QURILISHDA YONG‘IN XAVFSIZLIK TALABLARIGA QAT`IY RIOYA ETING

Aholi turar joylarini qurish uchun yer maydonlari ajratish jarayonida yong‘inga qarshi suv hovuzini qurish uchun maydon qoldirish, yo‘llarni esa mavjud maxsus texnikalar haraktlanishi va erkin burilish imkonini beruvchi maydon qoldirilishini nazarda tutish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Yakka tartibda shaxsiy turar joylar qurish jarayonida qurilish materiallari bozorlar va qurilish mollari do‘konlaridan xarid qilinadi. Ammo ushbu materiallarga taalluqli, ularning tavsiflari hamda qo‘llanish ko‘lami ko‘rsatilgan hujjatlarni hech kim talab etmayapti. Chunki shaxsiy qurilish bo‘lgani uchun davlat nazoratidan chetda, mulkdor (uy egasi) esa tezroq uyni qurib bitkazish tashvishida bo‘lmoqda. Natijada ishlab chiqarish yoki boshqa maxsus bino va inshootlarda ishlatishga mo‘ljallangan pardozlash ashyolari oshxona, mehmonxona va hattoki yotoqxonani bezab turibdi. Ammo yong‘in vaqtida yuqori harorat ta`sirida ushbu ashyolar o‘zidan inson hayoti uchun xavfli zaharli moddalar tarqatishi va qutqaruv ishlarini qiyinlashtirishi, hattoki fuqarolar hayotiga zomin bo‘lishi ehtimoli madjud bo‘ladi.

Yong‘in sodir bo‘lishining oldini olish uchun ko‘p xonali, yirik binolarda yong‘inni payqash va avtomatik xabarlash qurilmalaridan foydalanish maqsadga muvofiq keladi. So‘nggi yillarda shaxsiy uylarini yong‘inni payqash va avtomatik xabarlash qurilmalari bilan jihozlash istagida bo‘lgan fuqarolarimiz soni kundan-kunga oshib borayotgani quvonarli holdir. Ushbu avtomatik qurilmalar zamonaviy dizaynga ega bo‘lib, sodir bo‘lgan yong‘in to‘g‘risida nafaqat tovushli xabar berish, balki tarmoq orqali xabarni maxsus xizmatlarga, hattoki uzoq masofada bo‘lsangiz-da qo‘l yoki xizmat telefoningizga ham yuborishi mumkin.

Maqolamiz yakunida biz bugungi kunda yakka tartibda shaxsiy uylar qurish niyatida bo‘lgan yurtdoshlarimizga yong‘in xavfsizligi xizmatining joylardagi organlariga murojaat qilsalar malakali mutaxassislar tomonidan tegishli maslahatlarni olishlari mumkinligi haqida eslatib qo‘yayapmiz.

             B. USMONOV,

Qumqo‘rg‘on tuman FVB normativ texnik bo‘linmasi boshlig‘i, katta leytenant.