MULK, MULKDOR, TADBIRKOR TASHABBUSI E`TIBORDA

 O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini mustahkamlash, har tomonlama rivojlantirib borish, iqtisodiyotni, xususan bozor munosabatiga o‘tishni tezlashtiruvchi eng asosiy yo‘llardan biri bu kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisoblanadi. Shuning uchun ham tadbirkorlikni rivojlantirishga, uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, xususiy tadbirkorlikda tashabbus ko‘rsatish, uni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan bir qancha qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Mamlakatimizda kichik biznesni va xususiy tadbirkorlikni yanada barqaror qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini  qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida” 2019-yil 13-avgustdagi PF-5780-son Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi tadbirkorlikni rivojlantirish Agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2019-yil 13-avgustdagi PQ-4417-son qarorlari qabul qilingan. O‘zbekistonda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini barpo etishning asosiy maqsadlaridan biri mamlakatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik shakllarini ustuvor rivojlantirishdan iborat. Bu maqsadni amalga oshirish uchun iqtisodiy islohotlar o‘tkazildi, uning rolini oshirish uchun yirik institustional asoslar yaratildi. Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va uni kafolatlovchi huquqiy-me`yoriy hujjatlar, tadbirkorlarga ko‘maklashuvchi nodavlat tashkilotlar, korxonalar shular jumlasiga kiradi. O‘zbekistonda xususiy tadbirkorlik va kichik biznes korxonalari majmuini tashkil etish muvaffaqiyatli bormoqda. Kichik biznes faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar davlatga bog‘liq bo‘lmagan holda, ya`ni katta kapital mablag‘larsiz o‘zlari ish joylarini joriy etishlari, vaqtinchalik mavjud bo‘lgan tovarlar tanqisligini kamaytirishlari va, hattoki, bu tanqislikni butunlay yo‘qotishlari mumkin.

                                                                                  Qumqo‘rg‘on  tuman Statistika  bo‘limi