Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning burchimiz

Jamiyatda shunday illatlar borki, u ma`lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladi. Davlatni ich-ichidan yemiradigan ana shunday illat korrupsiya va poraxo‘rlikdir. Aynan shu illat sababli ko‘plab davlatlarning inqirozga yuz tutgani ham tarixdan ma`lum.

Taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko‘rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavfli. Umuman olganda, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar tahlili aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rilganini ko‘rsatib turibdi. Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta`minlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi. Albatta, bajarilgan ishlar salmoqli, ammo biz kechagi qilgan ishimizning natijasiga mahliyo bo‘lib qolsak ertangi ishimizning yakuni biz kutganchalik bo‘lmasligi tabiiy. Shundan kelib chiqqan holda iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish muhim ahamiyatga ega. Bu korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha yangi tizimli choralar ko‘rilishini taqozo qilmoqda. Prezidentimiz tomonidan imzolangan yangi farmonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish borasida chora-tadbirlari belgilanganligi ham ayni shu maqsadni ko‘zlagani bilan ahamiyatli hisoblanadi.

Korrupsiya shunday illatki, uni bir yoki ikki idoraning sa`y-harakati bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamiyat unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizlarini yo‘q qilishga kirishilsagina ijobiy natijaga erishish mumkin. Farmonning tub mohiyatiga e`tibor qaratadigan bo‘lsak, korrupsiyaga qarshi nafaqat huquqni muhoza qiluvchi idoralar va davlat tashkilotlari, balki jamoatchilik nazorati instituti imkoniyatidan ham keng foydalanish belgilab qo‘yilganini ko‘rishimiz mumkin. Birinchidan, farmonda jamoatchilik nazoratini olib borishda muhim o‘rin tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish alohida belgilangan. Ikkinchidan, joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holatini kompleks o‘rganish va mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlab borish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalarini tashkil etish tavsiya qilinmoqda. Uchinchidan, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish, ushbu sohadagi qonunbuzilish holatlari yuzasidan xabar bergan shaxslarni himoya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish ta`kidlangan.To‘rtinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining chinakam erkinligini ta`minlash va ularni korrupsiyaga qarshi choralarni tayyorlash, o‘tkazishda va ijrosini monitoring qilishda ishtirok etishga jalb qilish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, farmonda davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirib borish, ularda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish vazifasi belgilab berildi. Bu norma, albatta, har bir mansabdor shaxsdan xulosa chiqarishni talab etadi. Vaholanki, bugun har bir davlat xizmatchisi va huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari xodimlarining fe`l-atvoriga O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga bo‘ysunish va ularni hurmat qilish odobini singdirib borish o‘ta muhim vazifadir. Farmonda nazarda tutilganidek, jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilayotgan hozirgi davrda mansabdor shaxslarning huquqiy bilimi va madaniyati darajasiga nisbatan alohida talablar ishlab chiqish, qonunlarga hurmatsizlik qilgan mansabdor shaxslar to‘g‘risida asoslantirilgan ko‘rsatuvlar, eshittirishlar tashkil qilish, maqolalar chop etish, ularning qilmishi noto‘g‘ri ekanligini ta’sirchan vositalar orqali ko‘rsatib berish, albatta, o‘z samarasini beradi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi jamiyatda adolatni ta`minlashda korrupsiyaga qarshi kurashni o‘zining ustuvor maqsadlaridan deb biladi. Shu bois partiya saylovoldi dasturida korrupsiyaga qarshi kurash masalasiga alohida e`tibor qaratilgan. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashning ustuvor vositasi sifatida davlat organlari va tashkilotlarining hisobdorligi hamda faoliyatining shaffofligini oshirish ko‘zda tutilgan. Prezidentimiz tomonidan imzolangan mazkur farmon bilan partiyamizning yuqoridagi g‘oyalari hamohangligi biz uchun ahamiyatli bo‘lib, ayni vaqtda farmonda belgilangan vazifalarni hayotga samarali tatbiq etish bo‘yicha mas`uliyat ham yuklaydi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon jamiyatda adolatlilik g‘oyasi, barchaning qonun oldida tengligi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim hujjat hisoblanadi. Adolat ustuvor bo‘lgan mamlakatda esa taraqqiyot, xalq farovonligi, islohotlar samarasi ta`minlanadi.

               O‘. OQMURODOV,

Qumqo‘rg‘on tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, Profilaktika va nazorat bo‘linmasi boshlig‘i, mayor