Mehnat daftarchasida ishdan bo’shash sabablari ko’rsatilmaydi.

Ish beruvchi tashkilotda 5 kundan ko‘p ishlagan barcha xodimlar uchun mehnat daftarchalarini yuritishi shart.

Xodimning yozma arizasiga ko‘ra asosiy ish joyidagi ish beruvchi mehnat daftarchasiga o‘rindoshlik asosida ishlagan va vaqtincha boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborilgan davrlar haqidagi yozuvlarni kiritadi.

Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari (sabablari) mehnat daftarchasiga yozilmaydi.

Xodimga mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar xodim ishlayotgan vaqtda ariza berilgan kundan 3 ish kunida, ishdan bo‘shaganda esa mehnat shartnomasi bekor qilingan kunda berilishi kerak.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markaz bosh yuriskonsulti Xursandov Olim.

Endilikda qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan ijara huquqini sotish mumkin

2024 yil 1 martdan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat etiladi.

Bunda:

shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlar yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda  o‘tkaziladi;

ijaraga oluvchi yerga ijara huquqini o‘tkazishdan oldin undan kamida 3 yil, 2021 yilgacha hokim qarori bilan olgan bo‘lsa, kamida 5 yil davomida o‘zi foydalangan bo‘lishi kerak;

ijaraga oluvchi auksion yoki ochiq elektron tanlov natijasiga ko‘ra bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki qo‘shimcha to‘lov majburiyatlarini to‘liq bajargan bo‘lishi shart;

yuridik shaxslar o‘zlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ravishda ijaraga berilgan yer uchastkalarini ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab 5 yildan keyin boshqa shaxsga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin.

 Manba: “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markaz bosh yuriskonsulti Mamatov Faxriddin.

Pulli to‘xtab turish joylariga doir talablar belgilandi.

Qonunga ko‘ra, pulli to‘xtab turish joylarining egalari ushbu joylardan foydalanganlik uchun to‘lov miqdorini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan cheklangan miqdorlardan yuqori bo‘lmagan tariflar bo‘yicha mustaqil ravishda belgilaydi.

Bunda to‘lov naqd pul shaklida yoki naqd pulsiz, to‘lov tizimlaridan, shu jumladan avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.

Pulli to‘xtab turish joylarining egalari ushbu joylardan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqi beriladigan foydalanuvchilar hamda transportlarning ro‘yxatini belgilash huquqiga ega.

Ular, shuningdek:

pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini joriy etishi;

pulli to‘xtab turish joylari tashkil etilgan hududda yo‘l belgilari o‘rnatilishini, shuningdek videokuzatuv tizimlari yoki qo‘riqlashning boshqa texnik vositalari o‘rnatilishi va uzluksiz ishlashini ta’minlashi;

to‘xtab turish joyining kirish yoki undan chiqish joyiga tutash bo‘lgan to‘xtab turish joylari orasidan nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqaradigan yoki ularni tashiydigan transportlar uchun joylar ajratilishini ta’minlashi shart.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Choriev Samad.

Elektromobillar uchun alohida joylar ajratiladi.

Qonunga ko‘ra, elektrda ishlaydigan transportlar uchun alohida joylar ajratiladi. Bunday joylarda elektr quvvat manbalariga ulanish imkoniyati yaratilishi mumkin.

To‘xtab turish joylaridan foydalanishga monelik qiladigan to‘siqlarni va boshqa konstruksiyalarni o‘rnatish taqiqlanadi.

To‘xtab turish joylariga transportlarning kirishini, ulardan chiqishini va bu joylarda harakatlanishini tashkil etish maxsus vakolatli davlat organlari bilan kelishilgan loyihaga muvofiq amalga oshiriladi.

Umumiy foydalanishdagi to‘xtab turish joylarining egalari to‘xtab turish joylaridan foydalanish qoidalarini hamma uchun qulay bo‘lgan joylarga tanishib chiqish uchun joylashtirishi shart..

Jarqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi mutahassisi Imomov Jo’rabek.

To‘xtab turish joylarini tashkil etishda ekologik xavfsizlik hisobga olinadi.

Qonunga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlar chegaralarida to‘xtab turish joylarini qurishga oid qarorlar hokimliklar tomonidan qabul qilinadi.

To‘xtab turish joylarini joylashtirish ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda atrof-muhitga, aholining sog‘lig‘i va osoyishtaligiga salbiy ta’sirni kamaytirish hisobga olingan holda amalga oshiriladi.

To‘xtab turish joylarini ro‘yxatga olish yo‘l egasi tomonidan amalga oshiriladi.

To‘xtab turish joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida joylar majburiy tartibda ajratiladi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Mengliqulov Sayfiddin.