Mening Konstitutsiyam!

Konstitutsiyaning 37-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadirlar” nomli konstitutsiyaviy qoida kiritildi.

Aytish lozimki, davlat xizmatiga kirishda teng huquqlilik deganda – barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar degani. Bu davlat xizmatiga kirishda nomzodlarga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’iy-nazar, huquqlarining tengligi kafolatidir.

Davlat xizmatiga ishga kirishda odam ajratmasdan, barchaga bir ko‘z bilan qaraladi, “falonchini o‘g‘li”, “pistonchini jiyani” bo‘lganligi uchun unga ustunlik berish kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Eng asosiy mezon – professionallik, ya’ni qanchalik darajada o‘z kasbini chuqur bilishidir.       Albatta, bu o‘rinda davlat xizmatini chinakam xalqchil qilish yo‘lida nafaqat milliy tajribani shakllantirish, balki xalqaro standartlarni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilinayotgani katta ahamiyatga ega.

Jumladan, konstitutsiya darajasida kiritilayotgan ushbu mazmundagi norma bir qator xalqaro hujjatlarda aks etgan bo‘lib, BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 24-moddasida “Har bir inson o‘z mamlakatida davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega” ekanligi qayd etilgan. BMTning yana bir xalqaro hujjati “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro paktida ham aynan ushbu mazmundagi norma aks etgan. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Gruziya, Malayziya kabi rivojlangan davlatlarning bosh qomusida ham davlat xizmatiga oid qoidalar belgilangan.

Yangilangan Konstitutsiyada davlat xizmatiga kirishda teng imkoniyat va huquqning belgilanishi natijasida:

birinchidan, fuqarolarga davlat xizmatiga kirishda ortiqcha talablar qo‘yilishining, korrupsiyaviy holatlar, mahalliychilik, tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik kabi illatlarning oldini oladi;

ikkinchidan, davlat xizmatining jozibadorligini oshishiga, o‘z navbatida davlat organlari faoliyati samaradorligi, xizmat ko‘rsatish sifatini oshiradi;

uchinchidan, davlat xizmatida kadrlarning xizmat bo‘yicha o‘sib borishi bilan bog‘liq faoliyatda nomzodlarni adolatli baholash, ular orasidan eng munosiblarini tanlashga qaratilgan “meritokratiya” tamoyili qo‘llanilishi belgilab beriladi.

Qumqo‘rg‘on tumani adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazibosh yuristkonsult J.Imomov

Konstitutsiya iftixorimiz

Konstitutsiya har qanday davlatning asosiy qonunidir. U jamiyat uchun ishlashi, uning talab va ehtiyojlarini qondirishi kerak. Konstitutsiyaning mazmuni — mamlakatning davlat, ijtimoiy va siyosiy hayotining barcha asoslarini belgilashdan iborat. Boshqacha aytganda, u huquq tizimining asosi va poydevori bo‘lib, boshqa barcha qonunlar uning asosida quriladi. Lekin, shu bilan birga, Konstitutsiya qatʼiy, o‘zgarmas hujjat emas. Agar Konstitutsiyani o‘zgartirish zarurati paydo bo‘layotgan bo‘lsa, demak, bu jamiyatning evolyutsion rivojlanishiga asoslangan holda, O‘zbekistonda yaqin kelajakda bo‘lgan maqsadlarimizni belgilab olish, ochiq va ishonchli davlat qurish uchun hayotiy zaruratdan dalolat beradi.

Bugun biz dunyoda keskinlik kuzatilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz, buning natijasida geosiyosiy vaziyat yanada murakkablashdi, bu tahdidlarning kuchayishiga olib keldi, bularning barchasi O‘zbekiston davlatchiligini yanada mustahkamlashini taqozo etmoqda. Konstitutsiya davlatchilikning o‘zagi va mazmuni ekanini inobatga olib, uni mustahkamlashimiz kerak. Dunyodagi mavjud tahdidlar va vaziyatni sinchiklab tahlil qilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, davlat birligimizni mustahkamlash, fuqarolarda g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan islohotlarni naqadar muhim ekanini ichki auditoriyamizga yetkazish zarur. mamlakatning alohida tarkibiy qismlarini qayta ko‘rib chiqish, ayniqsa konstitutsiyaviy islohotlar haqida gap ketganda.

