TO‘LOVDA QOBILIYATSIZLIKNI SOG‘LOM HOLGA KELTIRISH

Asosiy maqsad shundaki, iqtisodiy nochor korxonalar va tadbirkorlik sub‘yektlarini moliyaviy inqiroz holatidan olib chiqish, ular faoliyatini qayta tiklash hamda sog‘lomlashtirishdir. Ushbu qonun iqtisodiy nochor korxonalarning to‘lov qobiliyatini tiklash bo‘yicha Jahon bankining «Biznes yuritish» bo‘yicha reytingida mamlakatimizning munosib o‘rin egallashiga huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ilgari, bankrotlikning sog’lomlashtirish taomillari, xususan, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv taomillari qo‘llanilganda rag‘batlantiruvchi normalar mavjud emas edi. Shuningdek, kreditorlarning qarzlari qoplanish darajasi pastligi va bankrotlik jarayonlari muddati uzoq davom etishi oqibatida ko‘p xarajat sarf bo‘lishi hamda qarzdor tuzgan bitimlarni bajarishdan bosh tortish hamda uni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha aniq normalar nazarda tutilmagan edi. Bundan tashqari, amaliyotda mol-mulki yetmasdan qoplanmay qolgan qarz mablag‘larini qarzdorning mansabdor shaxslaridan subsidiar yoki solidar tartibda undirish tartiblari belgilanmagan edi.

Qonunga qarzdorni boshqaruvchi shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlari oqibatida kreditorlarning talablarini to‘liq qoplanishini imkonsiz qilib qo‘ygan shaxslar qarzdorning qoplanmay qolgan majburiyatlari bo‘yicha sud qaroriga asosan subsidiar javobgar bo‘lishi qoidasi kiritilgan. To‘lovga qobiliyatsizlik – sud tomonidan e‘tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘la hajmda bajarishga qodir bo‘lmagan jismoniy va yuridik shaxs tushunilishi qayd etildi. To‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari: vaqtincha to‘lovga qobiliyatsizlik – majburiyatni 3 oyda bajara olmaslik, doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik – sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketishidan iborat. To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish qarzdor va kreditor sudga murojaat etish huquqiga ega bo‘lgan shaxsning (organning) arizasi asosida qarzdor yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tgan joydagi, shuningdek, qarzdor jismoniy shaxs va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorning yashash joyidagi sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha sud tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan. To‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari aniqlangan taqdirda davlat soliq xizmati, davlat statistika organlari vakolatli davlat organiga ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan korxonalar haqidagi ma`lumotlarni taqdim etishi shart. To‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qo‘llanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini kreditorlar yig‘ilishi yoki kreditorlar qo‘mitasi himoya qiladi. Qarzdor soliqlar va yig’imlar bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning o‘zi, davlat soliq xizmati organlari, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan va (yoki) pul majburiyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi oldida qarzi bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari ega. To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishda davlat tomonidan vakolatli organ bo‘lib Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qatnashadi.

To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish sud majlisida qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e‘tiboran 2 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi va ishni ko‘rish alohida hollarda 1 oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud hujjatlari darhol ijro etiladi. Sud qarzdorga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizani ish yuritishga qabul qilib olgan kundan e`tiboran kreditorlar qarzdorga o‘z talablarini yakka tartibda qanoatlantirish maqsadida murojaat qilishga haqli emas. Qarzdorni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish  12 oydan 24 oygacha muddatga joriy etiladi. Davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish tartib-taomili uning samarasizligi aniqlanganligi munosabati bilan bekor qilinishi mumkin.

 Qonunda to‘lovga qobiliyatsizlikning sog‘lomlashtirish taomillarini o‘tkazish jarayonida vujudga kelgan joriy soliq to‘lovlarini hisoblashni to‘xtatib turish va jarayon muddati yakunlangandan so‘ng to‘lash, qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash maqsadida tijorat banklari, moliya tashkilotlari va boshqa manbalarning mablag‘larini jalb etish hamda sog‘lomlashtirish rejalarida oldindan qarzdorlikning qancha qismini qoplashni ko‘zda tutish kabi tartiblar o‘z aksini topgan.

        A.             XOLMUMINOV,

Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi raisi