USTOZGA EHTIROM

Maktab – ta`lim-tarbiya dargohi. O‘qituvchi va o‘quvchilar uchun qadrdon bu muassasada bolalarning dunyoqarashi bilimlar bilan nurofshon etiladi. Ma`rifat ziyosidan bahramand etilib, hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam beriladi.

Maktabda pedagogika sohasi bilimdoni mehnat qilar ekan uning fanlarni mukammal bilishi dars samaradorligini oshirshga ko‘p hissa qo‘shadi. O‘qituvchi degan ulug‘ nomga ega mutaxassis, albatta, oliy ta`lim muassasasida o‘qiganligi, kasbning o‘ziga xos jihatlarni bilganligi bilan qadrli. U darslarda fanlarga doir bilimlarni o‘quvchilarga mahorat bilan o‘rgatib dunyoqarashlarini rivojlantiradi. Jamiyatni bilimdon, iste`dodli, iqtidorli avlod bilan ta`minlaydi.

Tumanimizdagi 50-maktabning boshlang‘ish sinf o‘qituvchisi Bozorgul Noraliyeva 1984 yilda Termiz Davlat Unuversitetidagi Pedagogika va boshlang‘ich ta`lim metodikasi fakultetining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi yo‘nalishini bitirgan. Avvaliga Jarqo‘rg‘on tumanidagi 16-maktabda, keyinchalik Qumqo‘rg‘on tumanidagi 14-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 1991 yildan buyon tumanimizdagi 50-maktabda o‘z kasbini ardoqlab mehnat qilmoqda. U o‘zining 45 yillik pedagogik mehnat faoliyati davrida maktabga ilk marta qadam qo‘ygan bolalarga harflarni, raqamlarni o‘qishni va yozishni, so‘z va so‘z birikmalari, gaplar va matnlarni, to‘rt amalni puxta bilishni o‘rgatdi. Uning darslarida faol qatnashib, bilimlarni yaxshi egallagan o‘quvchilari orasidan oliy ma`lumotli mutaxassislar yetishib chiqdi. Hozir o‘qituvchisidek ta`lim-tarbiya sohasi mutaxassisi bo‘lib mehnat qilmoqda. Jumladan, G‘ayrat Rayimov oliy ma`lumotli bo‘lib 71-maktabda matematika fanidan o‘quvchilarga dars o‘tayapti. Oliy ma`lumotli Xolmurod Suyundikov 50-maktabda psixolog lavozimida ishlayapti. Erkin Tilovov viloyat sudida devonxona mudiri lavozimida mehnat qilmoqda.

Shogirdlari ko‘p pedagog B. Noraliyeva bu o‘quv yilida 1 “A” sinf o‘quvchilariga boshlang‘ich ta`lim bo‘yicha darslarni o‘tayapti. Ularning bilimlarini mustahkamlash uchun “Ustozga ta`zim” tadbirini o‘tkazdi. O‘quvchilar ustozni ulug‘lovchi she`rlar, qo‘shiqlar aytdi. Raqslarga tushdi.

Ta`lim-tarbiya jarayoning har lahzasi ahamiyatli. O‘qituvchi mehnatining natijalari o‘quvchilarning bilimlarini puxta o‘rgangani, dars samaradorligining oshganligi, tadbirlarda faol qatnashida bilinadi. Uzoq yillik mehnat tajribasiga ega uztozning darslardagi metodik usullarini qo‘llashi, bolalarga kasb mahoratini sifatli o‘rgatayotganligi bilan hurmatga loyiq. Shuning uchun e`tibor va ehtiromga munosib kasb egasi hisoblanadi.

                                                                                    N. MUHAMMADIYEV