Yangilangan Konstitutsiyamizda har bir modda barchaga tushunarli, aniq va lo‘nda bayon etilgani va sinchiklab ishlab chiqilganini ko‘rishimiz mumkin. Bu o‘zgarish va qo‘shimchalar O‘zbekistonni yanada barqaror rivojlantirish, turli tahdidlarga qarshi tura oladigan salohiyatini mustahkamlashga qaratilgandir.

Qumqo‘rg‘on tumani adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti F.Mamatov

Konstitutsiya-milliy qomusimiz!

Mamlakatimizda yangilangan Konstitutsiya bevosita xalq tomonidan qabul qilingan birinchi huquqiy hujjat bo‘ladi. Referendumdagi har bir ovoz katta ahamiyatga ega va yuridik kuchga ega bo‘ldi.

Afsuski, korrupsiya, monopoliya, masʼuliyatsizlik, layoqatsizlik, mahalladoshlik, beparvolik kabi illatlar xalqimiz farovonligiga, butun davlatning barqaror rivojlanishiga jiddiy taʼsir ko‘rsatayotganini bugun ochiq tan olamiz.

Konstitutsiyamizni esa bugun o‘zgartirmasak, uni zamon talablariga javob beradigan meʼyorlarga moslashtirmasak, jamiyatimizni zanglagan “zangi”dan qutula olmaymiz, bundan tashqari, raqobatbardosh, zamonaviy, eng ilg‘or davlat bo‘lishimiz uchun ko‘p yillar kerak bo‘ladi. Belgilangan maqsad — raqobatbardosh, zamonaviy, eng ilg‘or davlatga aylanish, bu afsona emas, bu haqiqatga intilishimiz kerak. Biz qurayotgan jamiyatda inson omili muhim o‘rin tutadi, bu esa inson manfaatlarining ustuvorligiga asoslanadi.

Yangilangan Konstitutsiya “inson-jamiyat-davlat” tamoyiliga asoslanadi, chunki unda barcha toifalar – yoshlar, ayollar, nogironlar, o‘qituvchilar va hatto jinoyatchilar (adashgan fuqarolar)ning huquq va manfaatlari o‘z ifodasini topgani bilan amaliy ahamiyatga ega.

Biz o‘zimizning, xalqimiz Konstitutsiyasini qabul qildik, bu haqda mamlakatimiz fuqarolari “bu mening Konstitutsiyam” deb ayta oladilar, bu jamiyatimizga juda zarur.

Qumqo‘rg‘on tumani adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti  O.Xursandov

Konstitutsiyada sog‘liqni saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi

Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir.  O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda..

Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi, barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda hamda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda.

       Barchamizga ma’lumki, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qarori bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib,  Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan g‘oya asosida olib boradi. Komissiyaga aholining barcha qatlamlaridan Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni olish borasida vazifalar qo‘yildi.

       Yangi Konstitutsiyamizning loyihasida fuqarolarning tibbiy yordam olishdagi  kafolatlari bo`yicha ham normalar nazarda tutilmoqda.

O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasida har bir fuqaroning sog`lig`i muhofaza qilinishi hamda malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi belgilangan.

Bunda, O`zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning qonunda belgilangan hamda tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham o`z ichiga oladigan kafolatlangan hajmini bepul olish huquqiga ega.

      Shu bilan birga, fuqarolarga tibbiy yordam ko`rsatilishida davlatning ham majburiyatlari belgilangan bo`lib, unga ko`ra sog`liqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlarini rivojlantirish hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, tibbiy sug`urtaning turli shakllarini rivojlantirish uchun shart sharoitlar yaratish bo`yicha zarur choralar ko`rishi alohida belgilab qo`yilgan.

Qumqo‘rg‘on tumani adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti S.Choriyev

Konstitutsiyada Inson hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlari haqida

Inson huquq va erkinliklari ustuvorligi – huquqiy davlatning oliy maqsadi etib belgilanmoqda. Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og’ir jinoyatdir. O’zbekiston Respublikasida o’lim jazosi taqiqlanadi.

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadir. Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek, davlat hokimiyati vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.

Har bir shaxs mulkdor bo’lishga haqli. Bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek, meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo’shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog’lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boĭitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.

Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g’amxo’rlik qiladi.

Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi.

S. MENGLIQULOV,

Qumqo‘rg‘on tumani adliya bo’limi  yuridik xizmat ko’rsatish markazi boshlig‘i