Milliy kurash an`anasi huzur bag‘ishladi

Alpomish sport majmuasida Navro‘z – umumxalq bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan milliy kurash musobaqasi muxlislar uchun qiziqarli va maroqli bo‘ldi. Tumanimizda milliy kurash musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha katta tajriba to‘plagan bakovullar polvonlarni yashil maydonga chorladi. Ular milliy kurashga qiziquvchi yurtdoshlarimizning kurashishi uchun etarlicha sharoitlarni yaratdi.

Dastlab an`anaga ko‘ra yosh polvonlar sport kiyimlarida davraga chiqdi. Ular yosh bo‘lsa-da kurash usullarini yaxshi o‘rganganligini amalda ko‘rsatib, g‘oliblik uchun astoydil intildi. Abjirlik bilan tengdoshlarini yengan yosh polvonlar mukofotlarini oldi. Yirik musobaqalarda qatnashib, g‘olib va sovrindor bo‘ladigan polvonlar mana shunday davralarda voyaga yetadi. Bakovullar navbat bilan o‘smirlar, yoshi katta, taniqli polvonlarning kurashishi uchun ruxsat berdi. Har bir juftlik musobaqasi halol, tartibli o‘tishini nazorat qilishdi. Tuman hokimligi, homiylar milliy urf-odatlarimiz asosida polvonlar uchun tuya, ot, ho‘kiz, gilam, serviz, pul mukofotlarini ajratdi. Bu kurashning yanada qizg‘in o‘tishiga munosib hissa qo‘shdi.

Navro‘z bayrami – xursandchilik kunida tashkil etilgan kurash musobaqasiga timanimizning ko‘p polvonlari qatorida viloyatimiz tumanlaridan, Qashqadaryo va Andijon viloyatlaridan, Tojikistondan ham kuchli polvonlar keldi. Qumqo‘rg‘on tumani polvonlari jismonan va ma`nan puxta tayyorgarlikka egaligini ko‘p marta amalda ko‘satdi. Tumandoshlarimiz Azizbek polvon, Maqsud polvon, Jasur polvon, O‘rozali polvon, Shoxruh polvon, Sarvar polvon o‘zi bilan kurashgan polvonlarning kuragini yerga tekizib g‘olib chiqdi. Tashkilotchilar ularga yutuqlari uchun sovrinlarini berdi. Qashqadaryodan kelgan Beknazar polvon va Uzun tumanidan Rustam polvon, Jarqo‘rg‘on tumanidan Shermuhammad polvon va Sariosiyodan Xokizor polvon, Sho‘rchidan Ziyo polvon va Sariosiyodan Muhiddin polvon, Andijon viloyatidan Azamat polvon va Sho‘rchidan Jasur polvon, Sariosiyodan Bobosher polvon va Sho‘rchidan Muzaffar polvon o‘zaro kurashib, muxlislarni quvontirdi. Bu juftliklarda Rustam, Ziyo, Shermuhammad, Jasur, Bobosher polvonlar kuchli ekanligini ko‘rsatib yengdi. Rustam polvonga ot, Ziyo polvonga ho‘kiz, Shermuhammad polvonga qo‘y, Bobosher polvonga  pul va qo‘shimcha mukofotlar topshirildi. Kurash muxlislari qit`a va jahon miqyosida bo‘lgan musobaqalarning qatnashchisi va g‘olibi Bekmurod polvon va Markaziy Osiyoda tanilgan Zohid polvon o‘rtasidagi milliy kurashni orziqib tomosha qildi. Uzoq vaqt davom etgan musobaqada Bekmurod polvon g‘olib chiqib tuman hokimi qo‘ygan bosh sovrin nor tuyaga ega bo‘ldi.

Qizlar o‘rtasidagi kurashlarda Dilnoza, Munisa, Nafosat, Sabina kabi umidli yoshlar qatnashdi. Munisa va Nafosat g‘olibligi uchun pul sovrini bilan taqdirlandi. Respublika va qit`a miqyosidagi musobaqalarda yaxshi tanilgan Yulduz polvonga da`vogar polvon davraga chiqmadi. Shuning uchun an`ana bo‘yicha Yulduz polvonga qo‘y sovrini berlidi.

Bu milliy kurash musobaqasining yana bir quvonchli tomoni shundaki, kurashga qiziquvchi rahbarlar, fermerlar, bakovullar ham o‘z sovrinlarini ayamadi. Respublika milliy gvardiya vakili, “Mirza Olim”, “Bilol Temir” fermer xo‘jaliklari rahbarlari, Al-Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan an`anaviy xalqaro turnirdagi kattalar o‘rtasida jahon chempionatining kumush medali sovrindori va uning shogirdlari oliyhimmatliligini ko‘rsatib g‘olib polvonlarga mukofotlarini berdi. Navro‘z bayramida an`anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan milliy kurash musobaqasi yodda qoladigan tavsilotlari ko‘p holda o‘tdi.

    N. MUHAMMADIYEV