Zamonaviy texnologiyalar ish sifatini oshirmoqda

Hozir sog‘liqni saqlash sohasida bilimdon tibbiyot xodimlari zamonaviy tibbiyot uskunalari va axborot texnologiyalarini qo‘llab yaxshi natijalarga erishmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni olib kelib o‘rnatish va amalda qo‘llash tufayli bemorlardagi kasalliklar haqida tezkor, aniq ma`lumotlar olinayapti. Tuman tibbiyot birlashmalariga qarashli bo‘limlarda yil sayin yangi uskunalar va texnologiyalar o‘rnatilayapti.

Bu tibbiyot xodimlarining ishini yengillashtirib bemorlarga harqachongidan yaxsh xizmat ko‘rsatishga olib keldi. Qabul bo‘limi shifokori G‘ofur Usanov 36 yildan buyon shu tibbiyot muassasasida mehnat qilmoqda. U keyingi 3-4 yilda yangi zamonaviy texnologiyalar asosida davolashga shart-sharoitlar yaratilganidan mamnun.  Chunki bu shifokor mehnatini yengillashtirib, bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirdi.

Reanimatsiya bo‘limi shifokori Boysoat Choriyev mutaxassislik ixtisosini olib, bu yerga ishga kelganiga qariyb 45 yil bo‘ldi. 40 yildan buyon reanimatsiya bo‘limida ishlayapti. Bemorlarni koma holatidan chiqarib, sog‘lom turmush kechirishiga erishdi. Katta hamshira Zulxumor Djurayeva shu bo‘limda 30 yildan biyon o‘z vazifalarini sidqidildan bajarayapti. Shifokorlarning tavsiyalariga asosan bemorlarning shifo topishiga ko‘maklashayapti.

Diagnostika bo‘limiga zamonaviy endoskopik tekshiruvlarni amalga oshirish uchun yangi texnologiyalar keltirilgan. Bu shifokor va bemor o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni yaxshilab, aniq tashxis qo‘yish imkonini oshirdi. Diagnostika bo‘limi oliy toifali shifokori, endoskopist-gastroenterolog Amir Xolmamatov zamonaviy texnologiya vositasida bemorlarni tekshiruvdan o‘tkazib, kasalliklarni aniqlayotganidan quvonmoqda. Bemorlarni aniq tashxis asosida davolayapti.

Yaqinda Diagnostika bo‘limiga yana bir yangi texnologiya o‘rnatildi. MSKT – 16 kesmali yangi tekshiruv apparati kompyuterlashtirilgan qurilmalar bilan birgalikda olib kelinib, alohida xonalarda jihozlandi. Tibbiyot xodimlari bu apparatda bemorlarni 3D formatda tasvirlarga olayapti. Shu asosida kasallik turlarini aniqlab, aniq xulosalar chiqarayapti. Diagnostika bo‘limi lobaranti Ro‘ziboy To‘rayev Termizdagi o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish kursida MSKT-16 kesmali apparatni ishlatish bo‘yicha o‘qib keldi. Endi unga bu texnikalarni ishlatish ishonib topshirildi. Shifokor Yulduz Xurramova lobarantning shu apparat yordamida olgan tasvirlari asosida bemorlarga tekshiruv xulosasini yozadi. Tibbiyot xodimlari kasb bayramlarini o‘zlari mehnat qilayotgan zarur jabhalarda yaratilayotgan yangi sharoitlardan xursand kutib oldi.

         N. MUHAMMADIYEV