Tut parvonasi O‘zbekistonning janubiy hududlarida 1994 yildan boshlab paydo bo‘lgan hasharot. Tut parvonasi ipakchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Xitoy, Yaponiya, Hindiston va boshqa Osiyo mamlakatlarida keng tarqalgan. Tut parvonasi serharakat va tez rivojlanadigan hasharot bo‘lgani uchun hamda yangi hududda uning tabiiy kushandalari yetarli bo‘lmaganligi oqibatida respublikamizning bir qator hududlariga tezda tarqab ketdi. Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona vodiy viloyatlari, keyinchalik esa Toshkent viloyatining janubiy tumanlari va Sirdaryo viloyatining ko‘pgina tumanlarida hozirda bu hasharotni uchratish mumkin.
Tut parvonasining morfologiya va biologiyasi. Qurt ochiq barg ustida uni kemirib oziqlanib yashaydi. Uchinchi-to‘rtinchi yoshidan boshlab bargni bir tarafini tortish hisobiga unga o‘ralib yashay boshlaydi va bu uni yirtqichlardan (shu jumladan insektitsiddan) himoya qilishga qaratilgan. Bu paytda unga qarshi ishlatilgan sirtdan ta`sir etuvchi insektitsidlarning samarasi past bo‘ladi va aksariyat: o‘simlik ichiga singish qobiliyatiga ega bo‘lgan, ayniqsa fosfororganik dorilarning samarasi maqsadga muvofiq bo‘lib, yuqori bo‘ladi. Oziqlanishni tugatgan qurtlar g‘umbakka aylanadi. G‘umbaklanish uchun qurt turli pana joy qidiradi. Bu daraxt kallaklari, tanasidan ajragan po‘stloq osti, yoki maxsus boylangan belbog‘ bo‘lishi mumkin. Parvonaning g‘umbagi havo haroratining yuqoriligiga bog‘lik bo‘lib, 7-15 kunda yetiladi va undan kapalaklar uchib chiqib yangi avlodni boshlab beradi. Oxirgi avlodning qurtlari asosan oktabr-noyabr oylarida qishlashga ketadi. Ammo sentabrda oziqlangan qurtlarning bir qismi ketishi ham mumkin. Ulgirmagan kichik yoshli qurtlar qirilib ketadi.
Tut parvonasining zarari. Tabiiyki, tut parvonasining zarari tut daraxtining rivojlanishida namoyon bo‘ladi. Uning rivojlanishi asosan pilla qurtini boqib bo‘lgandan keyin sodir bo‘lgani uchun bu jarayonga zarari tegmaydi. Ammo, keyinchalik o‘sib chiqqan barglarni shikastlashi hisobiga novda uzunligi, yo‘g‘onligi va qish sovug‘iga chidamliligi o‘z maromiga yetmaydi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, agar har bir tut novdasida o‘rtacha 1 ta bargga 1 ta qurt to‘g‘ri kelsa, novdaning uzunligi 30 santimertgacha qisqarishi mumkin. Bundan tashqari, nazoratga va qishning qattiq kelishiga qarab, novda uchlari 30-40 foizgacha qurishi mumkin. Umuman olganda, yangi novda uzunligi 50-60 sm.dan 150 sm.gacha qisqaradi, barglar soni 20-50 foizga, uning og‘irligi 21-60 foizga kamayadi. Bunday ahvol yildan-yilga davom etsa, tut daraxti qurishi mumkin.Umuman olganda, tut parvonasining tutga yetkazadigan zarari nisbiydir. Yuqorida qayd etilganlardan tashqari, u daraxtni zararkunandaning nechta avlodi bilan shikastlanganligiga hamda tuproq agrotexnikasiga ham kuchli bog‘liq bo‘ladi.
Tut daraxtining zararkunandalariga qarshi uyg‘unlashgan tizimda himoya qilish. Tut parvonasiga qarshi kurashishda tashkiliy-xo‘jalik tadbirlari, agrotexnik, biologik, kimyoviy va mexanik kurash usullari qo‘llaniladi. Kurash usullarini to‘g‘ri, o‘z muddatida yuqori samarali qilib o‘tkazish uchun hasharotning rivojlanishini o‘z vaqtida nazorat qilish maqsadga muvofiqdir. Bu esa kuzatuvchilarni tayyorlash va ularning ishlarini tashkil etishni talab etadi. Tashkiliy-xo‘jalik tadbirlarida fermer xo‘jaligi, tuman va viloyat tashkilotlari, biofabrikalar mutaxassislari yil davomida bajaradigan ishlar rejasini tuzishda quyidagilarga ahamiyat berishi kerak. Tut parvonasi bilan zararlangan daraxtlarning sonini aniqlash va uni himoya qilish uchun sarf qilinadigan biomahsulotlar (brakon, oltinko‘z), kimyoviy preparatlar miqdorini belgilash; ishlatiladigan traktor purkagichlarini (OVX-600) va ularni ta’mirlab may oyiga qadar ishga shay qilib qo‘yish. Shu bilan birga tut va bog‘larni ishlash uchun mo‘ljallangan traktor purkagichlariga ajratilgan moslamalarni o‘rnatib sinovdan o‘tkazish kerak.
Agrotexnik kurash usuli. Tut daraxti qator oralarini haydash, sug‘orish, ayniqsa yaxob suvi berish, o‘z muddatida oziqlantirish va boshqa tadbirlar daraxtlarning tut parvonasiga chidamliligini orttiradi va zararkunandaning rivojlanishi uchun noqulay sharoit vujudga keltiradi. Barglarning qayta o‘sib chiqishi va fiziologik jarayonlarni tezlashtirishga xizmat qiladi.
Biologik kurash usuli. Tut parvonasi mintaqada yangi hasharot bo‘lganligi sababli uning ixtisoslashgan tabiiy kushandasi hali aniqlangani yo‘q. Ammo, hammaxo‘r yirtqich kushandalar (oltinko‘z, nabis qandalasi, arilar hamda qushlarning ko‘plab turlari) ning ahamiyati juda katta. Bundan tashqari, biolaboratoriyalarda ko‘paytiriladigan trixogramma (Trichogramma sr.), brakon – (Bracon hebetor Say.) va oltinko‘z (Chrysopa carnea Steph.) kushandalaridan oqilona foydalansa bo‘ladi.
Kimyoviy kurash usuli. Tut parvonasiga qarshi kurashish maqsadida insektitsidlarni ishlatish samarali usul bo‘lishiga qaramay, uni qo‘shimcha zarurat paydo bo‘lganida qo‘llaniladigan usul deb tushunmoq lozim. Detsis, 2,5 foiz deltametrin , Dimilin, 48 foiz diflubenzuron, Karate Zeon, 5 foiz (va analoglari) lyambdatsigalotrin, Sipermetrin, 25 foiz (va analoglari) sipermetrin, Fyuri, 10 foiz zetametrin , Talstar, 10 foiz bifentrin. Nurell-D, 55 foiz (va analoglari) sipermetrin + xlorpirifos. Deltafos,36 foiz deltametrin + triazofos . БИ-58, 40 foiz (va analoglari) dimetoat . Karbofos, 50 foiz malation.
Qumqo‘rg‘on tumani O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi inspektorlari