Konstitutsiya bo‘yicha referendum 30 aprelda bo‘lib o‘tadi.

Referendum o‘zi nima?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yangi tahrirdagi Konstitutsiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Qonun 30 aprel, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida ovozga qo‘yiladi. Referendum o‘zi nima? Bevosita demokratiyaning muhim vositasi hisoblangan referendum umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qonunlar qabul qilish va davlat ahamiyatiga molik eng muhim masalalarni hal qilish shaklidir. Uning saylovdan asosiy farqi — referendum o‘tkazilayotganda biron-bir lavozimga nomzod yoki nomzodlar ro‘yxati uchun ovoz berilmaydi, balki unda muayyan masala — qonun, qonun loyihasi, konstitutsiya, konstitutsiyaga tuzatishlar, mamlakat xalqaro maqomiga taalluqli yoki ichki siyosatiga oid biror bir savol qo‘yiladi.

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra: referendum – O‘zbekiston qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir. Referendum to‘g‘risidagi qonunchilikda nima o‘zgargan edi? Prezident tomonidan 16. 06. 2022 yildagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-779-son Qonuni imzolangan edi. Quyidagilarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra: “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga (yangi tahriri): referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar. Tegishli o‘zgartirish 8-moddaning 1-qismiga kiritildi;  boshqa davlatlardan va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar beradigan organ belgilandi. Bu – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi. Qo‘shimcha 8-moddaning 3-qismiga kiritildi. 9-modda 3-qism bilan to‘ldirildi va unga ko‘ra, kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalariga borishi haqida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasini kamida uch kun oldin xabardor qilishi kerak; referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyasining a’zosi bo‘la olmaydigan shaxslar belgilandi. Ularga siyosiy partiyalarning a’zolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, fuqarolarning tashabbuskor guruhi tarkibiga kiruvchi shaxslar kiradi. O‘zgartirish 23-moddaga kiritilgan; 24-modda 4-qism bilan to‘ldirildi va unga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning a’zolariga referendumga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasida ko‘rsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlarining va boshqa xarajatlarning o‘rnini qoplash maqsadida kompensatsiya to‘lanadi; Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan Oliy sudga shikoyat qilish muddati qisqartirildi. Ilgari bu muddat 10 kunni tashkil etardi. 25-moddaga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda bu muddat 5 kunni tashkil qiladi; 4 bo‘lim, referendum o‘tkazuvchi komissiyalar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi va chet davlatlarda turgan fuqarolarni ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxatlariga kiritish haqidagi normalarni o‘z ichiga oladigan 251-hamda 261-moddalari bilan to‘ldirildi.

Saylov kodeksiga: 9-modda xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglarining tuzilish tartibi va ularning sonini aniqlash to‘g‘risidagi normalarni o‘z ichiga olgan 7 va 8-qismlar bilan to‘ldirildi; 15-bob yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi to‘g‘risidagi 93-modda bilan to‘ldirildi.

“O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi Qonunga: ma’muriy-hududiy tuzilish masalalari hal etilayotganda saylov okruglarining chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi 401-modda bilan to‘ldirildi.

Bevosita Oliy majlis Qonunchilik Palatasining 2023 yil 10 mart kungi yalpi majlisiga keladigan bo‘lsak, unda ishtirok etgan deputatlardan 132 nafari Konstitutsiyaning yangi tahriri to‘g‘risidagi qonunni qo‘llab-quvvatladi, ikki deputat betaraf qoldi, uch deputat ovoz bermadi. Yangi tahrirga asosan, O‘zbekiston konstitutsiyasidagi moddalar soni hozirgi 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilyapti. 128 ta moddaning 91 tasiga konseptual o‘zgarishlar kiritilmoqda. Umuman olganda, konstitutsiya 65 foizga o‘zgartirilyapti. O‘zgarishlar qatoridan prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish, senatorlar sonini 100 nafardan 65 nafarga tushirish, O‘zbekistonni ijtimoiy davlat deb e’lon qilish, mahalliy kengashlar va hokimlarning vakolatlarini bir-biridan ajratish kabilar o‘rin olgan. Konstitutsiya islohoti haqida birinchi marta Prezident Shavkat Mirziyoev 2021 yil noyabr oyida, ikkinchi prezidentlik muddatiga kirishishidagi inauguratsiya nutqida e’lon qilgan edi. Uni yangilash jarayonlari esa 2022 yil may oyida boshlangan.

                  X. Qulmatova,tuman FHDYO inspektori