Xalqimiz orasida “Qarisi bor uyning parisi bor” degan gap yuradi. Haqiqatan ham keksalar oilamizning, mahallamizning fayzi hisoblanadi. Keksalari bor uydagi farzandlar tarbiyali, ma`naviyatli bo‘lib ulg‘ayadi. Erta tongda uyg‘onganimizda, davralarda, turli tadbirlarda qo‘llarini duoga ochib zamonamiz tinchligini, xalqimiz farovonligini, vatanimiz osoyishtaligini tilaydilar.
Ana shunday insonlardan biri tumanimizdagi “Joziba” mahallasida yashovchi Ahmad bobo Yusupovdir. U 1939-yil oktabr oyida tug‘ilgan. Urush va urushdan keyingi qiyinchiliklarni boshidan kechirib, tiklanish davri ishlarida ishtirok etgan. Voyaga etganda Buxoro shahridagi savdo koperativ dorilfununini imtiyozli diplom bilan tugatib, ko‘p yil savdo tashlilotlarida turli lavozimlarda mehnat qilib xalqimizga xizmat qildi. “O‘zbekiston Respublikasi savdo xizmati a`lochisi” ko‘krak nishoni sohibi bo‘ldi. Turmush o‘rtig‘i bilan 5 nafar o‘gil, 5 qiz farzandlarini xalqqa fidoiylik bilan xizmat qiladigan, mehnatsevar fazilatli sifatda kamolga etkazdi. O‘zi oilasida mehribon ota, mahallasida mehr-oqibatli insondir. Mahallada o‘z o‘rni bor, yoshlarimizni ajdodlarimizning boy ma`naviy merosi bilan tarbiyalashda o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Ajdodlarimizning o‘lmas meroslaridan misol keltirib ularning dunyoqarashini rivojlantirmoqda. Eshitsangiz ajdodlar ma`naviyatini saqlab kelayotgan “xazina” degan xayolga borasiz. Undan nimanidir o‘rgangingiz keladi.
Ahmad bobo 84 yoshni, ya`ni ming oyga teng umrini nishonlab mahalladoshlari, qavm-u qarindoshlari, do‘stlari davrasida dasturxon yozib “Shukronalik baxti”ni baham ko‘rdi. Shu kunga etgani uchun shukrona aytib, xalqimizga tinchlik-totuvlik, farovonlik, vatanimiz osmoniga beg‘uborlik, hurmatli Prezidentimizning sa`y-harakatlariga zafar tilab duo qilmoqda. Mahalladoshlari u kishi bilan faxrlanib, “Shukronalik baxti” munosabati bilan tabriklab, mahallasida chinor bo‘lib yurishi, farzandlari, nevara-yu chevaralari baxt-u saodatini, kamolini ko‘rib yurish nasib etishini tilayapti.
Dildagi mehringiz bo‘lmasin ado,
Oltin boshingizni asrasin xudo.
Nurli ko‘zlaringiz quvonchga to‘lsin,
Tavallud kuningiz muborak bo‘lsin.
T. JO‘RAYEV,
mahalla faoli