Yangi tahrirdagi Konstitutsiya  adolat mezoni

Xalqimiz ulug‘ maqsadlar yo‘lida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ishlab chiqdi va joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Referendumda umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qabul qildi. 

Mubolag‘asiz aytish mumkin, Yangi O‘zbekistonda boshlangan islohotlar, xalqni rozi qilish, inson qadrini ulug‘lash, ochiq demokratik davlat barpo etish va davlat qurilishida ustuvor bo‘lgan inson-jamiyat-davlat tamoyili konstitutsiyaviy islohotlarning bosh mezoni bo‘ldi.

Buyuk sarkarda Sohibqiron Amir Temur butun umri davomida “Kuch — adolatda” degan hikmatga rioya etgani barchamizga ma’lum. 

arixdan ma’lum, adolat — insoniyatni eng qadimgi idealaridan biri hisoblanadi. Adolat bor joyda jamiyat poydevori mustahkam, davlat qudratli bo‘ladi. Fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchi ortadi, mamlakat taraqqiy topadi. 

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Biz istagan adolat qachon qaror topadi — qachonki, mamlakatda qonun ustuvorligi ta’minlansa…

Shuning uchun ham mamlakat Konstitutsiyasining 15-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi” deb belgilab qo‘yilgan.

Joriy yilning 30 aprelida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasi ikkinchi qismida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi” degan norma belgilandi. Bu esa, konstitutsiyaviy shikoyat institutini yanada kengaytirish zaruratini kun tartibiga olib chiqmoqda.

Qumqo’rg’on tuman adliya bo’limi

Davlat xizmatlari markazi bo’lim boshlig’i                                 Kamoliddin Ashurov