Poyezdlarga yo‘l bergandan so‘ng temir yo‘lni kesib o‘tish kerak!

Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq, transport vositalarining haydovchilari temir yo‘llarni faqat temir yo‘l kesishmalari orqali poyezd (lokomotiv, drezina)larga yo‘l berib kesib o‘tishlari lozim.

Quyidagi hollarda temir yo‘l kesishmasiga kirish taqiqlanadi:

svetofor ishorasidan qat`iy nazar, shlagbaum yopiq turgan yoki yopila boshlagan holatda, kesishmani to‘suvchi qurilma ko‘tarilib turgan yoki ko‘tarila boshlagan holatda;

shlagbaumning holatidan va bor-yo‘qligidan qat`iy nazar svetoforning taqiqlovchi ishorasida;

kesishma navbatchisining taqiqlovchi ishorasida (navbatchi haydovchiga oldi yoki orqasi bilan turib jezlni, qizil chiroq yoki bayroqchani yuqoriga ko‘tarib tursa yoki qo‘llarini yonga uzatsa);

agar kesishmadan keyin, haydovchini kesishmada to‘xtashga majbur qiladigan tirbandlik paydo bo‘lsa;

agar ko‘rinish chegarasidagi masofada kesishmaga poyezd (lokomotiv, drezina) yaqinlashayotgan bo‘lsa.

                                                                                                                           Sh. Mirzayev.

                                               Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

   Mualliflik huquqining amal qilish muddati qancha?

Mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi, ushbu moddada va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Hammualliflikda yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi hammualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr ko‘rgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.

Taxallus ostida yoki imzosiz qonuniy oshkor qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar oshkor qilinganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi. Agar ko‘rsatilgan muddat ichida taxallus ostidagi yoki imzosiz asar muallifi o‘z shaxsini ma’lum qilsa yoki bundan buyon uning shaxsi shubhaga o‘rin qoldirmasa, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlar qo‘llaniladi.

Muallifning vafotidan keyin birinchi marta e’lon qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar e’lon qilinganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.

Mualliflik huquqi, mualliflik ismi-sharifiga bo‘lgan huquq va muallif obro‘sini himoya qilish huquqi muddatsiz muhofaza qilinadi.

                                                                                                                      B. Mustafaqulov,

                                              Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

O‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan nufuzli xalqaro

 olimpiadalar g‘oliblariga har oy ustamalar to‘lanadi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, o‘tkazish hamda xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash va g‘oliblarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, Ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foiz miqdorida ustama haqi to‘lanishi belgilangan.

Bunda: ustamalar nufuzli xalqaro olimpiadalar va asosiy olimpiadalar o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha aynan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan fanidan dars berayotgan olimpiada g‘olibiga beriladi;

ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan nufuzli xalqaro olimpiadalar va asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari tomonidan g‘oliblikni tasdiqlovchi hujjat yoki sertifikat taqdim qilinadi.

                                                                                                                                Q. Ulug‘ov,

                                               Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

 Nogironligi bo‘lgan shaxslar imtiyozli shartlar asosida

              ijtimoiy uy-joy olish huquqiga ega

O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari tomonidan uy-joy olishga yoki uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish ro‘yxatlarini shakllantirish chog‘ida nogironligi bo‘lgan shaxslar va o‘z tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilalar alohida ro‘yxatga kiritiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uy-joy qurilishi bo‘yicha davlat dasturlari va maxsus dasturlar doirasida imtiyozli shartlar asosida uy-joy va imtiyozli ipoteka krediti olish huquqiga ega.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning va o‘z tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilalarning elektron onlayn-autsionlar vositasida yer uchastkalarini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarining o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda qoplanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga uy-joyni taqsimlashda imkoniyatga qarab, obyektlar va xizmatlarning qulayligi prinsipiga rioya etilgan holda, ish joyiga, tibbiyot va reabilitatsiya muassasalariga yaqin bo‘lgan uy-joy beriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat uy-joy fondining ko‘p kvartirali uylaridagi turar joylar ularning xohishiga ko‘ra pastki qavatlardan berilishi mumkin. Yuqori qavatlardagi kvartiralarga ega bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘sh turar joylar mavjud bo‘lgan taqdirda ularni pastki qavatlarda joylashgan turar joylarga almashtirishga haqli.

   Nogironligi bo‘lgan shaxslar imtiyozli shartlar asosida ijtimoiy uy-joy olish huquqiga ega.

                                                                                                                              Sh.Tilovov,

                                                Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi sho‘basi boshlig‘i

                 Reklamada nimalar taqiqlanadi?

O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan reklamada quyidagilar taqiqlanadi:

maktabgacha ta’limda hamda tarbiyada, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’limda foydalaniladigan bosma nashrlarda (darsliklarda, maktab kundaliklarida, maktab daftarlarida va boshqalarda) tovarlarni reklama qilish;

narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish;

bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko‘rsatmasdan reklama qilish;

milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish.

Qonunga muvofiq, voyaga yetmaganlarning ishonchini va tajribasi yetishmasligini suiiste’mol qilishdan himoya etish maqsadida reklamada, jumladan, quyidagilar taqiqlanadi:

xavfli vaziyatlarda, shu bilan birga ularning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan o‘z sog‘ligiga zarar yetkazishga undovchi vaziyatlarda voyaga yetmaganlarni namoyish etishdan foydalanish;

ota-onalar va tarbiyachilarni obro‘sizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazish;

voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan telekanallarda, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish.

Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi.

                                                                                                                             X. Nuraliyev,

                                              Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

O‘zganing mol-mulkini talon-taroj qilganlik uchun qanday

                      javobgarlik belgilangan?

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 167-moddasiga muvofiq, aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi:

Aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha harakat: a) ko‘p miqdorda; b) takroran yoki xavfli residivist tomonidan; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; g) mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakat: a) juda ko‘p miqdorda; b) o‘ta xavfli residivist tomonidan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab; g) kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi.

                                                                                                                                  U. Aripov,

                                              Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

Tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qulaylik yaratiladi

Hukumat qarori (538-son, 13.10.2023y.) bilan “Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimida hunarmandchilik faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha hunarmandchilik sub’ektlari hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida ariza beruvchilar xohishiga ko‘ra “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini “Hunarmand” uyushmasiga kompozit usulda yuborish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, “Hunarmand” uyushmasiga hunarmandchilik sub’ektlari hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida ariza beruvchilarning “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lish haqida Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali berilgan arizalarini qabul qilish va natijasini mazkur tizim orqali yuborish yo‘lga qo‘yiladi.

                                                                                                                       O‘tkir Shaymanov,

                               Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi