Mijoz

(Davomi. Boshi o‘tgan sonda).

MO‘TADIL MIZOJ HAQIDA

Mizojni mo‘tadil deyish nisbiydir. Nisbiyligi quyidagi sabablarga ko‘radir:

1. Mo‘tadillik  butun  borliqqa  nisbatan  hisoblanib, odam mizojining ikki chegarasi ichida bo‘ladi. Shu chegaradan chiqsa, odamda mizoj bo‘lmay qoladi.

2. Havo  va  iqlim  e’tibori  bilan  bo‘lib,  mamlakatlar  miqyosida  olinadi.  Masalan,  Hindiston, O‘zbekiston va Angliyani olsak, O‘zbekistonda narigi ikki mamlakatga nisbatan mo‘tadil bo‘ladi.

3. Turga  nisbatan  bo‘lib,  odam  mizoji  boshqa hayvonlar mizojiga nisbatan mo‘tadil.

4. Bir mamlakatning ichida bo‘lib, eng mo‘tadil odamda ko‘riladi.

5. Shaxsga qarata bo‘lib, shaxsning o‘zidagi turli holatlarga e’tiboridan belgilanadi.

6. A’zo e’tibori bilan bo‘lib, unga nisbatan olinadi. Masalan, suyakka xos mo‘tadillik quruqlikdir. Mizoj buzilishi (nomo‘tadil holat).

A. Mizojning sodda buzilishi. Bu bir necha xil bo‘ladi: quruq; ho‘l; issiq; sovuq.

B.  Murakkab  buzilishi:  issiq-quruq;  issiq-ho‘l; sovuq-quruq; sovuq-ho‘l.

V. Moddali sodda va murakkab mizoj buzilishi. Bu buzilish xiltlarning o‘zgarishi bilan birga kechadi.

G. Moddasiz sodda va murakkab mizoj buzilishi. Masalan, issiq yoki sovuq tekkanida, qor bosganida va hokazo.

YOSH VA JINS MIZOJLARI TO‘RT XIL BO‘LADI:

Inson  o‘ttiz  yoshgacha  o‘sadi.  Bu  davr  mizojini quyidagicha tasnif qilamiz:

a) chaqaloqlik davri. Bu paytda mizoj issiq va ho‘l bo‘ladi;

b) bolalik davri, mizoj issiq va ho‘l bo‘ladi;

v) o‘sish davri, issiq va biroz quruq bo‘ladi;

g) o‘smirlik va balog‘at davri, issiq va ho‘llikning kamayish davri;

d) yigitlik davri, mo‘tadilga yaqinroq.

O‘sishdan to‘xtash yoshi yoki yoshlik davri. Bu o‘ttizdan qirq yoshgacha. Bu davrda issiqlik va ho‘llik keskin kamayib, sovuqlik va quruqlik ko‘payadi.

O‘rta yosh davri. Qirq-oltmish yoshlar o‘rtasidagi bu davrda mizoj sovuq va quruq bo‘ladi.

Cho‘kish davri yoki qarilik. Bu davrda mizoj sovuq-quruq bo‘ladi.

Ayollar  mizoji  erkaklarnikidan  sovuqroq  va ho‘lroqdir.

Jins  va  yosh  mizojini  tahlil  qilar  ekanmiz, yuqoridagi  belgilar  nisbiy  olinganining  guvohi bo‘lamiz. Chunki bu belgilar umumiy olingan bo‘lib, hammaga birday to‘g‘ri kelavermaydi. Misol uchun, ayollarning umumiy mizoji sovuqroq bo‘lsa ham, ba’zi ayollar ba’zi erkaklarga nisbatan issiq bo‘lishi mumkin.

MIZOJNING O‘ZGARISHIDAGI QISQACHA BELGILAR

(notabiiy holat)

Mizoj uchun odatdagidan tashqari issiqlik yuzaga kelganda tashnalik, me’dada og‘riq, og‘izning taxirligi bezovta qiladi, isitma ko‘tariladi, zarari tezroq bo‘ladi. Notabiiy issiqlik paydo bo‘lgan odam sovuqda tuzalib qoladi, ammo yozda o‘zini yomon his qiladi.

