XAFAQON VA ZAMONAVIY MEDITSINA

Abu Ali Ibn Sino o‘zining «Tib qonunlari» kitobida xafaqon kasalligini batafsil ta’riflab bergan. Kitobda xafaqon kasalligining kelib chiqish sabablari, uning belgilari va davolash usullari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berilgan. Zamonaviy meditsinadagi kasalliklar bilan solishtirsak, xafaqon kasalligi bir emas, bir necha o‘nlab kasalliklarni o‘z ichiga olgan dard ekani ma’lum bo‘ladi.

Xafaqon kasalligi – yurak to‘qimasi, asab tomirlari va ularning g‘ilofidagi kasallik bo‘lib, o‘tkazuvchi tizimdagi funktsional buzilish sifatida yuzaga chiqadi.             Xafaqonnning sabablari

Mizojning o‘zgarishi.

1) Qon xiltining o‘zgarishi:

a) miqdoriy jihatdan oshib ketishi;

b) mizojning qizishi yoki sovishi;

v) qon xiltiga ajralib chiqadigan g‘ayritabiiy savdo va safroning qo‘shilishi.

2) Balg‘am xiltining o‘zgarishi:

Balg‘am tabiiy holatda to‘qima va pardalarni yog‘lab, ularni ishqalanishdan saqlaydi. G‘ayritabiiy balg‘am ko‘payishi natijasida esa suyuqlik miqdori ortib, parda orasida siqilish yuzaga keladi, ishqalanish buzilishi natijasida ekssudativ va perikardit yuzaga chiqadi.

Safro xilti tufayli: normal holatda safro qonni suyultirib, qon tomirlarida tiqilmalar hosil bo‘lishining oldini oladi. Safro g‘ayritabiiy holatga o‘tganida esa tomirlarda yog‘li bezlar ko‘payib, tromb hosil bo‘lish xavfi oshadi.

Savdo xilti tufayli: normal holatda savdo xilti qonni pishiq qiladi, qon tomirlarni mustahkamlaydi. Savdo o‘zgarishi natijasida esa yurak-qon tomirlari o‘tkazuvchanligi buziladi, yurak mushaklari va hujayralari zaiflashib ketadi.

Yel tufayli: oshqozon va ichaklarda paydo bo‘lib, qon tomirlari orqali yurak to‘qimalariga borib qoladi. Shishlar (issiq va sovuq shishlar): Issiq shishlar abstses va yiringli jarayon bilan kechadigan holatdir. Sovuq shishlar esa yaxshi sifatli o‘sma va kistalardir. Ma`lumki, yurakda shishlar kam uchraydi. Uzluksizlikning buzilishi qon va quvvatning yurakka boradigan yo‘llari shikastlanishi bilan kechadi. Zahar ichish, zaharli hasharotlarning chaqishi, yuqumli kasalliklar hamda organizmdagi gijjalar ham xafaqon kasalligiga olib kelishi mumkin.

Hamkorlik sababli kelib chiqadigan xafaqon isitma, kuchli og‘riqlar, toshmalar, qattiq qayt qilish kabi holatlarda yuzaga chiqadi. Hamkor va qo‘shni a`zolar tufayli kelib chiqadigan xafaqon o‘pka tiqilmalari, o‘pka yallig‘lanishi, nafas yetishmovchiligi bilan kechadigan holatlarda, me`da va ichaklar tufayli, hamkor a`zolar MNS tufayli jigar va jinsiy a`zolar tufayli ham xafaqonlik kelib chiqadi.

Ibn Sinoning «Tib qonunlari» kitobida tavsiflangan xafaqon kasalligi zamonaviy meditsinadagi qaysi kasalliklarga to‘g‘ri keladi? Gipertonik kasalliklar, stenokardiya, miokardiodistrofiya, miokardit perikardit, YuIK (yurak ishemik kasalligi), aritmiya, kardiomiopatiya kasalliklari.

Xulosa: Xafaqon kasalligi bitta emas, bir necha o‘nlab kasalliklarni o‘z ichiga olar ekan. Shuning uchun bu kasallikni har bir bemorning mizoji va boshqa individual holatlarini hisobga olgan holda muolaja qilish kerak bo‘ladi.

        Abdurashid Safarov,

Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi