Hukumatimiz terrorizimga qarshi kurash bo‘yicha qaror chiqarib, fuqarolarni bu illatdan asrash, terrorchilarning qo‘poruvchilik harakatlariga qo‘shilmaslik, yurtimizni tinch va osoyishta saqlash zarurligini maqsad qilgan. Hozirgi paytda bu ezgu ishlar ahamiyatli hisoblanadi. Jahon axborot tizimida zamonaviy texnologiyalar vositalaridan foydalanilayotgan paytda terrorchilarning yovuz, keraksiz g‘oyalarini internetdan tarqatayotganligi afsuslanarli hol. Bugun sizlarga terorchilarning internetdan foydalanish yo‘llaridan biri – qo‘poruvchiliklarni rejalashtirish va boshqarish haqida ma`lumot berib ogohlantirmoqchimiz. Bunda terrorchilar o‘zlarining joylardagi hamtovoqlari bilan internet orqali terrorchi harakatlarni rejalashtirayapti. Ularning virtual to‘daboshisi masofadan turib ushbu harakatlarni boshqarayapti. Bunday yovuz niyatli kimsalarning aldoviga uchmaslik har bir yurtdoshimizning muqaddas burchi ekanligini unutmaslik kerak.
Yevropa olimlari yoshlarda diniy qarashlarning shakllanishi ko‘p jihatdan global tarmoq orqali bo‘layotganini ta`kidlashmoqda. G‘arbdagi ko‘plab musulmonlar kundalik hayotda duch kelayotgan muammolariga javob olish uchun tezkor vosita bo‘lgan internetga murojaat qilayapti. Britaniyalik musulmonlar ma`lumot olish uchun “Jamoati islomiy” harakati ta`siri ostida shakllangan veb-sahifa yoki “Musulmon birodarlar” ekstremistik tashkiloti shafeligidagi veb-sahifaga kirib, zararli matnlarni o‘qiyapti. Afg‘onistonda Tolibon harakati 2011 yilning may oyidan boshlab o‘z safiga yangi a`zolarni jalb etish, erishilgan “yutuqlar”ni ovoza qilish va zarur ma`lumotlarni e`lon qilish maqsadida dunyo bo‘ylab ommalashgan “Twitter” ijtimoiy tarmog‘idan foydalana boshlagan. Vaholangki, Tolibon harakati televizor, radio singari zamonaviy texnologiyalarni mutlaqo inkor etib, o‘z a`zolarini bulardan ehtiyot bo‘lishga qattiq buyurar edi.
Hozirda internetda tarqatilayotgan ma`lumotlarning rang-barangligi va ko‘pligidan, ularning qay biri to‘g‘ri-yu, qay biri noto‘g‘ri ekanini ajratib olish mushkul. Tarmoqda milliy mentalitetimizga mutlaqo yot mafkura va dunyoqarashni – ekstremizm, terrorizm, shovinizm, faxsh, giyohvandlik va zo‘ravonlik kabi illatlarni farzandlar qalbi va ongiga singdirishga urinayotganlar ham oz emas. Terrorchilar islom dinini niqob qilib olib, “biz islohchilarmiz”, deya, o‘zlarining vayronkor g‘oyalariga, ergashmaganlarni “adashganlar» deya, butun bir mamlakatni xonavayron qilmoqdalar. O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning «Yuksak ma`naviyat – yengilmas kuch” asarida ta`kidlanganidek, axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm g‘oyalarini tarqatish, kerak bo‘lsa, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an`ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma`naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo‘porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo‘ymaydi. Shunday ekan, zamonaviy axborot texnologiyalari, xususan, internetdan foydalanganda uning salbiy ta`siri mavjudligini har doim yodda tutmoq darkor. Zero, hushyorlik insonni muvaffaqiyatga eltuvchi eng muhim omillardan biridir. Yurtimizning tinchligi, el farovonligi uchun qo‘lga kiritilayotgan natijalardan xursand bo‘lib yashash musulmonlarning, boshqa dinlarga mansub birodarlarning burchi. Dinlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat amallarini qo‘llab, yod g‘oyalarga ishonmay yurtimizni rivojlantirsak osoyishta hayot kechiramiz.
Zokirxon Omonov,
Qumqo‘rg‘on tuman «Muxtorxon xoji» masjidi imom xatibi