Notabiiy sovuqlik oshganda esa ovqat hazmi sustlashadi, kam chanqaydi, bo‘g‘inlar harakati sustlashadi, og‘izdan so‘lak kelishi ko‘payadi. Issiq foyda qiladi.

Qishda o‘zini yomon sezadi.

Notabiiy  ho‘l  mizoj  yuzaga  kelganda,  notabiiy sovuq mizojnikiga yaqin belgilar ko‘rinadi va ularga qo‘shimcha go‘shtning g‘ovak-po‘kligi, so‘lak va burun suvi oqishi, ichning bo‘sh-suyuqligi, uyquchanlik, qovoqning toliqishi kuzatiladi. Bahorda o‘zini yomon sezadi.

Notabiiy  quruqlikda  terining  qovjirashi, uyqusizlik,  oriqlash,  tashnalik  kuzatiladi.  Kuzda o‘zini yomon sezadi.

MIZOJNI BILISH UCHUN NIMALARGA E`TIBOR BERISH KERAK?

1. Mo‘tadillik-me’yorni  topishda  turli o‘zgarishlar, tashqi ta’sirlar, a’zolarning holati va boshqalar e’tiborga olinadi. Masalan, bolalarda, kattalarda, ayollarda, erkaklarda sochning o‘rtacha o‘sishi qandayligini bilishimiz kerak.

2. Har bir inson tanasining o‘rtacha og‘irligi qancha bo‘lishi lozimligini bilishi kerak. Buni aniqlash quyidagicha: bo‘yning uzunligi – qo‘shuv-ayiruv (plyus-minus) 10 ayiruv 100. Masalan, bo‘yi 170 sm bo‘lgan kishining me’yoriy og‘irligi 60–80 kg o‘rtasida, yanayam aniqrog‘i, 70 kg bo‘lishi kerak.

3. Ob-havo ta’sirida ham mizoj o‘zgaradi.

4. Yashash  joyining  ta’siri:  tog‘li  kishi  bilan sahrodagi, shahardagi kishi bilan qishloqdagi kishining mizoji bir xil bo‘lmaydi.

5. Tug‘ilgandagi mizoj ahamiyati.

MIZOJNI BILISHNING NIMA AHAMIYATI BOR?

Albatta,  har  bir  inson  o‘z  mizojini  bilib, unga  ko‘ra  ish tutishi  salomatlikning  katta  yutug‘i hisoblanadi. Masalan, tananing holatiga qarab, qaysi ovqatdan qaysi miqdorda yeyishni bilish xiltlarning o‘zgarmasdan,  me’yorida  turishini  ta’minlaydi.  Bu esa, o‘z navbatida, sog‘likning kafolatidir. Ko‘pgina kasalliklar  mizojga  to‘g‘ri  kelgan-kelmagan  yeguliklarni yeyaverishdan kelib chiqadi. Tanada  kasallik  bo‘lsa,  mizoj  o‘zgarganda  qaysi ovqatlar kasallikni ziyoda qiladi yoki kamaytiradi, buni bilish ham zarurdir. Tabiblar kasallikka cha-lingan kishilarga ma’lum bir yeguliklarni bekorga man etmaydilar.

Mizojni bilib, uni me’yorda tutishda profilaktika degan narsa ham bor. Masalan, tanamizda issiqlik yoki sovuqlik oshishiga qarab ovqat tanlasak, ko‘pgina kasalliklarning oldini olishimiz mumkin. Bu esa juda oddiy davo.

Mizojini  yaxshi  bilgan  odam  iqlim,  makon  va hokazo o‘zgarishlarga tanasini taslim etib qo‘ymaydi, ya’ni immunitetini yuqori darajada ushlay biladi.

Sharoitiga mos ovqatlar (darmondoriga boy yeguliklar, sharbatlar va boshqalar) iste’mol qiladi. Bir odam bir narsani yeb yaxshi bo‘lib qolgan bo‘lsa, boshqasida  ham  shunday  bo‘ladi,  deyish  noto‘g‘ri. Boshqalarga qarab emas, mizojni bilib yeyish kerak.

                                                           Abdurashid Safarov,

                                 Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi

                                                                       (Davomi bor.)