So‘z sehrining ustalari

Tumandagi 2-maktabning faollar zalida “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” mavzusida ma`naviy-ma`rifiy tadbir amalga oshirildi. Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazining targ‘ibotchilar guruhi a`zolari, tumanimizda uzoq yillar ishlagan nuroniylar, o‘qituvchilar, o‘quvchilar avvalo maktab binosidagi namunali ko‘rgazma vositalari, kitoblar, sharlar bilan bezatilganligini ko‘rib quvondi. “Uch avlod uchrashuvi” mazmuniga ega, yoshlar uchun ibrat maktabi vazifasini bajarayotgan tadbirni Qumqo‘rg‘on tuman ma`naviyat va ma`rifiyat bo‘linmasi rahbari Shohruhmirzo Mamadiyev boshqardi. Tuman hokimi, tuman ma`naviyat va ma`rifat kengashi raisi Anvar Normamatov tadbirni ochib, bayramona kayfiyatda o‘tishi va qatnashchilar maroqli dam olishi uchun sharoitlar yaratilganligi haqida gapirdi.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Ma`naviy hayot” jurnali bosh muharriri Eshqobil Shukurovga so‘zlash navbati berildi. U shunday dedi: “Qumqo‘rg‘onga kelganimda katta hayajonni his qilaman. Chunki bu yerda tug‘ilganman, o‘sganman, siz yoshlardek maktabda o‘qiganman. Dunyo shiddat bilan o‘zgarayapti, qadriyatlarimizni saqlab qolish kerak. Bobolardan, momalardan qolgan qadriyatlar sizlarga o‘tadi. Yurtboshimiz “Ta`lim, ta`lim, ta`lim” so‘zini ko‘p marta aytdi. Ta`lim o‘rganish kerak. Yoshlarga nisbatan istaklarini, tilaklarini bildirayapti. Bilim o‘rgangan hamma joyda yaxshi obro‘-e`tibor topadi. Koreya davlatida Qumqo‘rg‘onlik yurtdoshimiz ingliz tilini o‘rgatayotgan ekan. U bilan suhbatlashdik. Tumandoshimizning bilim o‘rganib uzoq yurtda e`tibor topgani yaxshi-da. Siz yoshlar bilim o‘rganib yaxshi kasb egasi bo‘lib Qumqo‘rg‘onning sha`nini ko‘tarishingiz kerak.” Shoir o‘z ijodidan mazmunli she`r o‘qiganini ham tomoshabinlar xursand kutib oldi.

“Ma`rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a`zosi, taniqli san`atkor Oygul Abdurahmonova mohir so‘z ustasi ekanligi bilan tumandoshlarimizni mamnun qildi. U yuzi nurli, yurganida mushki anbar taralib turadigan nuroniylar, deya gapini boshladi. Vatanni ona allasiga, poyimizdagi tuproqqa, ota-onalarning ibratli tarbiyasiga o‘xshatdi. Yurtboshimizning iqtiboslari haqida gapirib, niyati xolis insonning kelajagi porloq bo‘ladi, bizning o‘zbeklardek madaniyat, muomala, tarbiya hech qayerda yo‘q dedi. O‘qigan insonning madaniyati namunali bo‘ladi. Ota-onalar farzandim o‘qisin deb sharoitlarni yaratishi kerak. Taniqli san`atkor men  “Hidoyat sari” jurnalini qoldirmasdan o‘qiyman deya bir hikoyani aytib berdi. Farzandlarning keksalarga namunali munosabatini o‘rgatdi.

Xalqimiz “Baxshili el – yaxshi el” deganidek Xo‘jamulki mahallasida yashovchi, 20-sonli musiqa va san`at maktabida yoshlarga uztozlik qilayotgan Sodiq baxshi Mardonaqulov do‘mbira kuylarini chalib, baxshichilik san`atini namoyish qildi. “Alpomish” dostonini ijro etdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Surxondaryo viliyat bo‘limi rahbari Mengnor Ollamurodov yoshlar ijodiga e`tibor, tuman rahbarlarining yosh iste`dodlarni qo‘llab-quvvatlashidagi namunasi, bilim o‘rganish zarurligi, ilmli odam, kitob o‘qigan inson hayotdan o‘z o‘rnini topishi haqida gapirdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 2-maktab direktori Salim Saidovga maktab kutubxonasi uchun, faol o‘quvchiga taniqli shoir Rauf Parfi, nuroniy Fayzi Mamatmurodovga, tuman hokimi Anvar Normamatovga  kitoblarini sovg‘a qildi. Tuman hokimligi namunali ma`naviyat-ma`rifat tadbirida faol qatnashgan mehmonlarga milliy to‘nlar, do‘ppilar, esdalik sovg‘alarini topshirdi.

    N. MUHAMMADIYEV