqa aloqa yordamida hujjatlar almashish yo‘li bilan tuzilishi mumkin.

                     SH. G‘OZIYEV,

Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi