Yangi qurilayotgan bino va inshootlarda yong‘in xavfsizligi qoidalari

Mamlakatimizda bir-biridan hashamatli, chiroyli binolar, yashash xonadonlari hamda namunaviy   loyihalar asosida qurilayotgan uy-joy massivlarini ko‘rib havas qilasiz. Ammo bir-biriga yaqin, yondosh ayrim binolarning oralig‘idagi yong‘inga qarshi masofalari, yo‘llar, xavfsizlik qoidalariga amal qilinmasdan qurilganligi achinarli hol. Me`yoriy ta`lablariga zid ravishda qurilayotgan uylardagi yong‘in chiqishiga sabab bo‘luvchi holatlarni ko‘rib, kishida hayrat hissi uyg‘onadi. Chunki ko‘p qavatli binolarning isitish tizimida, shahar va tuman chetidagi yashash uylarida yong‘inga qarshi oraliq masofa qoldirilmaganligi, xonalardagi isitish pechlari, dudburonlarning yong‘in xavfsizligi me`yor va qoidalari talablariga mos kelmasligi,  ya`ni noto‘g‘ri qurilganligi, havo tortish yo‘llarining yo‘qligi singari omillar vaqti kelib uy egasini ayanchli ko‘ngilsizliklarga olib kelishi hech kimning xayoliga kelmaydi.

Agar biron kishi yoki Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari bu kamchiliklarni aytib, yong‘in chiqishi mumkin desa, fuqarolarning ularga noto‘g‘i muomala qilmang, yaxshi niyat qiling, deya dashnom berishi odat bo‘lib qolgan. Uylar o‘rtasidagi yong‘inga qarshi devor to‘siqlarning yo‘qligi sababli bir xonadonda yong‘in sodir bo‘lsa qo‘shni xonadonlarga ham o‘tib mol-mulkka ko‘p miqdorda zarar yetkazishiga, fuqarolarning salomatligiga xavf to‘g‘dirishiga sabab bo‘lmoqda.

Bandixon tumanida bir qator binolarda qayta ta`mirlash hamda yangi qurilish ishlari olib borilmoqda. Bunda Bandixon tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari qurilish ishlari bo‘yicha mas`ul xodimlari bilan birgalikda bir qator ishlarni amalga oshirayapti. Ta`mirlash ishlari maydonlari yonuvchi chiqindilardan har doim tozalanishi, qo‘lbola elektr isitish anjomlaridan foydalanish taqiqlanishi, elektr tarmog‘i saqlagichlariga qo‘lbola simlar o‘rnatilmaganligi, ochiq olovdan foydalanishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi, taqiqlangan joylarda tamaki chekilmasligi va binolardan chiqishda elektr tarmoqlari o‘chirilishi, kislorod ballonlar, bo‘yoqlar, korbit, taxta materiallari birga saqlanishiga yo‘l qo‘yilmasligi, qurilish hovlisida bolalar o‘ynab yurishlari man etilishi, qurilish maydonlari yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlanganligi, elektr-gaz payvandlash ishlari paytida yong‘indan saqlash postlari qo‘yilganligi qattiq nazoratga olinganligi va kelgusida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishi to‘g‘risida targ‘ibot materiallari tayyorlanib ko‘rinarli joylarga o‘rnatib chiqildi.

Qurilishda asosan QMQ va SHNQ kishilar sog‘lig‘i va xavfsizligiga, atrof-muhit muhofazasiga yo‘naltirilgan majburiy talablarni: miqdor-reja qarorlariga, bino va inshootlarning muhandislik asbob-uskunalariga bo‘lgan talablarni, shu bilan birga buyurtmachi va iste`molchi tarkibining kengaytirilishi, binolar maydonlarini oshirilishi, muhandislik asbob-uskunalari bilan jihozlash hisobiga qulaylikka  erishishga ayrim ko‘rsatkichlarni tarkibiga oladi. Shu jumladan, har bir yangi qurilayotgan bino har tomonlama xavfsizlik talabiga javob berishi lozim. Mazkur qoidalarga to‘la amal qilingan holdagina mustahkam, mukammal va albatta, xavfsiz binolar quriladi. Bu esa yong‘in xavfini bartaraf etish yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lib xizmat qiladi.

                                                         A. TOSHTEMIROV,

      Bandixon tumani FVB boshlig‘i o‘rinbosari, kapitan