Yangi davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi

Hukumat qarori (544-son, 17.10.2023 y.) bilan “Professional mediatorlar reestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, maxsus o‘quv kursidan o‘tganligi haqida sertifikatga ega bo‘lgan va Reestrga kirish istagini bildirgan jismoniy shaxs (talabgor) doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat’iy nazar, eksterritoriallik tamoyili asosida istalgan davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXP (my.gov.uz)dan  ro‘yxatdan o‘tadi.

Zarur ma’lumotlar so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng talabgor ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi hamda imzolaydi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lov undirilmaydi.

Talabgor murojaat etganda, uning so‘rovnomasi to‘ldirilib, talabgor tomonidan tasdiqlangandan so‘ng 10 daqiqada tegishli hududiy adliya organiga elektron shaklda yuboriladi.

Professional mediatorlar reestri elektron shaklda shakllantiriladi va yuritiladi.

Professional mediator quyidagi hollarda Reestrdan chiqarilishi mumkin:

Reestrdan chiqarish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etganda;

vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda;

muomala layoqati cheklanganda yoki u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;

sudning mediatorni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

davlat vazifalarini amalga oshiradigan lavozimga tayinlanganda yoki saylanganda, notariuslar bundan mustasno;

mediatorga nisbatan jinoiy ta’qib amalga oshirilayotganda;

bir yildan ortiq muddat mobaynida u to‘g‘risida ma’lumot olish imkoni bo‘lmaganda, hududiy adliya organining tegishli tarkibiy tuzilmasi xulosasiga ko‘ra;

doimiy yashash uchun O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketganda.

Professional mediator Reestrdan hududiy adliya organining qarori asosida chiqariladi.

Mazkur reglament 2024 yil 1 yanvardan amalga kiritiladi.

                                      Rustam Xurramov,

        Bandixon tuman adliya bo‘limi boshlig‘i