“YASHIL MAKON” – YAXSHI YASHASHIMIZGA IMKON

Odamlar yashil makon bilan birgalikda hayot kechiradi. Tabiat biz uchun bebaho boylik bo‘lib, nafas oladigan havomizning musaffo, salomatligimiz uchun zararsiz holga kelishiga xizmat qiladi. Dov-daraxtlarning yana bir xususiyati biz yashayotgan tumanni qurg‘oqchilikdan asraydi. Daraxtlar va ularning shoxlariga qushlar qo‘nib qurg‘oqchilikning oldini olishga ko‘p hissa qo‘shadi. Qushlar daryo-yu, ko‘llar, ariqlar, hovuzlar va boshqa suv havzalarida cho‘milib, daraxtlar shoxlariga qo‘nadi. Patlaridagi namlar tevarak-atrofga salqinlik tarqatib bizni qurg‘oqchilikdan asraydi.

Tabiatga yovuz munosabat, daraxtlarni sababsiz kesib nobud qilish oqibatida qushlar kelmay qoladi. Yashil tabiat va qushlarning uyg‘un hayot kechirishiga qo‘yilgan sun`iy to‘siqlar odamlarga salbiy ta`sir qiladi. Ob-havo harorati ko‘tarilib jazirama issiq yuzaga keladi.

Hozir “Yashil makon” umummilliy dasturi asosida 25 oktabrdan 1 dekabrgacha “Kuzgi daraxt ekish mavsumi” e`lon qilinganligi ulkan imkoniyatni ro‘yobga chiqarishga olib keldi. Respublikamiz bo‘yicha 85 million tup ko‘chat ekiladi. Tuman hokimligi boshchiligida kuzgi daraxt ekish mavsumi tadbiri doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilayapti. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari mavsumni namunali o‘tkazish maqsadida mehnat qilmoqda. Navbahor mahallasi hududidan o‘tuvchi M-41 avtomobil yo‘li yonidagi yerni tekislash, mavjud daraxtlar va gul ko‘chatlari atrofini yumshatish, kuzgi shudgorlash ishlarini bajarayapti. Yangi ko‘chatlarni ekish uchun yer tekislandi. Nihollarni ekish uchun chuqurlar kovlanayapti. Tok ko‘chatlari ekish uchun beton to‘siqlar o‘rnatilib, sim tortish ishlari bajarilayapti. Tayyorlangan chuqurlarga mevali va manzarali ko‘chatlar ekilayapti. Keng miqyosda amalga oshirilayotgan tadbirga 100 dan ziyod ishchilar jalb etilgan. Ular belgilangan bir nechta joylarda ishlab,  atrofni begona o‘tlardan tozalash, ariqlarni qazish, ko‘chatlarni ekish uchun yerni kovlash, texnikalar kuchidan foydalangan holda sug‘orish ishlarini amalga oshirayapti. Barvaqt boshlangan ish, albatta, o‘z natijasini beradi. Tevarak-atrof obod va ko‘rkam bo‘lib, yashil tabiat yaxshi yashashimiz uchun sharoit yaratadi.

                                                                                    N. MUHAMMADIYEV